Buyuk maqsadlar natijasini bugun amalda koʻryapmiz

15:56 26 Noyabr 2024 Siyosat
277 0

Yurtimizdagi ulkan oʻzgarishlar, yurtdoshlarimiz ongu tafakkuridagi yangilanishlar va ularning jahoniy eʼtiroflaridan qanchalik gʻururlansak kam. Bir esga olaylik, Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatidagi faoliyatining ilk kunlaridanoq xalqning hokimiyatga boʻlgan ishonchini tiklash masalasini oʻzining eng asosiy vazifalaridan biri etib belgilaganida hamda fikr va soʻz erkinligiga yoʻl ochib, bu ishni pastdan, oddiy xalq orasidan boshlashga qaror qilganida barcha yutuqlarimizning bosh omili paydo boʻlganini, yangi hayotimizni barpo etish, uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini qurish bundan buyon hayot tarzimizga aylanishini tasavvur ham qilolmas edik.

Tarixdan ayonki, xalqning ishtirokisiz amalga oshirilgan har qanday islohot muvaffaqiyatsiz yakunlanadi. Odamlarning dunyoqarashini oʻzgartirmay turib, jamiyatni yangilab boʻlmasligi ham kunday ravshan. Shu maʼnoda, Prezidentimizning har bir saʼy-harakati, tashabbus va gʻoyalari zamirida xalqimizni rozi qilish, yillar davomida odamlarni qiynab kelgan muammolarni hal qilishdek ezgu va xayrli maqsadlar mujassam. Shu bois odamlarning talab-istaklarini roʻyobga chiqarish, ularni eshitish, huquq va manfaatlarini taʼminlash yangi siyosatning muhim yoʻnalishiga aylandi.

Mana, oradan sanoqli yillar oʻtib, mamlakatimizdagi oʻzgarishlarni nafaqat biz, xalqimiz, balki xorijliklar, siyosatchiyu tahlilchilar — xalqaro hamjamiyat ham sezmoqda, eʼtirof etmoqda.

Germaniyalik siyosiy sharhlovchi, “Berliner Zeitung” nashri Geosiyosat boʻlimi rahbari Tomas Fasbenderning siyosatshunos Qudratilla Rafiqov bilan suhbatini katta qiziqish va hayajon ila oʻqirkanman, koʻnglimdan yuqoridagi fikrlar kechdi.

“Xalq soʻzi” gazetasining 19-noyabr sonida eʼlon qilingan “Oʻzbekistondan “Yangi Oʻzbekiston”gacha: yoʻqotilgan qalbni izlab...” sarlavhali ushbu maqolada mamlakatimizning yaqin oʻtmishi, buguni, kelajagi va mintaqadagi siyosiy evrilishlar haqida soʻz boradi. Shu asnoda Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, xalqparvar va millatparvar siyosati, shuningdek, mintaqa miqyosidagi tashabbuslari va ularning natijalari teran tahlil etilgan.

Maqolani oʻqiymiz — dastlabki savolda shunday deyiladi: “...Hozir sizdan soʻramoqchi boʻlgan narsa olis oʻtmish haqida emas, balki bu oʻlkaning buguni, mamlakat va jamiyatning mustaqillikdan keyin ham oʻzini oʻnglab olishi qiyin kechgani, siyosiy elita zehniyati, ayniqsa, jamiyat tafakkurida sovet davridagidan-da xavotirli turgʻunlik hukm surgani haqida...”

Ushbu savolga javobning muxtasar qismi shunday: “...mustaqillikning oʻtgan 25-yillik davrida milliy davlat va millat qurish ishlariga jiddiy qaralmadi. Va ayni shu sabablarga koʻra, koʻpchilik tahlilchilar Oʻzbekistonda oʻtish davri amalga oshgan 2016-yilning soʻngida “...Mirziyoyevga ogʻir siyosiy va iqtisodiy meros qoldi” degan fikrga kelganlarida, mutlaqo haq edilar...

Eng afsuslanarlisi, siz aytgandek, geopolitik nuqtayi nazardan muhim nuqta — Yevroosiyoning markazida joylashgan mintaqaning eng yirik va barcha jihatdan taʼsir kuchiga ega mamlakati maʼlum maʼnoda yopiq va dunyodan uzilgan davlatga aylanib qoldi.

Milliy davlat va millat qurilishining sovetcha konsepsiyasida qolib ketishga undagan ortodoksal mayl nafaqat ichki, balki mintaqaviy yakdillikka ham oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Jumladan, bu mintaqada etnik millatchilikni “ilhomlantirib”, yangi tashkil topgan respublikalarni bir-biridan begonalashtirishga xizmat qildi...”

Barchamizni munosabatga, mushohadaga chorlagan ushbu suhbat-maqolada aynan ushbu savolga toʻliq va aniq javob berilgani eʼtiborga molik. Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning javobi davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan keng koʻlamli siyosatning ustuvor jihatlari koʻrsatib oʻtilgan. Xususan, sobiq ittifoq davridan qolgan ogʻir ijtimoiy-siyosiy meros, mintaqadagi geosiyosiy vaziyat va globallashuv taʼsirida mamlakatning murakkab taraqqiyot yoʻlidan oʻtishi, shuningdek, davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan tub islohotlar va hayotbaxsh tashabbuslar aniq hayotiy misollar yordamida ochib berilgan.

Ha, oʻtgan yillar davomida hayotimizda jiddiy oʻzgarishlar yuz berdi.

Eʼtibor berilsa, Oʻzbekistonni dunyo nafaqat tanidi, yutuqlarini tan oldi, balki bizdan oʻrganayotir ham. Vatanimiz jahon reytinglaridan joy olmoqda, joy olgandayam eng yuqori oʻrinlarni egallayotir.

Shu oʻrinda bugun koʻzimiz koʻnikib qolgan yangilanishlarni mulohaza qilar ekanmiz, xalqimiz uzoq yillar kutgan oʻzgarishlarning harakat markazida turgan inson — Prezidentimiz tashabbusi xususida muxtasar toʻxtalsak. Aytish mumkinki, bu tashabbuslar Oʻzbekiston tarixida milliy oʻzlikni shakllantirish, ijtimoiy farovonlikni taʼminlash va xalqaro jarayonlarda faol ishtirok etishga qaratilgan yangi bosqichning boshlanishi belgisi edi.

Deylik, yirik sanoat obyektlarining ishga tushirilishi, yuz minglab ish oʻrinlari yaratilgani, shahar va qishloqlarimizda minglab koʻp qavatli uy-joylar foydalanishga topshirilgani, kambagʻallikka barham berilayotgani, aholining daromadlari muttasil oshayotgani, shubhasiz, katta yutuq. Yoki mamlakatimizda yosh oilalar har jihatdan qoʻllab-quvvatlanayotgani, ularga va yetimlarga, nogironligi bor fuqarolarga uy-joy berilayotgani, farzand tarbiyasi bilan shugʻullanayotgan ayollarga qoʻshimcha ijtimoiy yordam koʻrsatilayotgani dunyo miqyosida olganda ham eʼtiborga molik yangilikdir.

Ayniqsa, faoliyatining ilk bosqichida Prezidentimiz oʻz siyosatining ochiqligi va xalqchilligini namoyon etib, mamlakat ichidagi repressiv tuzumga nuqta qoʻygani xalqimizning olqishiga sazovor boʻldi.

Maqolaga yuzlanamiz: “...Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston tarixida ilk bor BMT minbaridan turib, oʻzbek tilida nutq qildi... Mamlakatda diniy, siyosiy va soʻz erkinligiga yoʻl berildi. “Qora roʻyxat”lar, eng asosiysi, Oʻzbekistonni dunyoga mustaqillikdan keyin ham eski zamonlardagidek koʻrsatib turadigan paxta yakkahokimligi, majburiy, ayniqsa, bolalar mehnatidan voz kechildi. Butun dunyoga ovoza boʻlgan, siyosiy va diniy mahbuslar saqlanadigan Qoraqalpogʻistonning “Borsa-kelmas”idagi “Jasliq” hibsxonasi yopildi...”

Shular haqida gapira turib, “...juda sokin va ortiqcha shov-shuvlarsiz amalga oshirilgan ayni harakatlarni davlat va jamiyatning milliy oʻzlikka boʻlgan intilishi, kolonial va neokolonial bosimlardan qochish, deb sharhlasak, toʻgʻri boʻladi”, deydi siyosatshunos ushbu fundamental muloqotda. Shuningdek, suhbat davomida Oʻzbekiston Markaziy Osiyoni mintaqaviy rivojlanishning asosi sifatida belgilab, yaxshi qoʻshnichilik tamoyillarini ilgari surayotgani chuqur tahliliy salohiyat va xolislik bilan bayon etiladi.

Darhaqiqat, XXI asrga kelib davr shiddati oʻzgardi, dunyo ham bugun kechagi dunyo emas. Muhim strategik chorrahalarda eski asrdan koʻchib oʻtgan, koʻlami kengayib borayotgan xavfli kurash davom etayotir. Uning zamirida tabiiy boylik, xomashyo zaxiralari tasarrufini qoʻlga kiritish, oʻzga xalqlarning asrlar davomida shakllangan turmush tarzini “isloh” qilish, yoshlar ongi va qalbini egallash uchun ular eʼtiqodini susaytirish, befarqlik, masʼuliyatsizlik kasaliga mubtalo qilish maqsadi yashirin.

Ana shunday vaziyatda Prezident Shavkat Mirziyoyev amalga oshirgan ulugʻ ishlardan yana biri — yaqin qoʻshnilarga nisbatan ochiq va konstruktiv siyosat olib borish, Markaziy Osiyodagi muammolarni tenglik, oʻzaro manfaatlarni hurmat qilish va oqilona kelishuv asosida hal etishga qaratilgan saʼy-harakatlardir.

Buning natijasi oʻlaroq, bugun nufuzli xalqaro minbarlarda Shavkat Mirziyoyevning dunyo mamlakatlari, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan siyosiy, iqtisodiy, madaniy aloqalarni kuchaytirishdagi jasoratli xizmatlari rasman eʼtirof etilmoqda.

Asosiysi, Oʻzbekiston Prezidenti iqtidorga kelgan dastlabki yillardayoq tashqi siyosat sohasida yangi sermazmun sahifalar ochildi, qator xorijiy davlatlar, birinchi navbatda, qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli aloqalar tiklandi. Chegaralardagi sunʼiy toʻsiqlar olib tashlangani mamlakatimiz yetakchisining yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va hurmatga asoslangan yangi siyosati maʼno-mohiyatini dunyoga namoyon etdi.

Bu esa, oʻz navbatida, nafaqat mintaqadagi barqarorlikni taʼminlashga, balki Vatanimizning xalqaro hamjamiyatda mustaqil va taʼsirchan ishtirokini kuchaytirishga ham xizmat qildi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Xullas, “Oʻzbekistondan “Yangi Oʻzbekiston”gacha: yoʻqotilgan qalbni izlab...” sarlavhasi ostidagi ushbu muloqotda qisqa muddatda yuz bergan tarixiy voqeliklar mohiyati chuqur mushohada va hayotiy misollar asosida ochib berilganki, ularni oʻqigan kishining dunyoqarashi yanada boyishi, el-yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻulari kuchayishi, shubhasiz. Amalga oshirilgan bemisl yangilanishlar, xalqchil islohotlarni koʻrib, xalqimizning hayotdan rozi yashayotganini his qilib, beixtiyor Oʻzbekistonning rivojlangan mamlakatlar safiga oʻtishi uchun mustahkam poydevor aynan bugun yaratilayotganiga ishonchi yanada mustahkamlanadi. Zotan, Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqishga bagʻishlangan majlisidagi nutqida taʼkidlaganidek, “Kelajak avlodlar albatta faxr bilan tilga oladigan ana shunday buyuk tarix va kelajakni yaratish bizning oʻz qoʻlimizda”.

Bugun Oʻzbekiston, uning koʻp millatli xalqi ayni shu tuygʻu, shu ishonch bilan yashamoqda.

Shoxruh MAJIDOV,

Changshu texnologiya instituti Biznes fakulteti dotsenti,

xalqaro ofis koordinatori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер