Byudjet jarayonida fuqarolar ishtiroki taʼminlanmoqda
Bundan buyon mahalliy byudjet mablagʻlari qay maqsad uchun yoʻnaltirilishida har bir soliq toʻlovchi ishtirok etishi mumkin. Bu borada “Ochiq byudjet”, “Tashabbusli byudjet” tamoyillari hayotga tatbiq etilib, ushbu jarayonda adolat va shaffoflik sari jiddiy qadam qoʻyildi.
Muxbirimiz ayni sohada olib borilayotgan izchil saʼy-harakatlar xususida Fargʻona viloyati moliya bosh boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Gʻanijon Soliyev bilan suhbatlashdi.
— Prezidentimizning 2021-yil 13-apreldagi “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, tuman (shahar) tasdiqlangan byudjetining 5 foiziga teng miqdordagi mablagʻ jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi, — deydi Gʻ. Soliyev. — Bu mablagʻ mahalliy hokimliklarning byudjetdan tashqari jamgʻarmalari shaklida ochiladigan “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi” shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida jamlanadi. Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har chorak yakuni boʻyicha mahalliy hokimliklarning rasmiy veb-saytlari hamda “Ochiq byudjet” portaliga joylashtirilishi kerak.
Fargʻona viloyatida 2021-yili ilk bor jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida “Tashabbusli byudjet” jarayoni oʻtkazildi. Shu tariqa “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarma”larida 37 mlrd. 735 mln. soʻm mablagʻ shakllantirildi.
Birinchi bosqichda 2021-yilning 1–31-iyul kunlari taklif berish istagidagi hamyurtlarimizning oʻzlari yashayotgan hududdagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha 3 ming 501 ta takliflari “Ochiq byudjet” axborot portaliga elektron shaklda joylashtirildi.
Ikkinchi bosqichda esa 2021-yilning 1-12-avgust kunlari davomida tuman (shahar)larda jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish, baholash, tanlab olish hamda ijrosini monitoring qilish Ishchi komissiyasi tomonidan 3 ming 501 ta taklifdan 1 ming 844 tasiga ovoz berish jarayoni oʻtkazildi.
Uchinchi bosqich doirasida 2021-yil 13-avgust-2-sentyabr kunlari eng koʻp ovoz toʻplagan 145 ta taklif “Ochiq byudjet” axborot portali tomonidan inson omilisiz, toʻgʻridan-toʻgʻri gʻolib deb topildi.
“Tashabbusli byudjet” jarayoni natijalariga koʻra, Fargʻona viloyati boʻyicha eng koʻp ovoz toʻplagan va gʻolib boʻlgan umumiy qiymati 39 mlrd. 351 mln. soʻmlik – 145 ta takliflarni moliyalashtirish maqsadida tuman (shahar) ishchi guruhlari tomonidan manzilli roʻyxat shakllantirildi. Ana shu takliflarga asosan mablagʻlar umumtaʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport muassasalarini taʼmirlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ichki yoʻllarni (piyodalar yoʻlakchasi, yoʻl oʻtkazgichlar) taʼmirlash, ichimlik va oqova suv taʼminotini yaxshilash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish sohalariga yoʻnaltirildi.
Shakllantirilgan manzilli roʻyxatlarga asosan takliflarni moliyalashtirishga biriktirilgan buyurtmachi tashkilotlarga har bir taklif boʻyicha tegishli gʻazna hisob raqamlari ochildi. Tuman-shahar hokimliklari tomonidan tegishli mablagʻlar “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”dan buyurtmachi tashkilotlarning gʻazna hisob raqamlariga oʻtkazib berildi.
Dangʻara tumanining “Uvaysiy” MFY Doʻstlik koʻchasida yashovchi Mansurjon Rasulovning aholi xonadonlarini kanalizatsiya tarmogʻiga ulash, koʻchaning bir qismini asfaltla tirish toʻgʻrisidagi taklifi “Ochiq byudjet” portalida koʻp ovoz yigʻib, 230 million soʻm berildi. Shu tariqa mahallada aholi xonadonlarini kanalizatsiya tarmogʻiga ulash, koʻchaga asfalt yotqizish ishlari olib borilyapti.
Bagʻdod tumani “Qoʻgʻoli” MFYda yashovchi Islomjon Ilhomiddinov hududdagi 300 nafarga yaqin oʻgʻil-qizlar 6 kilometr yoʻl bosib, qoʻshni Irgʻoli qishlogʻidagi 30-umumtaʼlim maktabiga qatnashi, shu bois mahalla ahli hashar yoʻli bilan qishloqda 30-umumtaʼlim maktabi filialini qurish ishlariga kirishgani, ishni oxiriga yetkazish uchun qoʻshimcha mablagʻ zarurligi borasida “Ochiq byudjet” portaliga oʻz taklifini joyladi. Bu taklif gʻolib boʻlish uchun yetarlicha ovoz berildi va 900 million soʻm mablagʻ ajratildi. Bugungi kunda Qoʻgʻolida 330 oʻrinli zamonaviy maktab qurilishi ishlari jadallik bilan davom etmoqda. Bilim dargohini joriy yilda Navroʻz bayrami arafasida foydalanishga topshirish koʻzda tutilmoqda.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring