Chodak “burguti”
General Sobir Rahimov jasur jangchi Yoʻldosh Roziqovni xuddi shunday atagandi.
...Urushning dastlabki kunlarida nemislar
Gʻarbiy Belorusiyaning Chijovskiy rayonini oʻrab oldi. Kapitan Yoʻldosh Roziqov boshliq minomyotchilar rotasiga diviziya kuch toʻplaguncha nemislarni chalgʻitib turish vazifasi yuklatildi. Kapitan jangchilarga okoplarda ogoh boʻlib turishlarini tayinlab, oʻzi yasama soqol qoʻyib, dehqon kiyimida qulay vaziyatni kutib yotdi. Ertalab fashistlar daryodan hech bir qarshiliksiz oʻtib, bugʻdoyzor oralab kela boshladi.
— Ajaling yetdi, gazandalar! — pichirladi Roziqov.
Nemislar bamaylixotir kelardi. Ular bugʻdoyzorda “mudrab” yotgan “chol”ni payqashmadi ham. Pistirmaga sanoqli qadam qolganda rota komandiri shahd bilan oʻrnidan turdi-da, tevarak-atrofga avtomatidan oʻt ochdi. Lahza ichida oʻn besh — yigirma chogʻli nemis harbiysi yer tishladi. Komandirlari ortidan pistirmadagi jangchilar avtomat, minomyotlarini ishga solishdi. Shu tarzda 395-diviziya dushmanni ilk bor chekinishga majbur etdi.
Kapitan Roziqov bu diviziyaga oʻzbek generali Sobir Rahimov komandirlik qilayotganini bilardi. U general bilan koʻrishib, tanishishni orzu qilardi. Buni qarangki, oʻsha bugʻdoyzordagi jangdan keyin Rahimovning oʻzi uni yoʻqladi. Roziqov hayajonlanib blindajga yaqinlasharkan, batalyon komandiri Yankovskiy generalga oʻzini oʻxshatib taʼriflaganidan bexabar edi.
Sobir Rahimov kapitanga boshdan-oyoq tikilib qoldi. Soʻng oʻzbekchalab soʻradi:
— Qayerdansan?
— Namangandan, oʻrtoq general!
— Qaysi rayondan?
— Popdan.
— Chodak qishlogʻini bilasanmi?
— Xuddi oʻsha qishloqdanman, oʻrtoq general!
General yonida turgan Yankovskiyga yuzlandi.
— Men bu qishloqda boʻlganman, — dedi u. — Togʻ bagʻrida joylashgan soʻlim qishloq. Ajoyib yongʻoqzor, oʻrikzor bogʻlari bor. Soyida “Marinka” degan baligʻi boʻladi. Eh, bu baliqni yemabsan, dunyoga kelmabsan! Odamlari ham juda mehnatkash, yovqur.
General shunday deya Roziqovga qaradi.
— Toʻgʻrimi, kapitan?
— Toʻppa-toʻgʻri, oʻrtoq general!
Rahimov kulib qoʻydi.
— Gap bundoq, — dedi soʻng jiddiy tortib. — Bizga bitta “til” kerak, unterofitserlardan boʻlsa yana yaxshi. Bu ishni senga topshiraman.
Kapitan oʻzi bilan besh-olti jangchini olib, shu kuni tunda “ov”ga otlandi. Dushman Rostov yaqinidagi oʻrmonzorda ekanligini bilardi u. Yer bagʻirlab emaklab borisharkan, nemislarning kulgisi, gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir ovozlari eshitildi.
— Bir oz kutib turamiz, — shivirladi Roziqov.
Tun ogʻib, atrof tinchigach, kapitan ikki jangchini yoniga olib nemis ofitserlari joylashgan blindaj tomon emaklab ketdi. Blindaj oldida ikki soldat mudrab oʻtirardi. Ularni bir yoqli qilish qiyin boʻlmadi.
Roziqov ichkariga kirib, nemis ofitserlari uxlayotganini koʻrdi. U emaklab borib ofitserlardan birini gʻippa boʻgʻdi, soʻng ogʻziga furajkasini tiqdi. Kapitanning hamrohlari Smirnov bilan Adashev ham chapdast yigitlar edi. Ular bir zumda qolgan ofitserlarni tinchitishdi.
Nemis ofitseri Rahimov huzuriga keltirildi. General xursand boʻlib ketdi.
— Qoyil, kapitan! — dedi hamyurti qoʻlini samimiy qisarkan. — Haqiqiy Chodak “burguti” ekansan!
Oʻzbek generali Sobir Rahimov nazariga tushgan kapitan Yoʻldosh Roziqov Shimoliy Kavkazdan Berlingacha boʻlgan front yoʻlini bosib oʻtdi. Qanchadan-qancha shaharu qishloqlarni ozod qilishda jasorat koʻrsatdi. Bir necha jangovar orden va medallar bilan taqdirlandi. Urushdan qaytib umrini bogʻdorchilikka bagʻishladi. Chodaksoyning boʻyida jannatmonand bogʻ yaratib, urushda shahid ketgan quroldosh doʻstlarining har biriga atab, bir tupdan koʻchat oʻtqazdi. Boqqa “Doʻstlik bogʻi” deb nom berdi.
Bugun Yoʻldosh Roziqov oramizda yoʻq. U yaratgan bogʻ esa yashnab turibdi...
Ortiqali NOMOZOV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring