Davlat bojini to‘lashga oid qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilmoqda

16:39 24 Yanvar 2025 Siyosat
269 0

Foto: Akmal Muhammadov, Haqberdi Asqarov / “Xalq so‘zi”

Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanishga, iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan energiyaning hosil qilinishi va sarflanishini barqarorlashtirishga hamda O‘zbekiston hududida chet el tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilishni soddalashtirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ammo energiya resurslari iste’molchilarining to‘lov intizomi darajasining pastligi issiqlik va elektr energiyasi ta’minoti korxonalarining moliyaviy ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Yuzaga kelgan debitor qarzdorlikni qisqa muddatlarda bartaraf etish hamda aholiga sifatli xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlari ham cheklanmoqda.

Shu bois Qonun bilan issiqlik va elektr energiyasi ta’minoti korxonalari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish yuzasidan sudlarga kiritilgan da’volar, arizalar va shikoyatlarni davlat bojini to‘lashdan ozod etishni nazarda tutuvchi normalar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Qonunda Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan chet el tijorat tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilganlik uchun davlat boji undirish tartibini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar ham o‘z aksini topgan.

Bunda chet el tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini O‘zbekiston hududida akkreditatsiya qilish hamda uning amal qilish muddatlarini uzaytirish bo‘yicha davlat boji har bir yil uchun to‘lanishi belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi energiya resurslari iste’molchilari tomonidan to‘lov intizomini mustahkamlashga xizmat qiladi, issiqlik va elektr energiyasi ta’minoti korxonalarining moliyaviy ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Foto: Akmal Muhammadov, Haqberdi Asqarov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер