Deputatlar chiqindi xizmatlari uchun yangi toʻlov mexanizmi joriy etishmoqchi

12:26 24 Dekabr 2024 Siyosat
213 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari sohasida yangi toʻlov mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi. Ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilgan loyiha ishchi guruh yigʻilishlarida vazirlik va idoralar vakillari, huquqshunoslar va ekspertlar tomonidan atroflicha tahlil qilindi. Qonun loyihasi inson manfaatlarini ustuvor etish tamoyili asosida takomillashtirildi.

Qonun loyihasida isteʼmolchilarga chiqindi xizmati uchun qarzdorlikni bartaraf etish imkoniyati yaratish boʻyicha muhim meʼyorlar belgilandi. Bunda qarzdorlik yuzasidan isteʼmolchilarga qisqa xabar (SMS) orqali maʼlumot berilgandan soʻng, besh kunlik muddat berilishi nazarda tutilgan. Agar bu muddat ichida qarzdorlik bartaraf etilmasa, elektr energiyasi uchun toʻlovlarni qabul qilish vaqtincha cheklanishi mumkin.

Isteʼmolchilarning huquqlari qonuniy kafolatlanib, chiqindi olib chiqishga ixtisoslashgan tashkilotlar toʻlovlarni adolatli hisoblash uchun javobgar etib belgilandi. Agar tashkilotlar tomonidan talablar buzilsa, isteʼmolchilarga yetkazilgan zarar qoplanishi kerak boʻladi. Shu bilan birga, xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar xizmat sifati boʻyicha hisobdorlikni taʼminlashi zarur.

Qonun loyihasi chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan. Bu mexanizm nafaqat xizmatlar koʻrsatishning samaradorligini taʼminlaydi, balki aholi uchun qulayliklarni oshiradi. Ushbu islohotlar orqali chiqindilarni qayta ishlash va ekologik sof muhit yaratishga ham hissa qoʻshiladi.

Deputatlar tomonidan qonun loyihasi uchinchi oʻqishda maʼqullandi. “Mazkur qonun loyihasi aholi manfaatlarini himoya qilish, chiqindi xizmatlari sohasini rivojlantirish va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar faoliyatini yanada shaffoflashtirishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер