Daʼvatkor soʻz qudrati

15:06 27 Noyabr 2024 Jamiyat
287 0

Prezidentimiz oʻtgan hafta yangi tarkibdagi parlamentda boʻlib oʻtgan qator majlislarda soʻzga chiqib, mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichidagi muhim masalalar boʻyicha asosiy yoʻnalishlarni belgilab bergani katta tarixiy voqea boʻldi. Davlatimiz rahbari nutqlarida bildirilgan fikrlar nafaqat senator va deputatlar, balki shu yurtni Vatani deb bilgan, oʻz faoliyatini mamlakat ravnaqi, el farovonligiga baxshida etgan har bir inson uchun chinakam dasturilamal boʻldi, desak, adashmaymiz.

Tarixiy uch kun

Davlatimiz rahbari 18-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida deputatlarni sharafli maqomga sazovor boʻlgani bilan qutlar ekan, sohadagi yutuqlarni eʼtirof etib, kelgusidagi vazifalarni, yangi marralarni belgilab berdi. Jumladan, xalq vakillari endilikda toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan va aniq ijro mexanizmlariga ega qonunlarni yaratishi, parlament nazoratini toʻlaqonli taʼsirchan institutga aylantirishi lozim. Saylov okruglaridagi faoliyatlarida faqat uchrashuvlar tashkil etish, shikoyat va savollarga rasmiy javob berish bilan cheklanib qolmasdan, barcha islohotlarning eng faol ishtirokchisi va targʻibotchilari boʻlishi zarur.

Shuningdek, kelgusi besh yilda Qonunchilik palatasi oldida gʻoyat ulkan vazifalar turibdi. Xususan, qonun ijodkorligi jarayoni, avvalo, jamiyatimizdagi dolzarb muammolar yechimiga, xalqimizning ogʻirini yengil qilishga qaratilishi kerak. Yangi davrda parlament chinakam “xalq uyi”, uning quyi palatasi esa gʻoyalar generatoriga, sogʻlom raqobat, bahs va munozaralar maydoniga aylanishi darkor.

Prezidentimiz 19-noyabr kuni Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisidagi nutqida ham qator gʻoya va takliflarni ilgari surdiki, ularning har biri xalqimizning azaliy orzu-maqsadlari roʻyobiga xizmat qiladi. Masalan, endi Senat qonunlarni muhokama qilishda yangicha mexanizmlarni joriy etishi zarur. Ayniqsa, qonun ijodkorligi jarayoniga mahalliy Kengashlarni keng jalb etish, har bir qonun boʻyicha ularning fikrini olish amaliyotini yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyatga ega. Senat mahalliy Kengashlar faoliyatini tizimli tahlil qilib, ularga koʻmaklashib borishi kerak. Umuman, senator mamlakatimizning har bir hududida amalga oshirilayotgan islohotlarga oʻzini daxldor his qilishi, ularning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun jon koyitishi lozim. Zero, Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, davlat va xalq xizmatchisining — u senator yoki deputat boʻladimi, hokim yoki vazir boʻladimi — rahbarlik masʼuliyatini oʻz zimmasiga olganidan soʻng begʻam-beparvo, loqayd boʻlib yurishga, huzur-halovatga berilib yashashga maʼnaviy haqqi yoʻq.

 

Davlatimiz rahbarining 20-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqishga bagʻishlangan majlisidagi ishtiroki ham tarixiy voqelik boʻldi. Unda Shavkat Mirziyoyev yangi Hukumat, barcha rahbarlar oldidagi eng muhim vazifalarga eʼtibor qaratdi. Jumladan, makroiqtisodiy muvozanatni saqlab, kelgusi besh yilda iqtisodiy oʻsish surʼatini 6-7 foiz atrofida taʼminlash zarur. Hukumat 2030-yilgacha ishsizlikni xalqaro eʼtirof etilgan daraja — 5-6 foizdan oshirmaslik boʻyicha dolzarb vazifalarni ham samarali hal etishi lozim. Iqtisodiyot va aholi daromadlarini oʻstirishda yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan sanoat tarmoqlariga alohida ahamiyat qaratish kerak. Shu bilan birga, iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushini 85 foizga yetkazish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, sogʻliqni saqlash, taʼlim va sportni rivojlantirish boʻyicha katta dasturlarni samarali va toʻliq amalga oshirish — hamisha Hukumatning kun tartibida turishi kerak boʻlgan asosiy vazifalar.

Prezidentimiz tomonidan oʻrtaga tashlangan gʻoyalar, ilgari surilgan tashabbuslar bizni atrofimizda boʻlayotgan oʻzgarishlarga teran nigoh bilan qarashga, zimmamizdagi vazifalarga zamon talablaridan kelib chiqqan holda mutlaqo yangicha yondashishga undadi.

Biz bugun buyuk evrilishlar davrida yashayapmiz. Jonajon Vatanimiz kundan-kunga rivojlanib, jahon hamjamiyatida oʻzining munosib oʻrnini egallamoqda. Yuz yillarda bir keladigan mana shunday masʼuliyatli pallada Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda faol ishtirok etish bugungi avlodning tarixiy missiyasidir.

Guhari sharifroq yoʻq ondin...

Hayotining asosiy qismini jurnalistika sohasiga bagʻishlagan inson sifatida ishonch bilan aytishim mumkinki, ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlari uchun ham bugungidek masʼuliyatli davr hech qachon boʻlmagan. Bugun jurnalist yuz berayotgan oʻzgarishlarni chetdan kuzatib, yoritib boradigan solnomachi emas, balki ularning bevosita ishtirokchisidir. Biz oʻz soʻzimiz bilan odamlarning dunyoqarashini shakllantirish, el-yurt taqdiriga daxldorlik, masʼuliyat tuygʻularini kuchaytirish, ularni ezgu maqsadlar yoʻlida harakatga undash, shu orqali kechayotgan jarayonlarga taʼsir koʻrsatish kuchiga egamiz.

Bu haqda gap ketar ekan, jurnalistikaning asosiy quroli — soʻzning qudratini anglash va undan samarali foydalanish masalasiga alohida toʻxtalish joiz. Zero, bu xalqimizning huquqiy demokratik davlat, ochiq va erkin fuqarolik jamiyati qurishga qaratilgan ezgu maqsad-muddaolariga hamohangdir.

Nega deganda, soʻzning qudratini chuqur idrok qilgan inson uni behuda sarflamaydi, aksincha, yaxshilikka, bunyodkorlikka safarbar etadi. Buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy: “Soʻzdurki, nishon berur oʻlukka jondin, Soʻzdurki, berur jongʻa xabar jonondin” der ekan, birgina kalomning jisman tirik boʻlsa-da, maʼnan oʻlikka aylangan insonga qayta jon baxsh etish qudratini, uning jonon, yaʼni hayot mohiyati, magʻzini anglab, mazmunli umr kechirishiga turtki boʻlishini eʼtirof etadi.

Ezgu soʻz kishi qalbini nur kabi yoritar, oʻtkinchi dunyoning oq-u qorasini tafakkur qilishga undar ekan, uni turli yovuzliklardan, adolatsizliklardan, noinsoniy xatti-harakatlardan asraydi. Oʻzgalarni kamsitish, haq-huquqlarini toptash, buzgʻunchilig-u vayronkorliklardan qaytaradi. Shu bois soʻzdan sharifroq, muqaddasroq, kuchliroq tushuncha yoʻq, deb biladi hazrat Navoiy:

Insonni soʻz ayladi judo hayvondin,

Bilkim, guhari sharifroq yoʻq ondin.

Zohiran goʻzallashgan, siyratan yangilangan Oʻzbekistonda bugun ommaviy axborot vositalari vakillari soʻzning beqiyos qudratidan, oʻz bilim va mahorati, qobiliyatidan emin-erkin foydalanish imkoniyatiga ega. Media sohasi vakillarining huquqlari Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qoʻyildi.

Jumladan, Asosiy Qonunimizning 81-moddasiga koʻra, ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar. Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.

Shu bilan birga, bunday erkinlik jurnalistlarning “oʻziga xon — koʻlankasi maydon” boʻlishini anglatmaydi. Yolgʻon axborot tarqatgani, oʻzgalar huquqlariga daxl qilgani uchun qonun oldida javob beradi. Yaʼni ommaviy axborot vositalari oʻzi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir.

Demak, milliy kontentni har xil oldi-qochdi axborotlar, uzuq-yuluq xabarlar bilan toʻldirib boʻlmaydi. Birovga gʻayirlik, dushmanlik qilib, uning shaʼniga “magʻzava toʻkish”, qadr-qimmatini kamsitish quroliga aylantirish ham mumkin emas. Soha taraqqiyoti uchun eng toʻgʻri va istiqbolli yoʻl — Prezidentimiz faoliyatining dastlabki davridayoq belgilab bergan yoʻriqqa amal qilish, uni kundalik faoliyatimiz tuzugiga aylantirishdir. Yaʼni xalq bilan muloqot, odamlarning orzu-intilishlari, dard-u tashvishlari bilan yashash davlat siyosati darajasiga koʻtarilayotgan bugungi kunda har bir ommaviy axborot vositasi chinakam muloqot maydonchasiga, erkin fikr minbariga aylangan taqdirdagina biz oʻz oldimizga qoʻygan maqsadlarga erisha olamiz...

Masʼuliyat va intilish

Prezident Shavkat Mirziyoyev kasb bayrami munosabati bilan ommaviy axborot vositalari xodimlariga murojaat qilar ekan, keyingi yillarda yurtimizda soʻz erkinligi va fikrlar xilmaxilligiga erishish yoʻlida keng imkoniyatlar ochilayotgani media vositalari vakillarining ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki, oʻrni va nufuzini yanada kuchaytirayotganini taʼkidlagan edi.

Chindan ham, bugun ommaviy axborot vositalari ijobiy oʻzgarishlar jarayonini boshdan kechirmoqda. Mamlakatimiz sar­hadlarida yuz berayotgan har bir voqea-hodisa, yurtdoshlarimiz quvonch-u tashvishlari, ularni qiynayotgan muammolarni gazetalarimiz sahifalarida roʻyirost, xolisona yoritish uchun hech qanday toʻsiq yoʻq.

Lekin ommaviy axborot vositalari bunday imkoniyatlardan nechogʻli toʻliq va toʻgʻri foydalana olyapti, degan savol tugʻiladi va bu bejiz emas.

Davlat rahbarining eʼtiroficha, bugungi kunda matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “toʻrtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib bormoqda. Shundan kelib chiqib, bugungi kun sharoitida ommaviy axborot vositalarining roli va ahamiyatini chuqur anglash juda muhim.

Gap bosma ommaviy axborot vositalari haqida boradigan boʻlsa, avvalo, shuni aytish lozimki, oʻz tarixida avvaliga radio, keyinchalik televideniye timsolida qudratli raqobatchilar bilan toʻqnash kelib, oʻzining axborot makonidagi munosib oʻrnini saqlab qola olgan gazeta va jurnallar, bugun internet degan deyarli cheklanmagan auditoriyaga ega jahon axborot makoni bilan yuzma-yuz turibdi. Bu esa nashrlardan ishga yangicha yondashuvni, oʻquvchilarga yangiliklarni yetkazish bilan cheklanib qolmasdan, voqealarni chuqur tahlil qilishni, muammolarni koʻtarib chiqib, ularning yechimlari boʻyicha ham takliflar berishni talab etmoqda. Faqat shu yoʻl bilan biz bugungi jarayonlarning bevosita ishtirokchisi sifatida oʻz mavqeimizni saqlab qolamiz.

Tabiiyki, axborot tarqatish manbalarining transformatsiyasi undan foydalanuvchilarning tanloviga taʼsir koʻrsatmay qolmadi. Soʻrovlar natijasiga koʻra, deyarli hamma mamlakatlarda aksariyat respondentlar oʻzi uchun asosiy axborot manbai sifatida eng avval internet-resurslarni, keyin esa televideniye, soʻngra gazeta-jurnallar va radioni koʻrsatishadi.

Ammo bu bosma nashrlarga boʻlgan qiziqish umumjahon miqyosida tushib ketdi, degani emas. Ayniqsa, Osiyo qitʼasida davriy nashrlarga talab katta. Dunyodagi 100 nomdagi eng koʻp sotiladigan kundalik gazetalarning 74 nomdagisi Osiyoda bosilib chiqadi. Shundan 62 tasi — Xitoy, Yaponiya va Hindistonda. Buning ustiga, mintaqada ularning adadi ham oʻsib bormoqda. Koʻpgina holatlarda bunday oʻsish gazetalarni bepul tarqatish hisobidan ham taʼminlanadi. Shunga qaramay anʼana davom etayotir. Aholi soni eng koʻp boʻlgan ushbu qitʼada gazetalarning umumiy adadi 300 million nusxani tashkil etishi ham shundan dalolat.

Texnika taraqqiyoti hayotimizning barcha sohasida namoyon boʻlganidek, OAVdagi transformatsiya ham oʻz natijalarini bermoqda. Gap faqat uning davlat va jamiyat uchun nechogʻli ahamiyatli ekanida!

Xoʻsh, davlat rahbari jurnalistika haqida gapira turib, nega uning bugungi kundagi ahamiyatini mudofaa va xavfsizlikni taʼminlash bilan qiyosladi, axir axborot tarqatish oʻz holicha hech qanday xavf tugʻdirmaydi-ku. Demak, gap aynan axborotning oʻzida, uning mazmunida. Gap — inson axborotdan, oʻqigan, eshitgan yoki koʻrgan maʼlumotidan qanday xulosa chiqarishida ekan.

Kuchni toʻgʻri yoʻnaltirish

Barchamizga yaxshi ayonki, fizikada kuchni toʻgʻri yoʻnaltirish narigi jismga taʼsir etishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Eʼtibor berilsa, maʼnaviy-maʼrifiy jabhada ham xuddi shunday. Sogʻlom tafakkur hosilasi boʻlgan gʻoyani bunyodkorlik sari safarbar etish beqiyos ezguliklarga, taraqqiyotga poydevor boʻladi.

Bugungi kunda “Har qaysi jamiyat hayotida mafkura muhimdir”, degan qarash biroz eskirgandek. Shunday boʻlsa-da, koʻpgina mamlakatlarda davlat ayni shu — odamlarga taʼsir koʻrsatuvchi vositalar ishtirokisiz oʻz oldiga qoʻygan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy taraqqiyotning eng muhim vazifalarini hal qilishi imkonsiz ekanini, ochiq boʻlmasa-da, tan olishadi.

Kimdir buni xohlaydimi yo yoʻqmi, butun dunyoda alohida mamlakatlar, alyanslar, bloklar, sinflar, siyosiy partiyalar, ijtimoiy guruhlar oʻrtasida gʻoyaviy kurash har doim boʻlgan va davom etmoqda. Muayyan mamlakat va butun dunyoning kelajagi qanday boʻlishi ham ana shu kurashning natijasiga bogʻliq.

Ayrim ekspertlar fikricha, davlat mafkurasi hokimiyat tepasida turgan muayyan ijtimoiy guruhning mafkurasi boʻlib, oʻsha guruh tomonidan asosiy mafkura sifatida eʼlon qilingan boʻladi. Lekin har qanday mafkura davlat mafkurasiga aylanar ekan, u hukmron mafkura boʻlib, boshqa hech qaysi mafkurani tan olmaydigan boʻladi. Shungacha borib yetadiki, u bilan kelisha olmaganlarni taqiqlash, qatagʻon qilish, shuningdek, diktatura oʻrnatishgacha olib boradi va bu tarixdan maʼlum.

Sobiq tuzum davrida jamiyatni mafkuralashtirish hayot tartiblarini soxtalashtirishga, koʻzboʻyamachiliklarga, zulm va yovuzlikka, alaloqibat qoʻrquv va yolgʻonga asoslangan mustabid saltanatni qurishga zamin boʻlgandi. Bu saltanatda erkin fikr boʻgʻildi, oʻzgacha qarash va tutumlar taʼqibga olindi. Natijada odamlarning qalbini hadik va xavotir egallab oldi. Ularda voqelikka tanqidiy yondashuv, ijodiy munosabat yoʻqoldi. Pirovardida, orzular armonga aylandi. Yuksalish va taraqqiyot quruq safsata boʻlib qoldi. Insonlar tafakkuri va jamiyatdagi depsinishlar davlatning tanazzuliga sabab boʻldi.

Shukrki, Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, hukmron mafkura mavjud emasligi qonunan mustahkamlandi. Bu esa jamiyatda qarashlar xilmaxilligini taʼminlamoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 12-moddasida belgilanishicha, “Oʻzbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida oʻrnatilishi mumkin emas”. Shu bois “mafkura” tushunchasi butun bir davlatning emas, balki u yoki bu ijtimoiy guruhning tizimli, tartibga solingan qarashlari sifatida talqin etiladi.

Qaysi bir mafkuraning koʻproq ommalashishida esa ommaviy axborot vositalari asosiy oʻrin tutadi. Ular faqatgina atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalar haqidagi axborotlarni tarqatish manbai emas. OAV odamlarga taʼsir koʻrsatish boʻyicha keng imkoniyatlarga ega, ularning axloqiga, yurish-turishiga taʼsir qiladi, qadriyatlarini shakllantira oladi.

Tarixda ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilayotgan xabarlar, ilgari surilayotgan gʻoyalarga eʼtiborsizlik ogʻir oqibatlarga olib kelgan holatlar ham boʻlgan. Masalan, 1994-yili Ruandada yuz bergan genotsidga bitta radiostansiyadan tarqatilgan tajovuzkor chaqiriqlar sabab boʻlgan. Mazkur radio avvaliga koʻngilochar kanal sifatida tashkil etilgan boʻlib, keyin tezda targʻibot quroliga aylangan. Bir mamlakatda yashovchi ikki elat oʻrtasida nafrat olovini yoqish oxir-oqibat 800 ming nafar insonning oʻlimiga olib kelgan.

Yaqin oʻtmishdan olingan bu misol ommaviy axborot vositalarining kuchiga toʻgʻri baho berish va bu kuchni bunyodkorlik maqsadlariga yoʻnaltirish juda muhim ekanini koʻrsatadi. Shu nuqtayi nazardan, axborot maydonini sifatli va raqobatdosh milliy kontent bilan toʻldirish masalasi har qachongidan ham dolzarb.

Kasbga sadoqat va burch taqozosi 

Ommaviy axborot vositasining yana bir ustuvor vazifasi — davlat idoralari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, fuqarolarning qonuniy murojaatlarini oʻrganish va hal qilish. Davlat rahbari taʼkidlaganidek, bugungi kunda qurilish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashdagi kamchiliklar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi muammolar boʻyicha berib borilayotgan tanqidiy-tahliliy materiallar joylarda mudrab oʻtirgan ayrim rahbar va mutasaddilarni uyqudan uygʻotib, yangicha ishlab, odamlarning tashvishi bilan yashashga majbur qilmoqda.

Toʻgʻri, ommaviy axborot vositalarining faolligi, jurnalistlarning oʻz kasbiga, burchiga sodiqligi, vatanparvarligi baʼzilarga har doim ham yoqavermaydi. Shu bois baʼzan jurnalistga turli igʻvolar, nohaq iddaolar qilinadi, u soxta ayblov bilan taʼqibga olinadi. Ammo bugun haqiqatgoʻy jurnalist ortida qonun, xalq va ularni oʻzining eng yaqin hamkorlari hamda yordamchilari deb hisoblaydigan Prezident turibdi.

Davlatimiz rahbari bir safar Qashqadaryoga tashrifi chogʻida “Koʻpchilik menga ommaviy axborot vositalarini “yopishni” taklif qilmoqda, lekin men buni hech qachon qilmayman”, deb jurnalistlarning erkin faoliyat yuritishi va haqqoniy soʻz aytishiga qarshi boʻlgan, ularga toʻsqinlik qilayotgan kimsalarga, kuchlarga oʻz fikrini, pozitsiyasini aniq va loʻnda bildirgandi.

Ayni chogʻda ushbu voqelik nafaqat jurnalistlarni ilhomlantirishi, balki amaldorlarning tahliliy-tanqidiy chiqishlarga munosabatini ham oʻzgartirishi lozim. Katta salohiyatga ega rahbar tanqid uchun jurnalistdan xafa boʻlmaydi. Aksincha, eʼtiboridan chetda qolgan muammoni yoritib bergani uchun minnatdor boʻladi, kamchiliklarini tuzatib oladi. Afsuski, hamma rahbarlarni ham shunday deya olmaymiz.

Muammoni qalamga olgan jurnalist jamiyatga va davlatga dushman emas. Muayyan sohadagi kamchilikni ochib berish, rahbarlarning eʼtiborini qaratish bilan ularni bartaraf etishga harakat qilish OAV vakilining kasbi taqozosidir.

Ommaviy axborot vositasining vazifalari haqida soʻz ketar ekan, adolatli tanqidni chop etib, dolzarb muammolarni koʻtarganda, ular qanday bartaraf etilayotganini ham yoritishni esdan chiqarmaslik lozim. Mamlakatimizda, ayniqsa, keyingi yillarda iqtisodiyot rivojlanishi, dolzarb ijtimoiy masalalar hal etilishi, odamlarning hayoti yaxshilanib, turmush farovonligi ortishi yoʻlida koʻp-koʻp ishlar qilinayotgani shunday deyishimizga asos boʻladi.

Mana shunday oʻzgarishlarni oʻquvchilar ommasiga yetkazish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, pirovard maqsadlari haqida maʼlumotlar berish, xoh korxonada boʻlsin, xoh tomorqada boʻlsin, sidqidildan mehnat qilib, mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshayotgan yurtdoshlarimiz haqida hikoya qilish — bular ham jurnalistikaning ajralmas qismi. Bunday materiallar odamlarda kelajakka boʻlgan ishonchni mustahkamlaydi, yangidan-yangi marralarga ilhomlantiradi. Ommaviy axborot vositalarining qudratli kuchini bunyodkorlik maqsadlariga yoʻnaltirishning asl mohiyati ham shundan iborat.

...Prezidentimiz ishtirokida ketma-ket uch kun boʻlib oʻtgan majlislarda qatnashib, ularda Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yoʻlida bildirilgan taklif va tashabbuslar, gʻoyalar menda ana shunday fikr-mulohazalarni, mushohadalarni uygʻotdi. Eng muhimi, mamlakatimiz istiqboli, navqiron avlodning kelajagi uchun kuyunchaklik, masʼuliyat bugun har birimizning hayotimiz qoidasiga, tuzugiga aylanishi lozimligini yana bir bor chuqur angladik.

Zotan, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, yurtimiz taraqqiyotidagi butunlay yangi davrga qadam qoʻymoqdamiz. Hech shubhasiz, bu davrning qanday boʻlishi birgalikda oʻz oldimizga qoʻygan ulkan maqsad va vazifalarni samarali amalga oshirishimizga bogʻliq.

Ishonchimiz komil, bu — Yangi Oʻzbekistonimiz jadal rivojlanadigan, yanada yuksak taraqqiyot choʻqqilarini zabt etadigan davr boʻladi. Bu davr parlament va Hukumat faoliyatida yangicha ishlash, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish boʻyicha ibratli anʼanalar shakllanadigan va tarixga muhrlanadigan davr boʻladi.

Kelajak avlodlar, albatta, faxr bilan tilga oladigan ana shunday buyuk tarix va kelajakni yaratish bizning oʻz qoʻlimizda.

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?