Davlat xizmatlari koʻrsatishni soddalashtirish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

20:45 20 Aprel 2022 Hujjatlar
4403 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Respublikada davlat xizmatlarini koʻrsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan 73 turdagi maʼlumotnoma va hujjatlar taqdim etilishi talabi bekor qilinib, davlat organlari tomonidan ushbu maʼlumotlarni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda olish tizimi joriy etildi.

Shu bilan birga, aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda koʻrsatish koʻlamini oshirish va fuqarolarning idorama-idora sarson boʻlib yurishining oldini olish, davlat organlari axborot tizimida mavjud maʼlumotlarni ishonchli himoya qilish boʻyicha ishlarni izchil davom ettirish zarur.

Jismoniy va yuridik shaxslar uchun davlat xizmatlari koʻrsatish koʻlamini oshirish, aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, bu borada barcha uchun teng sharoitlarni yaratish orqali inklyuziv muhitni shakllantirish maqsadida:

1. 2022-yil 1-avgustdan boshlab:

a) davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qoʻshimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi (keyingi oʻrinlarda – Mobil-ID tizimi) joriy etilsin;

b) shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

Mobil-ID tizimi “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash boʻyicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi;

shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga koʻra davlat xizmatlari markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) yoki notarial idora tomonidan yoxud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining (keyingi oʻrinlarda – YAIDXP) mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi;

Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan oʻtish uchun fuqaro tomonidan bevosita Markaz yoki notarial idoraga murojaat qilinganda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asli taqdim etiladi hamda Markaz yoki notarial idora xodimi tomonidan fuqaroning yuzi raqamli formatda rasmga tushiriladi, elektron shaklda qoʻl barmogʻi izi olinadi va mobil telefon raqami YAIDXPdagi shaxsiy kabinetga bogʻlanadi;

Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan oʻtish uchun fuqaro tomonidan YAIDXPning mobil ilovasidan foydalanilganda masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo qoʻllaniladi hamda mobil telefon raqami YAIDXPdagi shaxsiy kabinetga bepul bogʻlanadi;

bevosita Markazlar yoki notarial idora orqali fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish 2022-yil 31-dekabrga qadar toʻlov undirilmasdan, 2023-yil 1-yanvardan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida bir martalik toʻlov undirilgan holda amalga oshiriladi;

Mobil-ID tizimi foydalanuvchilari elektron raqamli imzoni qoʻllamagan holda barcha davlat xizmatlaridan (bundan moliyaviy xizmatlar mustasno) foydalanishi mumkin;

fuqaroning YAIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboriladigan barcha xabarnomalar uning xohishiga koʻra va belgilangan toʻlovlar asosida Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalangan mobil telefon raqamiga SMS-xabar shaklida yuboriladi.

2. Belgilab qoʻyilsinki, Mobil-ID tizimini joriy qilish va kelgusida texnik qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlar Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan teng miqdorda yoxud qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

3. Quyidagilar aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari koʻrsatish boʻyicha vazifalarni amalga oshirishda Adliya vazirligining kelgusi besh yillikdagi ustuvor faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

“Fuqaro eʼtibor markazida” (Citizen – centric service) tamoyili asosida davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini modernizatsiya qilish;

Markazlar faoliyatida qoʻllanilayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlarini kengaytirish, aholining elektron davlat xizmatlaridan foydalanish darajasini keskin oshirish hamda ish yuritishni “qogʻozsiz” tamoyil asosida olib borish;

biznes jarayonlarini modernizatsiyalash usullari (Business Process Reengineering) asosida har bir davlat xizmatini maqbullashtirish, shu jumladan, muddatlar va talab etiladigan hujjatlar sonini maksimal darajada qisqartirish orqali “bir darcha” tamoyilini amaliyotga toʻliq tatbiq etish;

ijtimoiy-iqtisodiy va texnologik rivojlanishning joriy holati, aholi va tadbirkorlik subyektlarining ehtiyoji va talablaridan kelib chiqib davlat xizmatlarining yangi turlarini yoʻlga qoʻyish hamda oʻz ahamiyatini yoʻqotgan davlat xizmatlarini birlashtirish yoki bekor qilish;

jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda inklyuziv muhitni yaratish;

davlat organlarining tashabbusi asosida proaktiv davlat xizmatlari hamda bitta soʻrov boʻyicha oʻzaro bogʻliq kompozit davlat xizmatlari koʻrsatish amaliyotini kengaytirish;

oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, aholi va tadbirkorlik subyektlarining davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish koʻnikmalarini oshirib borish.

4. Quyidagilar:

Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishning 2022-2026-yillarga moʻljallangan milliy strategiyasi 1-ilovaga muvofiq;

Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishning 2022-2026-yillarga moʻljallangan milliy strategiyasini 2022-2023-yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

2022-yil 1-iyuldan ayrim talab va shartlari bekor qilinayotgan litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

2022-yil 1-iyundan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydigan davlat xizmatlari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;

“Elektron hukumat” doirasida aholi va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatiladigan davlat xizmatlari toʻgʻrisida elektron xabardor qilish tizimiga davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini integratsiya qilish jadvali 5-ilovaga muvofiq;

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish va koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan davlat organlarining axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini Yagona billing tizimiga bosqichma-bosqich integratsiya qilish jadvali 6-ilovaga muvofiq;

2022-2026-yillarda davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini jadal rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari) 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Belgilansinki, 2022-yil 1-iyuldan boshlab kommunal tashkilotlar tomonidan aholidan, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi PF-6191-son farmonining 4-bandi hamda 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son farmonining 5-bandida nazarda tutilgan maʼlumot va hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, «Hududgaztaʼminot» AJ, «Oʻzsuvtaʼminot» AJ va «Toshissiqquvvati» DUK Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyunga qadar oʻz axborot tizimlarining “Elektron hukumat” tizimi doirasida ishlovchi Raqamli maʼlumotlar platformasiga integratsiya qilinishini taʼminlasin.

6. Xizmatlar koʻrsatish sifatini oshirish, fuqarolar va xususiy sektorga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab quyidagi nodavlat tashkilotlarga “Elektron hukumat” tizimi orqali olinishi mumkin boʻlgan maʼlumotlardan foydalanish imkoniyati yaratilsin:

tijorat banklari;

telekommunikatsiya tashkilotlari;

xususiy tibbiyot muassasalari;

nodavlat taʼlim tashkilotlari;

sugʻurta tashkilotlari.

Belgilansinki, “Elektron hukumat” tizimidan foydalanishga ruxsat berilgan nodavlat tashkilotlar shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish hamda uchinchi shaxslarga maʼlum qilmaslik boʻyicha zarur tashkiliy va texnik choralarni koʻrishi shart. Bunda, shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etish tegishli litsenziyaning talab va shartlaridan biri hisoblanadi.

7. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

bir oy muddatda “Elektron hukumat” tizimi doirasida maʼlumotlarni nodavlat tashkilotlarga taqdim etuvchi Raqamli maʼlumotlar platformasini ishlab chiqsin;

ikki oy muddatda nodavlat tashkilotlarni Raqamli maʼlumotlar platformasiga ulash hamda barcha davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar nodavlat tashkilotlarga faqat Raqamli maʼlumotlar platformasi orqali taqdim etilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2022-yil 1-iyunga qadar ushbu farmonga 4-ilovada koʻrsatilgan davlat xizmatlaridan YAIDXPda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlamasdan foydalanish imkoniyatini yaratsin;

2022-yil 1-avgustga qadar davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Mobil-ID tizimini, shuningdek, shaxsga doir maʼlumotlarni “Elektron hukumat” tizimidan foydalangan holda taqdim etishning yangi tartibini joriy etish boʻyicha tashkiliy-texnik choralarni amalga oshirsin.

8. Shaxsga doir maʼlumotlarning konfidensialligini va ishonchli himoya qilinishini taʼminlash maqsadida 2022-yil 1-avgustdan boshlab shaxsga doir maʼlumotlarni “Elektron hukumat” tizimidan foydalangan holda olishning quyidagi tartibi joriy etilsin:

davlat organlari tomonidan shaxsga doir maʼlumotlar “Elektron hukumat” tizimi orqali soʻrab olinganda shaxsga doir maʼlumotlar subyektining YAIDXPdagi shaxsiy kabineti yoki Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyadan oʻtgan mobil telefon raqamiga bu haqida xabarnoma yuboriladi (bundan davlat siri va qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan holatlar mustasno);

xoʻjalik birlashmalari, davlat tashkilotlari va muassasalari, “Elektron hukumat” tizimidan foydalanishga ruxsat berilgan nodavlat tashkilotlar tomonidan ishlarni bajarish va xizmatlarni koʻrsatishda shaxsga doir maʼlumotlar uning subyekti roziligi bilan “Elektron hukumat” tizimi orqali taqdim etiladi. Bunda, maʼlumotlar tegishli tashkilotga shaxsga doir maʼlumotlar subyektining YAIDXPdagi shaxsiy kabineti yoki Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyadan oʻtgan mobil telefon raqamidan tasdiq olingandan soʻng “Elektron hukumat” tizimi orqali taqdim etiladi.

Davlat personallashtirish markazi Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning vakolat, funksiya va faoliyat yoʻnalishidan kelib chiqqan holda, “Elektron hukumat” tizimi orqali shaxsga doir maʼlumotlardan foydalanish doirasi va chegaralarini belgilash boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq 2022-yil 1-iyundan boshlab:

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda oʻtkaziladigan kirish test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan toʻlovlardan ozod etiladi;

Markazlarda aholi va tadbirkorlik subyektlariga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish uchun oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatuvchi joylar tashkil etiladi. Bunda, Markazlarda faoliyat olib borayotgan operatorlarning kamida 1 nafari davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanmoqchi boʻlgan shaxslarga bevosita yordam koʻrsatishga jalb etiladi;

davlat xizmatidan foydalanishda undiriladigan toʻlovlarni Markazlarda joylashgan tijorat banklari shoxobchasidan naqd yoki naqd pulsiz shaklda amalga oshirganda ikki foizgacha boʻlgan tijorat bankining komissiya summasi uchun alohida toʻlov undirilmaydi (bundan davlat boji toʻlovlari mustasno). Bunda, mablagʻlarni oluvchilarning har biriga yoʻnaltiriladigan summalar proporsional ravishda kamaytirilgan holda, tijorat bankining komissiya toʻlovi xizmatdan foydalanish uchun toʻlanadigan toʻlov hisobidan oʻtkazib beriladi;

tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar davlat xizmatlarini koʻrsatish yoki boshqa maʼmuriy tartib-taomillarni amalga oshirish funksiyalari yuklatilgan tashkilotlarning mansabdor shaxslari va masʼul xodimlari davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun javobgar hisoblanadi.

10. Adliya vazirligi 2022-yil 1-iyulga qadar:

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi va Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda shaxsni Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalash tartibini joriy etish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Markazlarda davlat xizmatlari uchun toʻlovlarni qabul qiladigan tijorat banklari shoxobchalarini ijara toʻlovlarini undirmagan holda besh yilgacha boʻlgan muddatga joylashtirish boʻyicha tanlov oʻtkazsin;

qonunchilik hujjatlariga mazkur farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 8-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 9-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

13. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda mazkur farmonning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.

14. Mazkur farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri R.Q.Davletov hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.X.Shermatov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi toʻgʻrisida 2022-yil 1-noyabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2022-yil 20-aprel

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?