Darsliklar va daftarlarda reklama joylashtirish, reklama narxlarini xorijiy valyutada koʻrsatish taqiqlanmoqda

17:27 08 Mart 2022 Jamiyat
1040 0

Foto: Gazeta.uz

Joriy yil 7-mart kuni Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oliy Majlis Senati axborot xizmati xabar berdi.

Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Xususan, senatorlar yangi tahrirdagi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunga eʼtibor qaratdilar. Taʼkidlanganidek, amaldagi qonunchilik hujjatlarida umumiy tusga ega boʻlgan va ishlamaydigan normalar mavjudligi, ular reklama faoliyati bilan bogʻliq munosabatlarni toʻliq qamrab olmaganligi huquqni qoʻllash amaliyotida koʻplab huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab boʻlmoqda.

Birgina 2021-yilda reklama sohasida 15486 ta qonun buzarlik holati aniqlangan. Jumladan, tashqi reklama va boshqa reklamalarda 10249 ta, daraxtlardagi reklama va eʼlonlarda 3416 ta, dori-darmon va biologik faol qoʻshimchalar reklamasida 658 ta, tamaki va alkogol mahsuloti reklamasi 499 ta, bukmeykerlik va totalizatorlar xizmatlari reklamasi 260 ta, madaniy meros obyektlari boʻyicha 150 ta, xususiy taʼlim va tibbiyot muassasalari 110 ta, ragʻbatlantiruvchi konkurs va aksiyalar 103 ta holat qayd etildi.

Yangi tahrirdagi Qonunga qonunosti hujjatlar normalari ham kiritilgan.

Qonunga amaliyot va xorijiy tajriba tahlili asosida ragʻbatlantiruvchi reklama aksiyalarini tashkil etish va oʻtkazishga oid normalar kiritilgan. Xususan, tegishli mukofot fondisiz ragʻbatlantiruvchi reklama aksiyalarini oʻtkazish taqiqlanmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida reklama davlat tilida tarqatilishi, qoʻshimcha ravishda uning tarjimasi boshqa tillarda takrorlanishi mumkinligi belgilanmoqda.

Qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyoti hamda xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda reklamaga qoʻyiladigan talablar kuchaytirilib, yangi normalar kiritilmoqda.

Xususan, darsliklar va daftarlarda reklama joylashtirish, reklama narxlarini xorijiy valyutada koʻrsatish, axloq va maʼnaviyatning umum qabul qilingan normalariga zid keluvchi shakl, ibora, va obrazlardan foydalanish, tovarning asosiy xususiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni isteʼmolchidan yashirish taqiqlanmoqda.

Shuningdek, ayrim turdagi reklama vositalari orqali reklama tarqatishning oʻziga xos xususiyatlari belgilanmoqda. Jumladan, telekanallar efirida tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi koʻrsatuv vaqtining bir soati uchun yigirma foizdan, biroq bir sutkada koʻrsatuv vaqtining oʻn besh foizidan oshishi mumkin emas. Davomiyligi oʻn daqiqadan kam boʻlgan telekoʻrsatuvlarni reklama bilan uzib qoʻyishga va reklama bilan birga namoyish etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Qonunning yana bir muhim jihati ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlanmoqda.

Senatorlar muhokama jarayonida Qonunda bayon etilgan ayrim moddalarning amaliyotga tatbiq etilishi bilan bogʻliq holatlarga ham eʼtibor qaratdi.

Shuningdek, majlisda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash borasida oʻtkazilgan oʻrganish va tahlillar ushbu sohada toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar va oʻz yechimini kutayotgan masalalar mavjudligini koʻrsatdi.

Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodika ishlab chiqilmagan. Oqibatda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksini aniqlash ishlari amalga oshirilmay qolgan.

Ochiq va doimiy eʼlon qilib borilishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni rasmiy veb-saytlar va ochiq maʼlumotlar portalida (data.egov.uz) joylashtirish shakli, vaqti, tartibi aks etgan alohida yoʻriqnoma ishlab chiqilmagan.

Davlat organlari va tashkilotlari kesimida tahlil shuni koʻrsatmoqdaki, zarur maʼlumotlar koʻpincha Madaniyat vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Madaniy meros agentligi, Xorazm, Navoiy, Samarqand va Buxoro viloyati hokimliklari tomonidan joylashtirilmaydi.

Majlisda kun tartibidagi masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?