Choʻmilish havzalaridagi ifloslangan suv xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi — Mutaxassis

10:46 10 Iyun 2023 Jamiyat
599 0

Yozning jazirama kunlarida koʻpchilik suv havzalarida vaqt oʻtkazishni xush koʻradi. Ayniqsa, bolajonlar uchun bu maroqli mashgʻulot. Ammo choʻmilish chogʻida nafaqat xavfsizlik, balki salomatlik qoidalariga ham amal qilish oʻta muhim talab.

Botir Tojiyev, Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori:

— Choʻmilish havzalaridagi ifloslangan suv oʻtkir virusli ichak infeksiyalari, gepatit (A,E), ichburugʻ, ichterlama, lyamblioz kabi xavfli kasalliklarni keltirib chiqarishini unutmaslik darkor.

Odatda virus zarralari suvga bemorning najasi, qusiq moddalari va yuvilmagan qoʻllari orqali tushib, ifloslangan havzada taxminan 2 oy va undan koʻproq saqlanadi.

Biroq kasallik qoʻzgʻatuvchilari koʻproq issiq haroratga moslashuvchan boʻlgani bois, yoz faslida ularning konsentratsiyasi va yashash davomiyligi uzayadi. Yaʼni bunday parazit va mikroblar harorat yuqorilagan davrda 180 kundan ortiq jon saqlashi mumkin.

Choʻmilish chogʻida suv yutish infeksiyaning ogʻiz orqali organizmga tushib, koʻpayib, gastroenterit, yaʼni oshozon va ingichka ichak shilliq qavatida yalligʻlanishni yuzaga keltiradi.

Kasallik belgilari taxminan 12-48 soat oraligʻida namoyon boʻlib, holsizlik, koʻngil aynishi, qusish, tana harorati koʻtarilishi, ich ketishi, qorin dam boʻlishi kabi alomatlar kuzatiladi.

Binobarin, ochiq suv havzalarida choʻmilish turli teri kasalliklari, burun, ogʻiz va quloq shilliq qavatlari yalligʻlanishiga ham olib kelishi ehtimoli mavjud.

Shu bois, avvalo, taqiqlangan, ifloslangan, tekshirilmagan va notanish suv havzalariga tushmaslik, ruxsat etilgan joylarda choʻmilganda ham, iloji boricha suv yutmaslik va burundan suv kirmasligiga diqqat qilish lozim.

Sunʼiy suzish havzalari ham hamisha bu xavfdan xoli boʻlavermaydi. Shu sababli ularning tozaligiga, suvi oʻz vaqtida almashtirilganiga ahamiyat qaratish lozim.

Agar bunday hovuzlar kafellari sirpanchiq boʻlsa, bu suv eskirganidan dalolat beradi.

Ochiq havzalarda choʻmilish uchun atmosfera harorati +20-25, suv iliqligi esa +17-19 darajadan kam boʻlmagan sharoit ham muhit mos.

Quyosh nuri faol boʻlgan pallada (12:00 dan 16:00 gacha) oftob tigʻidan saqlanish kerak. Negaki, ultrabinafsha nurlarining davomiy taʼsiri dastavval kataraktaga, bora-bora koʻz nurlari butunlay yoʻqolishiga sabab boʻladi.

Oʻz navbatida, ayni shu omil tufayli allergik reaksiyalar, teri saratoni yuzaga kelishi xavfi ham mavjud.

Bundan tashqari, basseyn suvi sovuq boʻlmasligi ham muhim. Chunki bunday harorat tomir tortishishiga olib kelishi mumkin.

Ochiq havzalarda choʻmilish vaqtida va undan keyin kasallik belgilari yuzaga kelsa, darhol shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер