Chimkent shahar hokimi oʻrinbosariga suiqasd uyushtirildi

11:26 22 Aprel 2025 Dunyo
366 0

Kecha, 21-aprel kuni Qozogʻistonning Chimkent shahar hokimi oʻrinbosari Ruslan Berdenov nomaʼlum shaxs tomonidan otib ketilgan. Bu haqida “Tengrinews” nashri xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, mazkur hodisa shahar hokimiyati binosi yonida sodir boʻlgan. Jabrlanuvchining partiyadoshi Beybit Alibekovning soʻzlariga koʻra, hokim oʻrinbosariga uch marta oʻqotar quroldan oʻq uzilgan. Ruslan Berdenov son va yelka qismidan jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan va zudlik bilan operatsiya qilingan.

“Ruslan Berdenov operatsiyadan soʻng ilk bor hushiga keldi, gapira oladi. Biroq uning ahvoli hamon ogʻir baholanmoqda”, — deyiladi shahar Sogʻliqni saqlash boshqarmasi maʼlumotida.

Shifokorlar Ruslan Berdenovga operatsiyadan soʻng, oʻng koʻkrak qafasining teshib oʻtuvchi oʻqotar jarohati, oʻng oʻpka pastki qismining jarohatlari, qovurgʻalararo arteriyalar va diafragmaning koʻplab shikastlanishlari, shuningdek, oʻng tomonda gemopnevmotoraks tashxisini qoʻygan.

Shuningdek, jabrlanuvchida Plevropulmonal va gemorragik shok holati kuzatilgan. Bundan tashqari, jigar shikastlanishi, qorin boʻshligʻidagi chuqur jarohatlar, ichki qon ketish, oʻng buyrak, yelka va bilakning jarohatlari, tashqi qon ketish kabi tashxislar ham qoʻyilgan.

Bildirilishicha, mazkur jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxs allaqachon qoʻlga olingan hamda vaqtincha saqlash qamoqxonasiga olib borilgan. Hozirda tergov harakatlari boshlab yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер