Buyuk shoir, atoqli davlat va jamoat arbobiga ehtirom

16:17 02 Iyun 2021 Madaniyat
626 0

Ulugʻ shoir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy dunyo adabiyoti tarixida tengi topilmas bir siymodir. U oʻzbek tili va adabiyotimizning nechogʻlik boy, rang-barangligi hamda cheksiz imkoniyatlarini butun ijodi, serqirra faoliyati bilan isbotlab, uning nufuzini jahon miqyosiga olib chiqdi.

Aytish mumkinki, Navoiy oʻzining sheʼriy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy gʻoyalarni, ona tilimizning beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi, latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib oʻrin egalladi.

Shu jihatdan Prezidentimiz rahnamoligida Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish, uning oʻlmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targʻib qilish, xotirasini abadiylashtirishga katta eʼtibor qaratilayotir.

Joriy yil 31-may kuni Prezidentimiz turizm, shahar infratuzilmasi, sanoat sohalaridagi loyihalar hamda Alisher Navoiy maqbarasini taʼmirlash va tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari loyihalar bilan tanishar ekan, har bir loyiha boʻyicha oʻz fikrlarini bildirib, ularni yana-da takomillashtirish yuzasidan zarur tavsiyalar berdi. Ayniqsa, buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy maqbarasini taʼmirlash va tiklash, uning atrofini obodonlashtirish loyihasiga alohida eʼtibor qaratdi.

Sir emaski, Afgʻonistonning Hirot shahridagi Alisher Navoiy maqbarasi majmuasida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganib chiqish vazifasi Prezidentimizning 2020-yil 19-oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan edi.

Oʻtgan davr mobaynida ushbu topshiriq ijrosini taʼminlash doirasida mamlakatimiz mutaxassislari afgʻonistonlik hamkasblari bilan birgalikda maqbarani joyida oʻrgandi. Natijada anʼanaviy meʼmorchilik, sanʼat va bezak elementlaridan foydalangan holda maqbarani taʼmirlash va tiklash loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihaga koʻra, maqbaraning kirish va qolgan yoʻlaklariga Hazrat Navoiyning hikmatli soʻzlari bitilgan kitob koʻrinishidagi belgilar qoʻyiladi hamda dekorativ oʻtirgichlar oʻrnatiladi. Kirish qismida sakkiz burchakli masjid bunyod etilib, kirish peshtogʻidan hovli qismining chap va oʻng tomonida yopiq uslubda ayvonlar barpo etiladi.

Shuningdek, maqbaraning tashqi koʻrinishiga bezak berilib, Gumbaz, maqbara oldi va yon qismlari mayolika elementlari bilan ishlanadi. Bundan anglash mumkinki, maqbara atrofi anvoyi gullarga, yashillik olamiga burkanadi, avlodlar qadami uzilmaydigan maskanga aylanadi. Bularning hammasi xalqimizning ulugʻ dahoga ehtiromning yana bir ifodasi emasmi!?

Alisher Navoiy nafaqat shoir, mutafakkir alloma, balki buyuk shaxs sifatida ham oʻchmas nom va mangulik meros qoldirgan, desak mubolagʻa emas. U zot oʻz davrida Xuroson va Movarounnahr oʻlkalarida koʻplab inshoot, binolar, imoratlar bunyod qilishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan edi. Hayoti davomida esa ana shu orzu-niyatlarining salkam yarmini amalga oshirishga erishgan, yaʼni 450 dan ortiq inshootlar barpo ettirgan.

Xulosa qilib aytganda, keyingi yillarda buyuk ajdodlarimiz soʻnmas dahosiga hurmat-ehtirom nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlarda ham kuchaydi. Bu bejiz emas, albatta. Zotan, Navoiyni bilish, ulardan ibrat olish odamlarni, yoshlarimizni yaxshilikka, ezgulikka undaydi, komillikka yetaklaydi.

Botirbek TOʻRAZODA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?