Chekishga qaramlikka qarshi kurashning yangi usuli topildi

Illyustrativ foto
Xitoylik olimlar besh kunlik takroriy magnit stimulyatsiya kursi tamaki isteʼmoli bilan bogʻliq boʻlgan neyron zanjirlarni qayta oʻtkazishini va chekishga boʻlgan ishtiyoqni sezilarli darajada kamaytirishini aniqladilar. Tadqiqot ishi haqida batafsil “Journal of Affective Disorders” jurnalida maqola chop etildi.
Tamakiga qaramlik — bu odamning sogʻligʻiga zarar yetkazishiga qaramay, nikotinni isteʼmol qilishni davom ettiriladigan holat. Nikotin miya kimyosini oʻzgartirib, chekishga kuchli ishtiyoq hosil qiladi va undan voz kechishni qiyinlashtiradi. Bundan tashqari, stress yoki boshqa ijtimoiy omillar qaramlikni kuchaytirishi mumkin.
Nikotinni almashtirish terapiyasi, maxsus dorilar va psixoterapiya kabi mavjud davolash usullari har doim ham samarali emas. Masalan, vareniklin preparati chekuvchilarning atigi 27 foiziga terapiya boshlanganidan olti oy oʻtgach chekishni butunlay tashlashga yordam beradi.
Shuang Li boshchiligidagi tadqiqotchilar transkranial magnit stimulyatsiya nikotinga qaramlikni kamaytirishga yordam beradimi yoki yoʻqligini tekshirishga qaror qilishdi. Usul magnit impulslarning miyaning maʼlum joylariga taʼsiriga asoslangan boʻlib, u qaramlik bilan bogʻliq neyron aloqalarni qayta tashkil qiladi. Ularning tajribasi chekishni tashlamoqchi boʻlgan 60 ta chekuvchi va hech qachon tamaki isteʼmol qilmagan 64 kishini qamrab oldi.
Barcha subyektlar miya faoliyatini oʻrganish uchun funksional magnit-rezonans tomografiyadan oʻtkazildi. Keyin chekuvchilar ikki guruhga boʻlingan: biri haqiqiy magnit, ikkinchisi esa soxta (platsebo) stimulyatsiyani olgan. Ikkinchi jarayonda ham qurilma ishlagan, lekin haqiqiy effekt yaratmagan.
Magnit impulslar miyaning oʻz-oʻzini nazorat qilish va qaror qabul qilish uchun masʼul boʻlgan dorsolateral prefrontal korteksga yoʻnaltirilgan. Aynan shu narsa odamga impulsiv istaklarga, shu jumladan, chekish istagiga qarshi turishga yordam beradi. Olimlar “Magstim Super Rapid2” qurilmasidan foydalanib, uni ragʻbatlantirishni ishtirokchilarning individual ehtiyojlariga moslashtirdilar.
Miyani skanerlash chekuvchilarning xatti-harakatni boshqarish uchun masʼul boʻlgan miya hududlari va mukofot tizimi oʻrtasidagi aloqani kuchaytirganligini koʻrsatdi. Besh kunlik magnit stimulyatsiyadan soʻng, bu aloqa zaiflashdi, bu neyron davrlarini qayta qurishdan dalolat beradi. Ragʻbatlantirishni olgan ishtirokchilar chekishga boʻlgan ishtiyoqlarining sezilarli darajada kamayganligini xabar qilishdi.
Natijalar shuni koʻrsatadiki, magnit stimulyatsiya tamakiga qaramlikni samarali davolashga yordam berishi mumkin. Biroq, hozircha tadqiqot faqat yosh erkaklarda oʻtkazildi va olimlar bu usul ayollar va chekish tarixi uzoqroq boʻlgan odamlar uchun ham ishlay oladimi yoki yoʻqligini sinab koʻrishni rejalashtirmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring