COVID-19: «Super kasallik tashuvchilar» kimlar?

Ayni paytda Covid-19 pandemiyasi jahon boʻylab keng tarqalib, dunyo hamjamiyatining ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga, ayniqsa, odamlar salomatligiga jiddiy tahdid tugʻdirmoqda. Global pandemiyaning ikkinchi toʻlqini, xususan, Markaziy Osiyo davlatlarida ham tobora avj olib borayotgani barchamizni ogoh va hushyor boʻlishga chorlamoqda. Taassufki, koronavirus epidemiyasiga nafaqat biz, balki jahonning eng rivojlangan davlatlari ham tayyor emasligi, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya va boshqa sohalarda jiddiy muammolar mavjudligi ayon boʻlib qoldi. Bunday sharoitda, birinchi navbatda, tibbiyot sohasi katta bosim ostida qolib, virus yuqtirgan bemorlarga keng qamrovli va shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatishga ojizlik qilmoqda.
Oʻzbekistonda aholi salomatligini saqlash, virus tarqalishini oldini olish va unga chalinganlarga tezkor, sifatli tibbiy yordam koʻrsatish borasida muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mamlakatimizda karantin tartibi va cheklovlari joriy yilning 10-iyulidan 1-avgustiga qadar qaytadan kuchaytirildi. Bundan koʻzlangan eng asosiy maqsadlardan biri bu – aholini virusdan himoya qilish va infeksiya tarqalish zanjirini uzishdan iboratdir. Chunki koronavirusga qarshi vaksina yoki uning davosi topilmagan sharoitda pandemiyani jilovlashning eng samarali usuli karantin qoidalariga qatʼiy va istisnolarsiz rioya qilish ekanligini Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) eʼtirof etganidek, bugungacha erishilgan tajribalar yaqqol koʻrsatmoqda. Shu bois, Oʻzbekistonda fuqarolarning oʻzini oʻzi izolyatsiya qilishi va oʻzaro ijtimoiy masofani saqlashi orqali virus tarqalishi yoʻllarini cheklash, bemorlarni aniqlash va epidemiya oʻchoqlarining kengayishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha faol choralar koʻrilmoqda.
Qayd etish joizki, karantin cheklovlarini qayta joriy qilinishiga bir qator omillar sabab boʻldi. Jumladan, Respublika maxsus komissiyasining maʼlum qilishicha, avvalgi karantin qoidalari qisman yumshatilishi bilanoq koʻpchilik eng yengil talablarga ham rioya qilishni toʻxtatib, ommaviy tadbirlar, xususan, toʻylar va boshqa marosimlarni tibbiyot niqoblarisiz ijtimoiy masofa saqlamagan holda belgilangan koʻrsatmalarga qaramay oʻtkazishga kirishdi. Natijada, aksariyat holatlarda, odamlarning beparvoligi yoki ehtiyotsizligi sababli mamlakatimizda iyul oyining birinchi haftasida koronavirusga chalingan bemorlar soni 2167 nafarga koʻpayib, shundan 58 foiz holat aholi orasida aniqlangan. Avvalgi qattiq karantin davrida 16-martdan 10-maygacha kasallanish holatlari soni 2 418 tani tashkil etgan boʻlsa, karantin choralari yumshaganidan soʻng 10-maydan 9-iyulgacha boʻlgan davrda bu koʻrsatkich keskin oshib, 9 029 taga yetdi. Soʻnggi kunlarda esa, kunlik antirekord yana yangilanib, 13-iyulda Oʻzbekistonda 594 kishida koronavirus qayd etilib, ulardan 322 nafari aholi orasida aniqlangan. Eng achinarlisi, bemorlar orasida oʻlim soni ham ortib bormoqda. 17-iyul holatiga koʻra, mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan shaxslar soni 15 ming nafardan oshib, oʻlim holati esa 75 kishini tashkil etmoqda.
Agar jahon tajribasiga nazar solsak, karantin qoidalariga rioya qilmay tartib-taomillarni buzganlik uchun koʻplab mamlakatlarda qattiq jazo choralari qoʻllanmoqda. Masalan, Amerika Qoʻshma Shtatlarida, agar bir kishi majburiy izolyatsiyani buzgan va boshqalarga yuqtirgan boʻlsa, unga 100 ming dollar jarima yoki 1 yilga qamoq jazosi berilishi mumkin. Ispaniyada uyini uzrli sabablarsiz tark etganlik uchun karantin davrida jarimalar miqdori 600 dan 10,4 ming yevrogacha miqdorda belgilangan. Fransiyada karantin qoidalariga muntazam ravishda amal qilmaslik 6 oygacha hibsga olinish va 3700 yevro jarimaga tortilish bilan jazolanadi. Oʻzbekistonda karantin rejimining qayta kuchaytirilishi, koʻpchilik tasavvur qilganidek, toʻliq bloklash emas, balki asosan xizmat koʻrsatish, umumiy ovqatlanish sohalari, yaʼni odamlarning ommaviy toʻplanishi bilan bogʻliq boʻlgan tarmoqlarga tegishli boʻldi. Karantin rejimini kuchaytirishning ushbu zaruriy choralari virus tarqalishini sekinlashtirishga hamda sogʻliqni saqlash tizimidagi vaziyatni barqarorlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi, Respublika maxsus komissiyasi maʼlumotiga koʻra, iyul oyining birinchi haftasiga kelib Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimi katta bosimga duch keldi.
Mavjud sogʻliqni saqlash muassasalari quvvati yangi COVID-19ga chalingan bemorlarni qabul qilish uchun yetarli emasligi hamda qatʼiy karantin choralarini qoʻllamaslik – koronavirusga chalinganlarni statsionar davolash uchun kasalxonalarda joy qolmasligi va ular bilan ishlash uchun shifokor va tibbiy xodimlarning yetishmasligiga olib kelishi mumkinligi, shuning uchun, joriy karantin choralari natijasidagi tanaffus – sogʻliqni saqlash muassasalari, shifokorlar va tibbiyot xodimlariga boʻlgan bosimni yumshatish va avgust oyida mamlakat iqtisodiyotini tiklashda davom etish uchun zarur ekanligi bildirildi.
Respublika maxsus komissiyasi rasmiy statistika faqat aniqlangan kasallanish holatlarini qayd etib, haqiqiy holat boshqa mamlakatlardagi kabi bir necha barobar farqli boʻlishi mumkinligi hamda simptomsiz bemorlarning aniq sonini esa, hisobga olishning imkoni yoʻqligini eslatib oʻtdi.
Jahon tajribasidan maʼlumki, simptomsiz bemorlar bilan bogʻliq holat tufayli virusni nazoratga oldik, deb eʼlon qilgan davlatlarda (Singapur) koronavirusning ikkinchi toʻlqini avj olgani hamda epidemiologik holat yana keskin yomonlashganiga guvoh boʻldik.
Ayrim tadqiqot natijalariga qaraganda, koronavirus tarqalishining ikkinchi toʻlqini avj olishiga Covid-19ning simptomsiz tarqatuvchilari sabab boʻlgan boʻlishi mumkin. Yaʼni, soʻnggi kunlardagi kasallanganlar sonini keskin oʻsishida, faqat bitta omilni koʻrsatish yoki faqat davlatlar sogʻliqni saqlash tizimlarini ayblash notoʻgʻri. Bunga, birinchidan, Covid-19 ning oʻziga xos simptomsiz koʻrinishining xususiyati, ikkinchidan, uning yuqish yoki tarqalish jarayonlari toʻgʻrisida fanda ishonarli dalillarning hali toʻliq kashf qilinmagani sabab boʻlmoqda.
AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi eʼlon qilgan tadqiqot natijalariga koʻra, koronavirusga chalinganlarning deyarli 50 foizga yaqiniga virus “simptomsiz tashuvchilar” tomonidan yuqtirilgan boʻlishi mumkin. AQSHlik doktor Ron Yelfenbein kasallik alomati boʻlmagan bemorlar eng ashaddiy virus tashuvchilar boʻlib, aholi orasida koronavirus avj olishiga ular sababchi boʻlib qolishlari mumkinligidan ogohlantirdi. Doktorning fikricha, simptomsiz bemorlar «super kasallik tashuvchilar» hisoblanishadi.
Angliyaning Irlam instituti (Earlham Institute) professori Nil Xoll koʻrilayotgan choralarga qaramasdan, global pandemiyaning kuchayib borayotgani simptomsiz tarqatuvchilar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin, deb hisoblaydi. Sababi, «super kasallik tashuvchilar» Covid-19ni yuqtirishganini oʻzlari ham bilmay, kasallik alomatlarisiz aholi orasida virusni tarqatib yurishlari mumkin. Bunday holat joriy yil boshidan buyon tajribada ham uchragan. Jumladan, “simptomsiz tashuvchilar” va bemorlar Yaponiya sohillaridan suzishga chiqqan «Malika Daymond» kruiz kemasida boʻlganlarda aniqlangan. Tekshiruv natijalariga koʻra, virusga chalinganlarning toʻrtdan uch qismi simptomsiz bemorlar boʻlgan. Xitoyda oʻtkazilgan tadqiqotda esa, simptomsiz bemorlarning soni simptomi koʻringan insonlarga nisbatan ancha koʻpni tashkil etgan.
Oksford universiteti professori Karl Xyeneganning xulosasiga koʻra, agar koronavirusga tahlillar Buyuk Britaniyada boʻlganidek, faqat kasallik belgilari aniq koʻrinib turgan bemorlardangina olinsa, koʻplab holatlar koʻzdan qochirilishi mumkin. Professorning fikricha, kasallik tarqalishining oldini olish va nazoratning bir qismi sifatida alomatsiz tarqatuvchilarga alohida eʼtibor qaratish lozim.
Yana bir eʼtiborli jihat shundan iboratki, Yevropa Ittifoqi kuzda gripp va COVID-19 epidemiyasining yangi toʻlqini bir vaqtda avj olishining oldini olish maqsadida aʼzo davlatlarga aholini grippga qarshi ommaviy emlashga chaqirmoqda.
Maʼlumki, mamlakatimizda ham kuz-qish mavsumi yaqinlashishi bilan aholi orasida, ayniqsa, yosh bolalarning tez-tez shamollab, isitmalash holatlari sezilarli darajada koʻpayadi. Bu, oʻz navbatida, tibbiyot muassasalariga yana-da koʻproq bemorlarning murojaatlariga va butun sogʻliqni saqlash tizimining esa qoʻshimcha bosimga tayyor turishini talab etadi. Shuning uchun ham joriy karantin choralariga qatʼiy amal qilib, kuz mavsumiga qadar vaziyatni toʻliq nazoratga olish oʻta muhim ahamiyatga ega.
Koʻrinib turibdiki, bunday sharoitda fuqarolarning sogʻlom yoki betob boʻlishidan qatʼiy nazar, karantin tartiblariga rioya qilishlari, tibbiyot niqoblarini toʻgʻri taqishlari, shaxsiy gigiyena va sanitariyaga amal qilishlari, ijtimoiy masofani saqlashlari hamda boshqalarni ham asrash maqsadida oʻzini oʻzi izolyatsiya qilishlari virusni tarqalishini oldini olish va toʻxtatishning eng samarali yoʻli hisoblanadi. Shu bilan birga, bu holat fuqarolardan koronavirus pandemiyasiga beparvolik va ishonchsizlik bilan qaramaslik, turli mish-mishlarga ishonib qolmaslikni talab etadi. Chunki, bugunga kelib, koronavirus dunyo boʻylab ming-minglab odamlarning oʻlimiga sabab boʻlmoqda. Shuning uchun xalqimiz, oilamiz va farzandlarimiz salomatligi va hayotiga nisbatan befarq boʻlmaslik hozirgi vaziyatda juda muhim.
Farrux XAKIMOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” Markazi
loyihalar koordinatori
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring