Chiqindilarni qayta ishlash: dolzarb muаmmo va takliflar
Chiqindilarni qayta ishlash chiqindilarni boshqarish siyosatida eng muhim chora-tadbirlardan biri hisoblanadi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda chiqindilarni qayta ishlash masalasiga alohida eʼtibor berilmoqda.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 2-fevral kuni chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha 2022-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishida maishiy chiqindi toʻplash qamrovini 95 %ga, qayta ishlash hajmini 40 %ga yetkazish vazifasi qoʻyilgan.
Biroq, chiqindilarni qayta ishlash sohasida quyidagi muammolar saqlanib qolmoqda:
Birinchidan, respublikamizda chiqindilarni qayta ishlash jarayonini qoʻllab-quvvatlash uchun moliyaviy va infratuzilmaviy muammolar mavjud. Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishdan tushgan mablagʻlar miqdori chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha toʻliq mintaqaviy infratuzilmani yaratishga imkon bermaydi.
Maʼlumot oʻrnida: Respublika hududida 2019-yil holatiga koʻra, umumiy quvvati yiliga 894 ming tonna qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlaydigan 183 ta korxona mavjud. Taqqoslash uchun, Fransiyada 2.3 mln tonna quvvatga ega 300 dan ortiq korxona faoliyat yuritadi.
Shu sababli mazkur ragʻbatlantirish xalqaro moliya institutlarining imtiyozli mablagʻlari hisobidan amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 2-fevral kuni oʻtkazilgan yigʻilishda import qilinadigan texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona bojidan 3 yil muddatga ozod etilishi, saralash va qayta ishlash texnikalari xaridi uchun 5 yilgacha imtiyozli kreditlar ajratilishi va ularning qayta moliyalashtirish stavkasidan oshgan qismi qoplab berilishi, bu ishlar uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli mablagʻlari hisobidan 5 yil muddatga bosqichma-bosqich 500 mlrd soʻm kredit ajratilishi belgilab berilgan.
Xorijiy mamlakatlarda mazkur masalani hal qilishda Chiqindilarni boshqarish jamgʻarmasi tashkil etish muhim oʻrin tutadi. Bunday turdagi jamgʻarmalar ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarimalar, ruxsatnoma va litsenziya uchun toʻlangan mablagʻlar, xorijiy va mahalliy grantlar, subsidiyalar hisobidan moliyalashtiriladi va jamgʻarma mablagʻlari asosan, chiqindilarni boshqarish dasturlarini amalga oshirish, xususiy korxonalarni qoʻllab-quvvatlash uchun sarflanadi.
Ikkinchidan, chiqindilarni qayta ishlash sohasida raqobat muhitini yaratish, chiqindilardan qayta ishlangan mahsulotlarga nisbatan talabni ragʻbatlantirish mexanizmlari mavjud emas.
Xorijiy davlatlarda qayta ishlangan materiallardan foydalangan holda olingan tovar va xizmatlar bozorini ragʻbatlantirish maqsadida ushbu mahsulotlarga nisbatan davlatning “yashil xaridi” tizimidan foydalanish imkoniyatlarini tartibga soluvchi qonunchilik bazasi yaratilgan.
Masalan, Xitoyda chiqindilarni qayta ishlash va qayta ishlangan mahsulotlardan foydalanishga koʻmaklashish maqsadida davlat idoralari, davlat maktablari, davlat korxonalari va tashk
ilotlari hamda harbiy idoralar imtiyozli ravishda qayta ishlangan mahsulotlarni sotib olishi qonun bilan belgilangan.
Uchinchidan, chiqindilarni qayta ishlashdan koʻra ularni yoʻq qilishning boshqa muqobil usullaridan foydalanish amaliyoti saqlanib qolmoqda.
Xususan, mamlakatimizda chiqindilarni asosan poligonlarga joylashtirish yoki ularni yoqish usullaridan keng foydalaniladi. Qayd etish kerakki, poligonlarga chiqindilarni joylashtirish muammoning yechimi boʻlmaydi. Sababi poligonlarga joylashtirilgan chiqindilar atrof-muhitga zarar keltiruvchi asosiy manbalardan biridir.
Maʼlumot uchun: Shisha butilka – 1 mln yil, plastik ichimliklar idishlari – 450-yil, bir martali ishlatiladigan tagliklar – 500-800-yil, alyuminiy konserva – 80-200-yil, batareyalar – 100-yil, kauchukli etik – 50-80 yil, plastik stakanlar – 50 yil, teri – 50 yil, qalay konserva – 50 yil, neylon mato – 30-40 yil, charm poyabzal – 25-40 yil, yogʻoch – 10-15 yil, sigaret qoldiqlari – 10-12 yil, jun kiyimlar – 1-5 yil, sut qutilari – 5 yil, arqonlar – 3-14 oy, paxta qoʻlqop – 3 oy, karton – 2 oy, apelsin yoki banan qobigʻi – 2-5 hafta, qogʻoz sochiq – 2-4 hafta muddatda chiriydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-apreldagi PQ-4291-son qarori bilan tasdiqlangan 2019-2028-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish Strategiyasida umumiy maydoni 1 108,6 gektarga teng 167 ta poligonni yopish va rekultivatsiya qilish bilan bir qatorda, faoliyat yuritayotgan poligonlar oʻrnida umumiy maydoni 693,3 gektarga teng 54 ta modernizatsiyalashgan poligon yaratish va umumiy maydoni 80 gektarga teng
5 ta poligon qurish vazifasi belgilangan.
Biroq, xorijiy davlatlarda poligonlarni sonini kamaytirish maqsadida optimal yechimlar ishlab chiqilgan va huquqiy mexanizmlar belgilangan. Masalan, Filippinda 2000-yilda “Qattiq chiqindilarni ekologik boshqarish toʻgʻrisida”gi qonun kuchga kirgandan soʻng ochiq chiqindixonalarni tashkil etish va boshqarish taqiqlangan. Barcha ochiq chiqindixonalar uch yilgacha boshqariladigan chiqindixonalarga aylantirilishi va boshqariladigan chiqindixonalar esa besh yil ichida yopilishi kerakligi belgilangan. Faqatgina chiqindilarni qayta ishlash natijasida hozil boʻlgan qoldiq chiqindilarni toʻplash uchun sanitariya talablariga javob beradigan poligonlar qurilishiga ruxsat berilgan.
Shuningdek, Yevopaning koʻplab davlatlarida (Niderlandiya, Belgiya)da poligon soligʻi joriy etilgan. Estoniyada 2009-yilda qayta ishlanmagan chiqindilarni koʻmish taqiqlangan va qatʼiy jazo choralari oʻrnatilgan.
2019-yildan Rossiyada ham qayta ishlanmagan chiqindilarni yoqish taqiqlangan.
Respublikamizda chiqindilarni yoqish esa poligonlarni oʻzida amalga oshirilishi atrof-muhitga, aholi salomatligiga jiddiy xavf tugʻdirmoqda.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2019-yil 17-oktyabrdagi 12-son qarori bilan Qattiq maishiy chiqindi poligonlarini loyihalashtirish va ulardan foydalanish boʻyicha yoʻriqnomada poligonlarda atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalarni monitoring qilish yoki energiya olish maqsadida gazni faol ajratib olish tizimini oʻrnatish maqsadga muvofiqligi keltirilgan xolos, majburiyat sifatida oʻrnatilmagan.
Rivojlangan davlatlarda chiqindilarni yoqish va ulardan muqobil energiya manbalari olish usulidan keng foydalaniladi.
Jumladan, Fransiyada qayta ishlanmaydigan chiqindilarni yoqish uchun 130 ga yaqin zavodlar mavjud. Oʻz oʻrnida yoqishda hosil boʻlgan kul yoʻl qurilishida, jarayonda hosil boʻladigan issiqlik esa uylarni issiqlik bilan taʼminlashda foydalaniladi. Ayrim korxonalar yer ostida joylashgan boʻlib, ular tutun, badboʻy hid tarqatmaydigan texnologiyalardan foydalanadi.
Shvetsiya har yili oʻrtacha 461 kg chiqindilarni ishlab chiqaradi, ammo yiliga 2 mln tonnadan ortiq chiqindilarni yoqib yuboradigan yoqish dasturidan foydalanadi. Bu esa mamlakat chiqindilarining yarmini energiyaga aylantirishni taʼminlaydi, buning uchun WtE zavodlari (chiqindi-energetika, WtE) mavjud. Shvetsiyada chiqindilarni energiyaga aylantirish dasturi 1940-yilda boshlangan. Zamonaviy chiqindilarni yoqish zavodlari toʻliq avtomatlashtirilgan va minimal darajada xodimlarni jalb qiladi. Chiqindilarni yoqish boʻyicha qoidalar ham ishlab chiqilgan. Shvetsiyada chiqindilarni xomashyo sifatida yoqish uchun sertifikatlangan 32 ta issiqlik zavodlari mavjud. Ularning markazlashtirilgan issiqlik energiyasi bozoridagi ulushi 42% ni tashkil qiladi. Chiqindini yoqishdan hosil boʻlgan kuldan metallar ham olinadi. Hatto kanalizatsiyaga tashlanadigan organik moddalar ham energiyaga aylantiriladi, bunday chiqindilardan tarkibida metan boʻlgan biogaz, soʻngra shahar transporti uchun bioyoqilgʻi ishlab chiqariladi. Natijada Shvetsiyada chiqindilar massasining atigi 1 foizi tashlanadi.
Xorijiy mamlakatlarda chiqindilarni qayta ishlash sohasida “funksional jihatdan bogʻliq ishlab chiqarish va texnologik infratuzilma obektlari majmuasi” boʻlgan ekotexnoparklardan foydalanish ham keng tarqalgan boʻlib, ular chiqindilarni qayta ishlash darajasini oshirish, chiqindilarni utilizatsiya qilish hajmini qisqartirish, yangi ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qiladi. Masalan, mutaxassislarning fikriga koʻra, Rossiya Federatsiyasida ekotexnoparklarning tashkil etilishi 2030-yilga kelib chiqindilarni qayta ishlash darajasini 10% dan 80% gacha oshirishga va qayta ishlangan mahsulotlarga boʻlgan talabni oshirishga yordam beradi.
Chiqindilarni qayta ishlash darajasini oshirish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:
- chiqindilar sohasiga oid huquqbuzarliklar uchun undiriladigan jarimalar, ruxsatnoma va litsenziya uchun toʻlangan mablagʻlar, xorijiy va mahalliy grantlar, subsidiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan va faqat chiqindilarni boshqarish dasturlarini amalga oshirish uchun sarflanadigan chiqindilarni boshqarish jamgʻarmasini tashkil etish;
- chiqindilardan qayta ishlangan mahsulotlarga nisbatan talabni ragʻbatlantirish mexanizmlarini, shu jumladan, davlatning “yashil xaridi” tizimini ishlab chiqish;
- qoldiq chiqindilarni joylashtirish uchungina poligonlar faoliyatiga ruxsat berish, poligonlar ochishni taqiqlash;
- qayta ishlanmagan chiqindilarni koʻmishni taqiqlash;
- Shvetsiya tajribasidan kelib chiqib, chiqindilarni yoqish va ulardan muqobil energiya manbalari olish imkoniyatlarini kengaytirish;
- chiqindilarni qayta ishlash sohasida ekotexnoparklar tashkil etish;
- mahalliy hokimiyat organlari tomonidan xoʻjalik yurituvchi subektlarga koʻrsatilayotgan lizing xizmatlari koʻlamini yangi ekologik texnologiyalar, chiqindilarni boshqarishni optimallashtirish uchun mashina va uskunalarni sotib olish nuqtayi nazaridan kengaytirish;
- chiqindilarni qayta ishlash infratuzilmasini maqsadli qurish (modernizatsiya qilish), texnologik qayta jihozlash uchun ekologik toʻlovdan foydalanish imkoniyatlarini koʻrib chiqish;
- chiqindilarni utilizatsiya qilish sohasida turli xil chiqindilarni qayta ishlash bilan bogʻliq atrof-muhitga yetkazilgan zararga qarab tabaqalashtirilgan soliqqa tortish tizimini joriy etish;
- maqsadli investitsiya loyihalari, shu jumladan chiqindilarni qayta ishlash kompleksini yaratish uchun kreditlar boʻyicha foiz stavkalarini subsidiyalash;
- chiqindilarni qayta ishlashning yangi texnologiyalarini oʻzlashtirgan korxonalarga soliq imtiyozlarini qoʻllash;
- ikkilamchi moddiy resurslardan tayyorlangan mahsulotlarga nisbatan QQSni bekor qilish.
A.Safarova,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti masʼul xodimi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring