Chet tilini oʻrganish nima uchun kerak?

22:09 20 May 2022 Jamiyat
6272 0

Foto: Illustrativ foto

Insoniyat yaralibdiki, til orqali oʻzaro muloqotga kirishadi. U xalqlarni bir-biriga bogʻlovchi betakror fenomen boʻlsa, ikkinchi tarafdan turli millatlarni bir-biridan ajratuvchi, oʻziga xos noyob hodisadir. Qolaversa, bugungi kunga kelib jahonning eng ilgʻor ish uslublarini oʻzlashtirish uchun ham til asosiy vosita hisoblanadi. Zero, tarixdan maʼlumki, qaysi xalq vakillari qancha koʻp til bilsa, shuncha tez va mukammal taraqqiyot yoʻliga chiqa olgan.

Bugungi kunda yurtimiz oliy oʻquv yurtlar tizimida chet tillarni oʻqitish ikki yoʻnalishda amalga oshirilmoqda. Birinchi yoʻnalishda boʻlgʻusi filolog, yaʼni chet tili fani oʻqituvchilari tayyorlanadi. Ikkinchi yoʻnalishda esa turli kasb boʻyicha tahsil olayotgan talabalarning xohishiga binoan chet tillaridan biri oʻrgatiladi. Bu yoʻnalishning auditoriyasi birinchi yoʻnalishga nisbatan ancha katta. Lekin bu chet tillarini oʻqitishning eng ogʻriqli, oʻta boʻsh, ilmiy-amaliy nuqtayi nazardan jiddiy islohotga muhtoj sohasi hisoblanadi.

Andijon davlat universitetining chet tillari fakultetida hozirgi kunda 2 ming 949 nafar talaba kunduzgi taʼlimda ingliz, nemis, fransuz tillari va adabiyoti boʻyicha tahsil olmoqda. Biroq, tan olish kerak, bugungi kun taʼlimotidagi qoʻllanmalardagi matnlar, maʼlumotlar milliy mentalitetimizga toʻgʻri kelmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, darsliklar talab darajasida emas. Shu bois universitetning oʻzida 1-kurs talabalari uchun “Reading1», “Writing1», “Speaking1» va “Listening1» nomli darslik tayyorlanib, hozirda fakultetda sinovdan oʻtkazilmoqda. Yaqin kelajakda ushbu darsliklarni boshqa kurslar uchun ham yaratish rejalashtirilgan. Buning uchun universitetimizda 7 ta kafedra faoliyati tashkil etilgan boʻlib, ularda jami 184 nafar professor-oʻqituvchilar xizmat qilmoqda.

Biroq muammolardan ham xoli emasmiz. Masalan, talabalarga oʻzlari tanlagan kasb yoʻnalishi boʻyicha terminlardan tarkib topgan chet tilini oʻrgatish metodikasiga ega emasmiz. Qolaversa, respublikamizning boshqa oliygohlarida ham ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) fanlari yoʻnalishlari boʻyicha chet tilida, jumladan, ingliz tilida dars bera oladigan mutaxassislar tayyorlash davr talabi darajasida emas. Binobarin, davlatimiz rahbarining shu yil 14-apreldagi “Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻini kengaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoni mazmunidan kelib chiqadigan vazifalarni bajarish hamda kelajakda Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar, Prezident maktablariga kadrlar yetishtirib, joylarda eng ilgʻor taʼlim tizimini joriy etish davr talabiga aylandi.

Savol tugʻiladi: chet tilini necha yoshdan boshlab oʻrganish maqsadga muvofiq?

Shu oʻrinda aytish lozimki, bola tilni oʻzlashtira boshlagan, yaʼni gapirishni oʻrgana boshlagan paytdan boshlab birorta xorijiy tilni ham oʻzlashtirish qobiliyatiga ega boʻladi. Shuni hisobga olgan holda fakultetimizning salohiyatli metodist-olimlari tomonidan «Bogʻcha-maktab-oliygoh» klasterini shakllantirish maqsadida “My First English Book” nomli birinchi darslik tayyorlandi. U bogʻcha yoshidagi bolalar uchun moʻljallangan boʻlib, kichkintoylarning til oʻrganish jarayonini shakllantirishga xizmat qiladi.

Biz ertamiz bugundanda yorqin, farovon boʻlishiga ishonamiz. Ishonchlar amalga oshadi, qachonki uning uchun bugundan poydevorni mustahkam qoʻya olsak. Ana shunday mustahkam asoslardan biri chet tilini oʻrganishdir. Shu maʼnoda zamondoshlarimizda, ayniqsa, yoshlarimizda xorijiy tillarni oʻrganishga boʻlgan talabning ortayotgani behad quvonarli. Bu esa chet tillarini oʻqitish sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlar zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi.

Dilshodbek RUSTAMOV,

Andijon davlat universiteti

chet tillari fakulteti dekani,

filologiya fanlari doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер