Chodakka “Turizm qishlogʻi“ maqomi berildi

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Yurtimiz oʻziga xos tabiati, diltortar manzaralari bilan kishini rom etuvchi goʻzal maskanlarga boy. Ulardan biri Namangan viloyatining Pop tumani hududida Qurama – Chotqol tizma togʻi etaklarida yastanib yotgan Chodak qishlogʻi sof havosi, osmonoʻpar qoyalar tomon tobora yuqorilab boruvchi hordiqbop goʻshalari bilan eʼtiborni tortadi.
Bu yerdagi moʻtadil iqlim, xususan, pasttekisliklardan 12-15 daraja farq qiluvchi salqin havo yozning jazirama kunlarida halovat qidirib qolgan insonlar uchun oromijon muhitni yaratib berishi bilan katta ahamiyatga ega. Istiqlol yillarida poytaxtdan Qamchiq dovoni orqali Fargʻona vodiysiga zamonaviy avtomobil va temir yoʻl oʻtkazilishi sharofati bilan Chodakda ham katta miqyosdagi ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar roʻy berdi. Ayniqsa, hududning turistik salohiyatini ishga solish masalasiga alohida eʼtibor qaratilishi qator loyihalarga keng yoʻl ochdi.
Davlatimiz rahbarining 2021-yil fevral oyida Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida belgilagan topshiriqlari asosida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-apreldagi Chodak qishlogʻini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlariga qaratilgan qaroriga muvofiq mazkur goʻshada umumiy qiymati 279,1 milliard soʻmlik 257 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Turistik salohiyati yuqori boʻlgan Chodakka turizm qishlogʻi maqomini berish boʻyicha olib borilayotgan amaliy ishlar natijasida hozirgi kunda 300 oilaviy mehmon uyi, toʻrtta dam olish maskani, uchta bolalar oromgohi, ikkita xostel, bitta kemping, 30 ta gastronomik turizm obyekti, uzunligi 300 metr toʻrtta osma koʻprik va uzunligi 50 metr boʻlgan shishali osma koʻprik, sunʼiy sharshara, oʻrtacha uzunligi 400 metr osma dor yoʻlidan iborat ekstremal hamda yuzdan ortiq ekoturizm obyektlari faoliyat olib bormoqda. Ayni omillar hisobiga qishloqning 1500 dan ortiq fuqarosi doimiy mehnat bilan band qilingan.
— Sayyohlik maqomining eʼtirof etilishi bu yerda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarni yanada jadallashtiradi, — deydi “Namanganturizm” boshqarmasining marketing va piar boʻyicha bosh mutaxassisi Jahongir Rahmatov. — Chunonchi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish borasidagi 98 ta loyihaga 109 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, yoʻl infratuzilmasi, elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, irrigatsiya obyektlari hamda koʻp qavatli uylarni taʼmirlash va ularga tutash hududlarni obodonlashtiriladi. “Chodak – kichik turizm zonasi”da zamonaviy mehmonxonalar, dam olish maskanlari, koʻp qavatli turarjoylar, sanoat zonasi, sport majmuasi, maktabgacha taʼlim tashkiloti va oʻquv muassasalari uchun binolar qurish ishlari 2030-yilgacha boʻlgan maqsadli dastur asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Kuni kecha togʻoldi qishlogʻida boʻlib oʻtgan tadbirda Turizm qoʻmitasi tomonidan Chodakka turizm qishlogʻi maqomi berilgani rasmiy ravishda eʼlon qilindi. Tantanali marosim chogʻida bu yerda yana bir yirik obyekt — loyiha qiymati 2 mlrd. soʻm boʻlgan zamonaviy mehmon uyi foydalanishga topshirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring