Choʻl bagʻridagi noyob javohir

15:44 09 Noyabr 2023 Iqtisodiyot
242 0

Qashqadaryo viloyatining janubi-sharqida, Gʻuzor va Nishon tumanlari tutashgan poyonsiz choʻl bagʻrida nafaqat viloyat, balki mamlakatimiz iqtisodiyoti, ijtimoiy hayotida muhim oʻrin tutadigan uchta gigant korxona yonma-yon joylashgan. Ularning biri “Oʻzbekneftegaz” AJ tasarrufidagi Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi boʻlsa, ikkinchisi “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi”dir.

Uchinchisi esa soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan eng yirik va noyob loyiha - “Uzbekistan GTL” zavodi hisoblanadi. Oʻzining qiymati, mamlakatimiz iqtisodiyotida tutgan oʻrniga koʻra ushbu majmuani choʻl bagʻrida joylashgan noyob javohirga qiyoslash mumkin.

“Oʻzbekneftegaz” AJ tashabbusi bilan bir guruh OAV vakillari ishtirokida mazkur gigant korxonaga press-tur uyushtirildi.

Qatar, Nigeriya, JAR, Malayziya va Gʻuzorda

“Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi”ning tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish loyihasi aslida ancha avval paydo boʻlgan. Biroq juda katta moliyaviy, ilmiy, texnologik va diplomatik yechimlarni talab etadigan ushbu loyiha koʻp yillar davomida amalga oshmay kelayotgan edi.

2016-yilda mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik vazifasiga kirishganidan soʻng ilgari surgan dastlabki tashabbuslaridan biri ushbu zavodni barpo etish boʻldi. Xususan, Prezidentimizning 2016-yil 29-dekabrdagi tegishli qarori bilan mazkur investitsion loyihani amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, shu asosda ishga kirishildi.

2017-yilda zavodga ilk tamal toshi qoʻyilib, ishlar boshlangan boʻlsa, 2022-yilning may oyida umumiy qiymati salkam 3,611 milliard dollar boʻlgan yirik majmua toʻliq qurib bitkazildi. U yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gazni qayta ishlab, 724,6 ming tonna dizel yoqilgʻisi, 437,3 ming tonna nafta, 307,3 ming tonna kerosin hamda 53,4 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlash quvvatiga ega.

— Taʼkidlash joiz, tabiiy gazdan sintetik suyuq yoqilgʻi (GTL) olish juda noyob jarayon boʻlib, yuqori texnologiyalar va murakkab ilmiy yechimlarni talab etadi, — deydi “Uzbekistan GTL” MCHJ bosh direktori Alisher Bahodirov. — Shu bois ham dunyoda bunday zavodlar koʻp emas. Shu vaqtgacha jahonda faqat 4 ta davlat – Qatar (2 ta), Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi va Malayziyada GTL zavodlari qurilgan boʻlsa, Oʻzbekiston bunday noyob korxonaga ega beshinchi davlat boʻldi. Boz ustiga “Uzbekistan GTL” zavodi yuqoridagi korxonalar ichida texnologik jihatdan eng zamonaviysi hisoblanadi.

Oʻzbekiston jahonda birinchi

“Uzbekistan GTL” zavodi 2022-yilning iyun oyida mahsulot ishlab chiqarishni boshlagan edi. Dastlab sintetik dizel va neft mahsulotlari, 2022-yilning sentyabr oyidan esa sintetik aviakerosin ishlab chiqarila boshlandi.

Eʼtirof etish joiz, shu vaqtga qadar toʻliq sintetik aviakerosin ishlab chiqarish amaliyoti hali dunyoning biror mamlakatida yoʻlga qoʻyilmagan. Bu borada Oʻzbekiston jahonda birinchi boʻldi. Shuningdek, korxonada ishlab chiqarilayotgan sintetik dizel yonilgʻisi ham oʻzining koʻplab sifatlari bilan boshqalaridan ajralib turadi.

U Yevropaning eng yuqori standartlariga javob bergani uchun “Yevro-6” avlodiga (K-6) mansub boʻlib, premium klass toifasidagi yonilgʻilar qatoriga kiradi.

GTL dizel yonilgʻisining anʼanaviy yonilgʻidan ustunlik jihatlari -tarkibida oltingugurt va aromatik uglevodorodlar deyarli yoʻqligi, setan soni juda yuqoriligi, oʻzi deyarli hidsiz va rangsiz ekanligi hamda EN15940 Yevropa standartining barcha talablariga javob berishidir.

Shu bilan bir qatorda, “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilayotgan dizel yonilgʻisi ekologik tozaligi bilan ham ajralib turadi. U yonganda zaharli chiqindilar, jumladan oltingugurtli zaharli birikmalarni deyarli chiqarmaydi. Shu orqali havoga zararli chiqindilar chiqishi 40 foizga kamayadi.

Joriy yilning oktyabr oyidan boshlab esa zavodda arktik turdagi GTL dizel mahsulotlari ishlab chiqarish rejimiga oʻtilgan.

— Dizel mahsulotlari mavsumiyligiga qarab yozgi, qishki va arktik turlariga boʻlinadi, — deydi “Uzbekistan GTL” MCHJ markaziy laboratoriyasi laboranti Bekzod Usmonov. — Belgilangan standartlar talabiga koʻra, yozgi yonilgʻi havo harorati minus 5 darajagacha, qishkisi - minus 32 darajagacha, arktik turdagisi esa minus 44 darajagacha boʻlsa oʻz xususiyatini yoʻqotmaydi. “Uzbekistan GTL” zavodida oʻtgan oydan boshlab ishlab chiqarilayotgan sintetik GTL dizel mahsulotlari esa hatto minus 50 daraja sovuqda ham oʻz holatini barqaror saqlab qoladi.

Avval ichki bozor, soʻng eksport

“Uzbekistan GTL” MCHJ bosh direktorining taʼkidlashicha, ayni paytda korxona yarim quvvat bilan ishlamoqda va mahsulotning realizatsiyasiga qarab quvvatni oshirib borish koʻzda tutilgan.

Korxonaning oldiga qoʻygan asosiy maqsadlaridan biri ham avvalo ichki bozorni sifatli dizel yonilgʻisi bilan taʼminlash hisoblanadi va bugungi kunda ishlab chiqarilgan mahsulotning salmoqli qismi ichki bozorga aynan yoʻnaltirilmoqda. Shu bilan bir qatorda, eksport imkoniyatlari oʻrganilib, bosqichma-bosqich tarzda xalqaro bozorga kirib borilayapti.

— Xususan, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 144,7 ming tonna mahsulot eksportini amalga oshirdik, — deydi Alisher Bahodirov. — Ilk bor sinov tariqasida Yevropa davlatlaridan Estoniyaga sintetik dizel yonilgʻisini olib borib sotdik. Ular qiziqib qolishdi. Har oy 10 ming tonna mahsulot olishga tayyor. Bundan tashqari, Yevropaning qolgan davlatlari ham umumiy hisobda oyiga 30 ming tonna sintetik dizel yonilgʻisi olish boʻyicha shartnoma taklif qilmoqda. Hatto AQSHdan xaridorlar murojaat etishayapti. Demakki, eksport boʻyicha juda katta salohiyatimiz mavjud. Hozir shunga qarab quvvatni oshirib borayapmiz. Tez orada jahon bozorida ham yanada faollashamiz.

Shuningdek, press-tur davomida OAV vakillari korxonaning avtonom elektr-energiya manbalari, ishchi-xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, salohiyatli kadrlar rezervini yaratish yoʻlida olib borilayotgan ishlari bilan yaqindan tanishdilar.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?