Chirchiq davlat pedagogika universitetining yangilangan fakultet binosi foydalanishga topshirildi

01:15 28 Sentyabr 2024 Jamiyat
382 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 15-noyabrda oʻtkazilgan 2030-yilga qadar maktabgacha taʼlim sohasiga oid siyosatni belgilab olish va bu boradagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan YUNESKO konferensiyasida ushbu tizimda dunyodagi vaziyatga toʻxtalib, millionlab bolalarning boshlangʻich bilim olish imkoniyati cheklangani, mutaxassislar birgalashib, maktabgacha taʼlim qamrovini oshirishi muhimligini taʼkidlagan edi.

“Bu borada, avvalambor, yoshlar va bolalarga eʼtibor va amaliy gʻamxoʻrlik koʻrsatish, ularni jismoniy va maʼnaviy barkamol etib tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz. Bolalarni kichik yoshdan boshlab rivojlantirish orqali kelajakda ularning oʻzligini toʻla namoyon etishiga mustahkam zamin yaratyapmiz. Zero, bu ezgu maqsadimiz yoʻlida sarflangan investitsiyalar ertaga bir necha barobar ortigʻi bilan qaytishiga shubha yoʻq”, – deya qayd etgan edi anjumanda davlatimiz rahbari.

Soʻnggi yillarda yurtimizda maktabgacha taʼlim tizimini isloh qilish, ularning faoliyatini zamon talablari mos ravishda rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu ezgu saʼy-harakatlar kelajagimiz egalarini taʼlim-tarbiya toʻliq qamrab olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bu jarayonda maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun yangi avlod pedagog kadrlarini tayyorlash ham takomillashtirilib bormoqda.

1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bayrami arafasida Chirchiq davlat pedagogika universitetining Maktabgacha taʼlim yoʻnalishi talabalari uchun yangilangan, kapital taʼmirdan chiqqan fakultet binosini foydalanishga topshirishi hamda universitet qoshida faoliyat koʻrsatib kelayotgan “Innovatsion bogʻcha” laboratoriyasi taqdimoti ana shu ishlarning mantiqiy davomi boʻldi.

Tadbirda soʻzga chiqqan universitet rektori Gʻafurjon Muhamedovning taʼkidlashicha, har qanday muvaffaqiyatli shaxsning orqasida uning tarbiyachisi, ustozi, murabbiyi turadi. Yosh bolani tarbiyalash va kamolotga yetkazish qanchalik sharafli ish ekanligi barchamizga maʼlum. Jajji farzandlarimizning koʻz oldimizda ulgʻayishini koʻrish ham qanchalik yoqimli. Bolajonlarimizning koʻz oldimizda shakllanishining ortida ustoz va tarbiyachilarning mehnati yotadi. Yangidan topshirilgan binomiz respublikamizda ayni sohada 3-4 ta boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, universitetimizda “Eko Laboratoriya” va “Bogʻcha Laboratoriya” kabi innovatsion yondashuvlarni yoʻlga qoʻyganmiz, darslarda foydalaniladigan koʻrgazmali qurollarni tayyorlash ustaxonasi ham faoliyat koʻrsatmoqda. Bularning barchasi mamlakatimiz rahbarining taʼlimga berayotgan eʼtiborining samarasidir.

— Bugungi natijalarga erishishimizga taʼlimning davlat siyosati darajasida koʻtarilishi sababdir, — deydi rektor Gʻafurjon Muhamedov. — Prezidentimiz har doim bizga maktabgacha taʼlim eʼtibor markazida ekanligini eslatib turadilar. Bugun foydalanishga topshirilgan binomiz yoshlar uchun barcha imkoniyatlarni taqdim eta oladi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Oliy attestatsiya kengashi bizga 3 ta yoʻnalishda ilmiy kengash tashkil etishga ruxsat berdi. Bularning bittasi inklyuziv taʼlim. Albatta, bu ishlar ilmiy ishlarga yoʻl ochadi. Bizda oʻzini koʻrsata oladigan pedagoglar juda koʻp. Ularni biz ragʻbatlantirib turishimiz kerak.

“Innovatsion bogʻcha” laboratoriyasi ham ushbu maskanda tahsil olayotgan boʻlajak ustozlar uchun haqiqiy amaliyot joyiga aylangan. Ushbu laboratoriyaning ham qayta jihozlanishi kelajak tarbiyachilari uchun haqiqiy bayram tuhfasi boʻldi. Universitetning magistrant talabasi oʻz ilmiy izlanishida aynan bu maskanning ahamiyatini alohida eʼtirof etdi. — Men oʻz ilmiy ishimni aynan shu laboratoriyada qoʻllagan holda amaliy jihatlariga eʼtibor qaratmoqdaman, — deydi universitet talabasi Zuhra Tursunboyeva. — Bu joy boʻlajak tarbiyachilar uchun haqiqiy amaliyot maskani.

Yangi rekonstruksiya qilingan bino Chirchiq davlat pedagogika universitetining ustozlari, shu jumladan, 50 dan ortiq professor-oʻqituvchilari uchun ham qoʻshimcha imkoniyat va ragʻbatdir. Yurtimizda shu kabi islohotlar davom etar ekan, maktabgacha taʼlim sohasi yanada qadr topaveradi.

Sanjar Shomurodov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?