Davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish toʻgʻrisida

01:53 16 Iyun 2022 Hujjatlar
2788 0

Arxiv surat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF–60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

1. Shunday tartib joriy etilsinki, unga koʻra:

a) 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab:

davlat oliy taʼlim muassasalarida ularning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha masofaviy taʼlim shakli joriy etiladi;

oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari tasarrufida ushbu taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralarning taklifi asosida Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;

davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga qabul abituriyentning bakalavriat diplom bali oʻrtacha koʻrsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi boʻyicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshiriladi hamda qoʻshimcha imtihon oʻtkazilmaydi;

b) davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga qabul bir yilda ikki marta – avgust va yanvar oylarida tashkil etiladi. Bunda:

avgust oyidagi qabul – navbatdagi oʻquv yili uchun tasdiqlangan davlat granti va toʻlov-kontrakt asosidagi hamda moliyaviy mustaqillik berilgan oliy taʼlim muassasalarining kuzatuv kengashlari tomonidan tasdiqlangan toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq;

yanvar oyidagi qabul – dastlabki qabul natijalariga koʻra toʻlmagan oʻrinlar hamda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan qoʻshimcha toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq amalga oshiriladi;

v) davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga qoʻshimcha qabul parametrlari asosida oʻqishga qabul qilingan abituriyentlarning toʻlov-kontrakt summasi bir talabaga toʻgʻri keladigan real xarajatlardan kelib chiqib, oliy taʼlim muassasasi tomonidan mustaqil belgilanadi;

g) tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdori Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan summadan kam boʻlmagan miqdorda oliy taʼlim muassasalari tomonidan mustaqil belgilanadi;

d) qonunchilik hujjatlariga muvofiq oliy taʼlim muassasalariga imtihonlarsiz davlat granti asosida oʻqishga kirish boʻyicha imtiyozga ega boʻlgan shaxslar umumiy qabul parametrlaridan tashqari qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi;

ye) davlat oliy taʼlim muassasalariga boʻysunuvi boʻyicha vazirlik
va idoralar bilan kelishilgan holda chet el fuqarosini toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini tegishli taʼlim yoʻnalishi va mutaxassislik uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan belgilangan bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoridan kam boʻlmagan miqdorda belgilash huquqi beriladi. Bunda, chet el fuqarosi oliy taʼlim muassasasi tomonidan oʻtkaziladigan suhbat natijasiga koʻra oʻqishga qabul qilinadi;

j) 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab:

davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari faqat davlat granti boʻyicha tasdiqlanadi;

davlat oliy taʼlim muassasalariga (moliyaviy mustaqillik berilgan oliy taʼlim muassasalari bundan mustasno) toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari boʻysunuvi boʻyicha tegishli vazirlik (idora) tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi hamda har yili 20-iyunga qadar Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi;

oliy taʼlim muassasalari bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga mos keluvchi imtihon fanlari majmuasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi hamda imtihon sinovlari boshlanishidan kamida 6 oy oldin eʼlon qilinadi.

2. 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida (keyingi oʻrinlarda – respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari) davlat granti asosida kadrlar tayyorlash boʻyicha 1 000 ta oʻrin ajratib borilsin.

Belgilab qoʻyilsinki:

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi davlat granti asosida respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash boʻyicha davlat buyurtmachisi hisoblanadi;

har yili 1-iyulga qadar mazkur davlat grantining oliy taʼlim tashkilotlari va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha taqsimoti Davlat komissiyasi tomonidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining takliflari asosida tasdiqlanadi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi;

respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga kirish imtihonlari yakunlangach bir oy muddatda ballar ketma-ketligiga rioya qilgan holda, eng yuqori ball toʻplagan va davlat grantini olish istagini bildirgan talaba, tegishli oliy taʼlim tashkiloti hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Bunda, talabaning ishlab berish majburiyati davomiyligi taʼlim yoʻnalishi xususiyatini hisobga olgan holda davlat buyurtmachisi tomonidan belgilanadi.

3. Xotin-qizlarning oliy taʼlim bilan qamrovini oshirish orqali davlat va jamiyatdagi faolligini kuchaytirish, gender tenglikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirish maqsadida shunday tizim joriy etilsinki, unga koʻra:

a) Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasining tavsiyanomasini olgan, oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar uchun 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qoʻshimcha 2 000 ta davlat granti ajratiladi. Bunda:

tavsiyanomaga ega boʻlgan xotin-qizlar uchun davlat granti asosida ajratiladigan qabul parametrlarining kamida 50 foizi aniq va tabiiy fanlar, texnika va tibbiyot yoʻnalishlari orasida taqsimlanadi;

har yili 20-iyulga qadar tavsiyanomaga ega boʻlgan xotin-qizlar uchun davlat granti oʻrinlarining oliy taʼlim muassasalari va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha taqsimoti Davlat komissiyasi tomonidan Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining takliflari asosida tasdiqlanadi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi;

b) davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan quyidagilar qoplanadi:

2021/2022 oʻquv yilida davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga talabalikka qabul qilinib, toʻlov-kontrakt asosida tahsil olayotgan xotin-qizlarning 2022/2023 oʻquv yili uchun toʻlov-kontrakt miqdori;

2022/2023 oʻquv yilidan boshlab davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga ajratilgan qabul parametrlari doirasida bazaviy toʻlov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt miqdori.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasining tavsiyanomasi asosida xotin-qizlarni bakalavriatga qabul qilish hamda davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichiga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan xotin-qizlarning
toʻlov-kontrakt summasini Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berish tartiblarini tasdiqlasin.

4. Davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasi (matn boʻyicha – Davlat komissiyasi) tashkil etilsin va uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Davlat komissiyasiga quyidagi vakolatlar berilsin:

zarurat boʻlganda, oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasi, professor-oʻqituvchilari tarkibi va oʻquv-metodik taʼminotidan kelib chiqib, yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini kiritish hamda tashkil etiladigan yangi davlat oliy taʼlim muassasalari qabul parametrlarini belgilash uchun davlat buyurtmasi parametrlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;

davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar boʻyicha maqsadli qabul parametrlarini belgilash, shuningdek, davlat buyurtmasi parametrlarining taʼlim tillari boʻyicha taqsimotini tasdiqlash;

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralarning takliflari asosida oliy taʼlim muassasalarining (moliyaviy mustaqillik berilgan oliy taʼlim muassasalari bundan mustasno) bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha bazaviy toʻlov-kontrakt qiymatidan kelib chiqib, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt minimal miqdorining yagona koʻrsatkichlarini belgilash.

5. Oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlashga oid davlat buyurtmasini shakllantirish boʻyicha quyidagi tartib joriy etilsin:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi doimiy asosda respublika hududlari doirasida davlat organlari, iqtisodiyotning real tarmoqlari va sohalarida taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassisliklar va aniq kasblar boʻyicha oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan talabni oʻrganadi hamda keyingi toʻrt yilga moʻljallangan prognozni shakllantirib boradi;

har yili 1-aprelga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda har bir davlat oliy taʼlim muassasasi boʻyicha taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar kesimida davlat granti asosidagi davlat buyurtmasi parametrlari loyihasini shakllantiradi hamda koʻrib chiqish uchun Davlat komissiyasiga taqdim etadi;

har yili 1-mayga qadar Davlat komissiyasi davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga qabul qilish boʻyicha davlat granti asosidagi davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantiradi hamda tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritadi.

6. Davlat oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonida abituriyentlarni onlayn roʻyxatdan oʻtkazish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali har yili 20-iyundan 20-iyulga qadar (20-iyul kuni ham), chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkaziladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha esa 10-iyulga qadar (10-iyul kuni ham) amalga oshiriladi.

Bunda, abituriyentlarga:

test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil boʻlgan beshtagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini hamda bir vaqtning oʻzida barcha taʼlim shakllarini tanlash huquqi beriladi;

roʻyxatdan oʻtish jarayonida tanlangan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari ustuvorligiga qarab dastlab davlat granti, keyinchalik toʻlov-kontrakt asosida tanlovda ishtirok etish imkoniyati beriladi.

7. Talabalar oʻqishini davlat oliy taʼlim muassasalariga koʻchirish boʻyicha quyidagi tartib joriy etilsin:

a) xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan (jumladan, xalqaro tan olingan reytinglarda birinchi 1 000 ta oʻrindan birini egallagan) oliy taʼlim tashkilotlaridan davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirishda:

talabadan alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha test sinovlari oʻtkaziladi. Bunda, kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli oliy taʼlim muassasasi tomonidan, test sinovlari Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladi;

test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar boʻyicha oʻtish ballari har yili 15-iyulga qadar Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi hamda Davlat test markazining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi;

oʻtish balidan past ball toʻplagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi;

test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari Davlat test markazi hamda tegishli oliy taʼlim muassasasining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi;

b) xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim tashkilotlaridan davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh boʻlmagan taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirishga ruxsat etilmaydi;

v) davlat oliy taʼlim muassasasining biridan boshqasiga talabalar oʻqishini koʻchirishga faqatgina quyidagi holatlarda ruxsat beriladi:

talaba oila qurishi munosabati bilan turmush oʻrtogʻi doimiy yashaydigan hududdagi oliy taʼlim muassasasiga oʻqishini koʻchirish uchun murojaat qilganda;

davlat organlarining xodimlari ish joyi oʻzgargan taqdirda uning turmush oʻrtogʻi yoki voyaga yetmagan farzandi oʻqishini koʻchirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida;

g) talabalar oʻqishini respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan:

davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirish mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan tartibda;

davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh boʻlmagan taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirish oʻrnatilgan tartibda, tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontraktning minimal miqdoriga teng boʻlgan bir martalik toʻlov asosida amalga oshiriladi;

d) sport musobaqalari gʻolibi sifatida imtiyoz bilan oliy taʼlim muassasalariga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilingan hamda kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarning oʻqishini ularning arizalariga muvofiq, sirtqi taʼlim shaklidagi mos va turdosh taʼlim yoʻnalishiga (sirtqi taʼlim shakli mavjud boʻlgan taqdirda) davlat granti asosida koʻchirishga ruxsat beriladi.

8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari davlat oliy taʼlim muassasalariga kirish test sinovlarini xavfsizlik talablariga toʻliq amal qilgan holda yuqori saviyada tashkil etishga shaxsan masʼul etib belgilansin.

9. Belgilansinki:

davlat oliy taʼlim muassasalariga davlat buyurtmasi parametrlari doirasida grant asosida bakalavriat va magistraturaga oʻqishga qabul qilingan shaxslarni oʻqitish xarajatlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;

respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash uchun ajratiladigan davlat granti Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmasiga koʻra 2022-yilda Moliya vazirligi tomonidan qoʻshimcha ravishda moliyalashtiriladi, 2023-yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining baʼzi qarorlari 3-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul
va shaxsiy javobgar etib oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X.Toshkulov hamda Davlat test markazi direktori M.M.Karimov belgilansin.

Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                                                                 Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2022-yil 15-iyun

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?