Deputat B. Artikov: Qonunchilik palatasi faoliyatida yangi amaliyot joriy etilishi kutilmoqda
“Mamlaktimizda shiddat bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini ta’minlashda qonun hujjatlarini takomillashtirib, yangicha ish uslubini joriy etish ko‘zlangan maqsadlarga erishishning muhim sharti hisoblanadi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Bekzod Artikov. — Shunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida Qonunchilik palatasi va uning qo‘mitalarida qonun loyihalarini ko‘rib chiqish amaliyotini takomillashtirish masalalari o‘rganib chiqildi.
Uning ta’kidlashicha, amaldagi qonunchiligimizga muvofiq ikkinchi o‘qishda qonun loyihalari bo‘yicha ovoz berish moddama-modda o‘tkazilishi belgilangan. Biroq, amaliyotda ayrim qonun loyihasining moddalari bo‘yicha barcha fraksiyalar, deputatlik guruhlari yakdil fikrda bo‘lishadi. Bu esa, o‘z-o‘zidan ularni moddama-modda muhokamadan o‘tkazish tizimini samarasiz ekanligini ko‘rsatmoqda. Qolaversa, faoliyatning bunday tartibi deputatlarning Qonunchilik palatasining yalpi majlislarida qonun loyihalarini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqishda Reglamentda belgilangan rasmiyatchilik uchungina ortiqcha vaqt sarflashiga olib keladi.
Artikovning aytishicha, o‘tgan yilning dekabr oyida Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilgan Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslar jami 1 097 moddani o‘z ichiga olgan bo‘lib, ularga moddama-modda ovoz berish uchun 12 soatdan ortiq vaqt sarflangan.
Deputatlar tomonidan qonun loyihalarini ko‘rib chiqishni takomillashtirishda navbatdagi dolzarb masalalardan biri sifatida Qonunchilik palatasi qo‘mitalari tomonidan qonunchilikda qonun loyihalarini ko‘rib chiqishni aniq tartibining belgilanmaganligi qayd etilib, uni takomillashtirish lozimligi e’tirof etildi.
Bu borada xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganilganda, aksariyat davlatlarda, xususan, Fransiya, Kanada, Portugaliya, Janubiy Koreya, Turkiya parlamentlari reglamentlarida qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda nafaqat moddama-modda, balki bobma-bob yoki bo‘limlar bo‘yicha ko‘rib chiqilishi mumkinligi mustahkamlab qo‘yilganligi, deputatlar qonun loyihasining ishlab chiqilganlik darajasiga qarab ovoz berish shaklini o‘zlari tanlashi ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, mazkur mamlakatlarda qonun loyihalarini qo‘mitalarda ko‘rib chiqish tartibi ham aniq belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra qonun loyihalari qo‘mita majlislarida moddama-modda muhokama qilinadi.
Shunga muvofiq, Qonunchilik palatasida qonun loyihalarini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish va ovoz berish tartibini zamon talablari asosida takomillashtirish hamda vaqt va resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida bir guruh deputatlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyorlandi.
Unga ko‘ra, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish va ovoz berish, qoida tariqasida, moddama-modda, Qonunchilik palatasining qaroriga muvofiq esa, bobma-bob yoki bo‘limlar bo‘yicha o‘tkazilishi mumkinligi; birinchi o‘qishga tayyorlashda qo‘mitalar tomonidan qonun loyihasi konseputal tarzda ko‘rib chiqilishi, ikkinchi o‘qishga tayyorlashda esa moddama-modda ko‘rib chiqilishi; qo‘mita majlislarida bayonnoma yuritish va uni, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytiga joylashtirish tartibini joriy etish nazarda tutilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda nutq so‘zladi.
- Nodavlat oliy taʼlim muassasalari ustav fondini kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart – Vazirlar Mahkamasi qarori
- “Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi
- Yetakchilar “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga bordi
- “Xalq soʻzi” bo'lim muharriri “Oltin qalam” mukofoti sohibi boʻldi
- Xiva shahrida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli yakunlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring