«Debat Xoll» — munozara va muhokamalar markazi

19:11 27 Sentyabr 2024 Jamiyat
525 0

Saylov demokratik davlatchilikning yorqin namunasi, fuqarolarimizning saylash va saylanish, davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirish bilan bog‘liq konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqaradi.

Poytaxtimiz markazida tashkil etilgan “Debat Xoll” media markazi ayni jarayonlarni yoritishda yagona maydon vazifasini o‘taydi, desak, ayni haqiqat.

“Debat Xoll” — Milliy media birlashmasi va Xalqaro press-klub tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik doirasida ochiq siyosiy munozaralar va debatlar o‘tkazish uchun tashkil etilgan axborot markazidir.

Ta’kidlash joizki, saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar hamda deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotiga, asosan, ularni bir joyga jamlab, chinakam siyosiy debatga zamin yaratuvchi ushbu markazda barcha qulaylik yaratilgan.

Bugun ushbu markazning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda parlament a’zolari, Markaziy saylov komissiyasi vakillari, Milliy media birlashmasi va Jurnalistlar uyushmasi mutasaddilari, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi. 

Markaz ochilishidan so‘ng, “Debat Xoll”da saylovda ishtirok etadigan siyosiy partiyalarning raislari o‘rtasida birinchi debat tashkil etildi.

Mazkur maydonda debatlardan tashqari yuqori darajadagi spikerlar ishtirok etib, eksklyuziv ma’lumotlarni saylovchilar bilan bo‘lishadi. Jurnalistlar uchun saylovlarni yoritishga bag‘ishlangan seminar-treninglar o‘tkaziladi. Bu saylov bilan bog‘liq jarayonlarni yoritishda xolislik va shaffoflikni ta’minlashda ko‘maklashadi.

«Xalq so‘zi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?