Byudjet taqchilligini moliyalashtirishga hech kim bizga kredit bermagan — Jamshid Qoʻchqorov

15:47 03 Dekabr 2025 Siyosat
276 0

Bosh vazir oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov avvalgi maʼmuriyat davrida davlat byudjeti profitsit bilan ijro qilib kelinganiga izoh berdi. Vazir bu haqda bugun, 3-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisidagi chiqishida soʻz ochdi.

“Agar tarixni koʻtarib koʻrsangiz, bizda koʻp yillar davomida profitsit boʻlgan. U zoʻrmidi, degan savolga shu sohada ishlab kelayotgan odam sifatida yoʻq deb javob berishga majburman. Chunki oʻsha paytda profitsit boʻlganining sababi shuki, byudjet taqchilligini moliyalashtirishga hech kim bizga kredit bermagan. Men buni rasmiy aytishim mumkin: hech kim”, deydi Jamshid Qoʻchqorov.

Iqtisodiyot va moliya vaziri byudjet taqchilligini moliyalashtirishga kredit berilmagani haqida gapirar ekan, bunga bugungi kunda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning oʻsha davrda boʻlmaganini qayd etdi.

“Islohotlar yoʻq edi, soʻm erkin konvertatsiya qilinmasdi, soliq siyosati... Umuman, oxirgi 8-yilda nimalar qilingan boʻlsa, shular yoʻq edi. Shuning uchun ham hech kim bizga byudjet taqchilligini moliyalashtirishga kredit bermasdi”, dedi Bosh vazir oʻrinbosari.

Majlisda byudjet loyihasi muhokamalarida deputatlar bir qator savollarni oʻrtaga tashladi. Xususan, deputat Saydulla Neʼmatov Oʻzbekiston iqtisodiyoti oʻsish barobarida byudjet defitsiti ham oshib borishi kuzatilayotganini, xususan, bu yil 51 milliard, keyingi yil 59 milliard, undan keyingi yil 70 milliarddan koʻproq defitsit prognoz qilinayotganini aytdi.

Qoʻchqorov “Taqchillik doimiy boʻlaverishi kerakmi?” degan savolga quyidagicha javob berdi:

“Taqchillikning kattaligi yaxshi emas. Xalqaro valyuta jamgʻarmasining fikri ham shunday. 3 foiz defitsit ham nazariya ham mamlakatlarning amaliyoti. Bu davlat qarzining moʻtadil oshishini taʼmirlaydi, shu bilan birga defolt, bankrot degan holatlarga kelishga yoʻl qoʻymaydi. Umuman olganda, taqchillik haqidagi berilgan savol juda ham oʻrinli.

Qachonki mamlakatda iqtisodiy oʻsish boʻlayotgan boʻlsa, taqchillik oʻz vazifasini bajaryapti deb hisoblash mumkin. Taqchillik degani qoʻshimcha pul olib iqtisodiyotni ragʻbatlantirish. Qarz olsakda, iqtisodiyot oʻsmasa, bu notoʻgʻri”, dedi u.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?