Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi belgilandi

Foto: Illustrativ foto
Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi belgilanganligi toʻgʻrisida Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyrugʻi imzolandi.
Maʼlumki, bugun yurtimizda tibbiy xizmatlar sifati va qamrovini kengaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.
Xususan, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini mutlaqo yangicha yondashuvlar asosida transformatsiya qilish, uni kasalliklarni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda. Buning uchun davlatimiz tomonidan katta mablagʻ va imkoniyat safarbar etilyapti.
— Sir emas, avvallari birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida oilaviy shifokor qabuliga kelgan aksariyat fuqarolarga dori-darmonlar retsepti yozib berilar, bu holat surunkali kasalligi bor va shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bemorlarga, moddiy imkoniyati cheklangan oilalarga qiyinchilik tugʻdirardi, — deydi vazirlikning Tibbiy yordamni tashkil qilish departamenti boshligʻi oʻrinbosari Sunnat Safarov.
— Eʼtiborlisi, Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyrugʻiga muvofiq, oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar, tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida va tugʻuruqxonalarda koʻrsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari roʻyxati belgilandi.
Jumladan:
— sogʻliqni saqlash muassasalarida koʻrsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari (vena ichiga, mushak orasiga, teri ostiga inyeksiyalar qilish, oilaviy shifokor punktida tashkil qilingan kunduzgi statsionarda tibbiy yordam koʻrsatish, bolalarni boshqariluvchi infeksiyalarga qarshi emlash, Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyruqlariga muvofiq aholini profilaktik koʻriklar va skrining tekshiruvlaridan oʻtkazish, surunkali kasalliklari bor aholini muntazam kuzatuvini amalga oshirish);
— tibbiyot muassasalarida koʻrsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlariga kiritilgan tashxislar (masalan, yurakning gipertenziv kasalligi, yurak surunkali ishemik xastaligi, oʻtkir va surunkali bronxit, surunkali gepatitlar, diffuz buqoq, bronxial astma, atopik astma, oʻt-tosh kasalligi, epilepsiya boʻyicha maqsadli davolash);
— dori vositalari va tibbiy buyumlar (masalan, analeptiklar, allergiya, qandli diabet, gijja va viruslarga qarshi hamda yurak−qon tomir dori vositalari, antibiotiklar, antidepressantlar, tibbiy bintlar, infuzion sistemalar bilan uzluksiz taʼminlash) kabi qator tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari nazarda tutilgan.
Ushbu roʻyxatga muvofiq jami 520 ta tashxis, 28 ta diagnostik tekshiruv, 46 ta laborator tahlil, 235 turdagi dori vositalari, 27 ta operativ davo hamda 76 ta tibbiy buyumlar bemorlarga davlat hisobidan bepul taqdim etiladi. Dori vositalari tibbiy koʻrsatmalarga asosan oilaviy shifokorlar tomonidan beriladigan retsept hamda tor soha mutaxassislarining tavsiyasiga koʻra, belgilangan hajmda beriladi.
Mazkur xizmat turlari, dori vositalari va sarflov materiallari oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar, tuman (shahar) markaziy shifoxonalari va tugʻuruqxonalarda shakllantirilgan kasalliklar roʻyxatiga koʻra, tasdiqlangan klinik protokol va davolash-diagnostika standartlari asosida shakllantirilgan.
Ushbu hujjat joriy yilning 17-oktyabridan kuchga kirgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring