Chekka mahallada yangi tibbiyot muassasasi ishga tushirildi

16:31 14 Yanvar 2026 Jamiyat
291 0

Mamlakatimizda inson qadrining ulugʻlanishi, uning salomatligini saqlash, sifatli tibbiy yordam olish jarayonlariga ham daxl etib, insoniyat tibbiyotda erishgan yutuqlardan bugungi kunda aholining barcha qatlamlari uchun birdek foydalanish imkoniga ega boʻlishmoqda. Bunda xususiy tibbiyot muassasalarining ulushi tobora oshib, aniq tashxis qoʻyish va muolaja imkoniyatlarini olis hududlarga yaqinlashtirishda muhim omil boʻlmoqda.

Navbahor tumanining “Beshrabot“ mahallasi hududida tashkil etilgan yangi tibbiyot muassasasi shulardan biri. Muassasa aholiga qulay va sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishni maqsad qilgan boʻlib, bu yerda endokrinolog, lor, urolog hamda terapevt kabi tor mutaxassislar faoliyat olib boradi. Eng ilgʻor tibbiy texnologiyalar bilan bilan jihozlangan laboratoriyalar aniq tashxis qoʻyish va davolash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Muassasada 11 ta statsionar davolanish oʻrni mavjud.

  • Mehnat faoliyatimning asosiy qismi tuman tibbiyot birlashmasining rahbarlik lavozimlarida oʻtgan, — deydi faxriy shifokor Bobojon Gʻafforov. — Albatta, mazkur muassasadagi tashxis qoʻyish va davolash uskunalarining aksariyati biz kabi shifokorlarning uzoq yillik orzuyimiz edi. Shubhasiz, mazkur salohiyat shifo samaradorligini oshiradi.

Muassasaning ochilish marosimida ishtirokchilar yangi tibbiyot maskani faoliyati bilan tanishib, yaratilgan shart-sharoitlar va tibbiy xizmatlar sifatiga yuqori baho berishdi. Shuningdek, ular tadbirkorning tashabbusini qoʻllab-quvvatlab, bunday loyihalar aholi salomatligini mustahkamlash, yangi ish oʻrinlari yaratish va xususiy sektorning oʻrni muhim ekanligini taʼkidladilar.

Yangi xususiy tibbiyot muassasasining ishga tushirilishi mahalla va unga yaqin hududlarda istiqomat qiluvchi aholi uchun zarur qulaylik yaratishi bilan birga turli kasalliklar profilaktikasida ham muhim oʻrin tutadi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?