Dala chetidagi xazina
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Bundan ancha ilgari Fargʻonaga borganimizda mezbon fermerning dalasiga tortilgan bosh ariqning ikki chetiga ekilgan qovoqlar, suvga qariyb tegib turgan hosilni koʻrib, vodiyliklarning har qarich yer va har tomchi suvdan zargarona unumli foydalanishlariga qoyil qolganmiz.
— Bu ikkinchi hosilimiz, — degan oʻshanda mezbon fermer. — Pishmay qolishi aniq, lekin qoramolga qaynatib bersangiz sutning yogʻliligini oshiradi. Ertalab nonushtada maqtalgan qaymoq shu sutdan olingan.
Nonushtadagi qaymoq chindanam xushtaʼm va eng muhimi mutlaqo tabiiy — oʻsimlik yogʻi kabi turli qoʻshimchalardan xoli edi. Bunaqasini endi doʻkonu gipermarketlarda har doim ham uchratavermaysiz.
— Istagan bozoringizga kiring, Eron, Pokiston, Turkiya va boshqa mamlakatlardan keltirilgan meva va sabzavotlar egallab olganligiga amin boʻlasiz, — deydi soha faxriysi Saʼdulla Istamov. — Olma, nok, shaftoli, limondan tortib, bulgʻor qalampiri, pomidor va bodringgacha hamma-hammasining geni oʻzgartirilib, uzoq muddat saqlanishiga moslashtirilgan. Koʻrinishiga koʻz toʻyadi, lekin taʼmi koʻngildagidek emas.
Oʻzimiznikiga nima yetsin. Afsuski, oʻz dalalarimizda yetishtirilgan noz-neʼmatlar yildan yilga kamayib ketayapti.
Prezidentimiz 2024-yil 28-noyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida fermer xoʻjaliklarining dala atroflari, kollektor va drenajlar yoqasida foydalanilmasdan qolayotgan yerlar mavjudligini tanqidiy baholab, mavjud unumdor yerlarning har qarichidan samarali foydalanish, koʻchat ekib, roʻzgʻori uchun daromad topish, ortganini ichki va tashqi bozorga olib chiqish gʻoyalarini ilgari surdi. Bundan non ham uning ushogʻi ham non, degan fikr, imkoniyatlarning qadriga yetishdek ezgu tashabbusni anglash mumkin.
Oradan bir oycha muddat oʻtib, Davlatimiz rahbarining “Qishloq xoʻjaligi maydonlaridagi qoʻshimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni koʻpaytirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarining dala chetlari hamda kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlar hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va koʻp qavatli uylar oldi, mahallaning ichki koʻchalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirilishini samarali tashkil qilish va koʻpaytirish orqali mamlakatning eksport koʻrsatkichlarini oshirish vazifalari Respublika Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi zimmasiga yuklatildi.
Shu asosda agentlikning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan xoʻjaliklarining dala atroflari, kollektor va drenajlar atrofida foydalanish imkoniyati mavjud boʻlgan hududlar oʻrganib chiqildi.
— Viloyatimizda 749 ta fermer xoʻjaliklarining dala chetlarida foydalanish imkoniyati bor boʻlgan 255,4 gektar maydon mavjudligi aniqlandi, — deydi boshqarma boshligʻi Toʻlqin Tursunov. — Bundan tashqari kollektor zovurlar atrofida olib borilgan oʻrganishlar davomida viloyat boʻyicha jami 330,8 gektar maydondan foydalanish imkoniyati mavjudligi aniqlandi.
Ushbu maydonlarda yillar davomida boy berilgan imkoniyatlarni birgina tomorqachi Elmurod Kenjayev faoliyatida qiyoslaylik. E. Kenjayev Karmana tumanining “Uyrot” mahallasida istiqomat qiladi. Toʻqqiz sotixli tomorqasidan har yili 90-100 million soʻm atrofida daromad koʻtarardi.
— Mustahkam oyoqqa turib olgach, mahallamizdan oʻtgan kanal atrofidan 35 sotix yerni oʻzlashtirib, turli daraxt koʻchatlarini ekdik, — deydi Elmurod Kenjayev. — Shu 35 sotixdan 450-500 million soʻm atrofidan daromad olishim mumkin. Mamlakatimiz Prezidenti qarorida koʻzda tutilgan imtiyozlarning qoʻllanishi daromadimizni bundan ham oshiradi.
Albatta, holva degan bilan ogʻiz chuchimaydi. Tabiiyki, viloyatning kollektor va drenajlar hamda dala chetlaridagi 586 gektarlik foydalanish imkoniyati boʻlgan yerlar oʻz egasini topishi, sifatli va iqlimbop urugʻlikni yetkazib berish, ularni zararli hashoratlardan himoyalash tizimini yoʻlga qoʻyish, bepul agronom maslahatlarini tashkil etish kabi bir qator tadbirlar amalga oshirilishi lozim. Shu maqsadda viloyatda chora-tadbirlar belgilanib, unga koʻra 255 gektarlik dala cheti maydonlarida achchiq gilos, olxoʻri, oʻrik va boshqa turdagi mevali daraxt koʻchatlarini ekish vazifalari ishlab chiqildi.
— Mazkur chora-tadbirlarda dala chetlarini ikkilamchi ijaraga olish istagini bildirgan talabgorlar roʻyxatini shakllantirish, bunda kambagʻal oilalarning aʼzolariga ustuvorlik berish belgilandi, — deydi oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi Oxunjon Obloqulov. — Bundan tashqari dala chetlariga har yili 1-aprelga qadar ekin ekmagan va yil davomida mahsulot yetishtirmagan yerdan foydalanuvchilarga nisbatan dalolatnoma rasmiylashtirib, jarima qoʻllash uchun Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga taqdim qilish, Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan ajratiladigan kredit resurslari hisobidan moliyalashtirishni toʻxtatish yuzasidan tegishli tijorat banklariga murojaat qilish belgilandi.
Yer eng katta boylik, uning har bir qarichidan foydalanib, yillar davomida qarovsiz qolgan dala chetidagi yerlarni oʻzlashtirish, sabzavot va mevali ekinlar ekish nafaqat qoʻshimcha daromad olish va aholi dasturxonini tabiiy noz-u neʼmatlar bilan toʻkin etish, balki atrof-muhit muhofazasida ham yangi imkoniyatlarni taqdim etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring