Buyuk Britaniya Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini qoʻllab-quvvatlaydi

13:03 20 Fevral 2025 Siyosat
253 0

Buyuk Britaniya Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish jarayonini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.

Ushbu qaror Oʻzbekistonning xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvini kuchaytirish yoʻlidagi muhim qadam sifatida baholandi. Buyuk Britaniyaning bunday qoʻllab-quvvatlashi, albatta, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayonini tezlashtirishga xizmat qilishi mumkin.

Oʻzbekiston elchixonasi koʻmagida Prezidentning JST masalalari boʻyicha maxsus vakili Azizbek Oʻrunovning Londonga tashrifi tashkil etildi. Tashrif davomida Azizbek Oʻrunov Buyuk Britaniya biznes va savdo vazirining oʻrinbosari Garet Tomas hamda Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati va ekspertlar bilan muzokaralar olib bordi.

Uchrashuvlarda Buyuk Britaniya Oʻzbekistonni Markaziy Osiyodagi eng muhim hamkorlaridan biri sifatida koʻrishini va Toshkent bilan har tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashga intilishini bildirdi. Bu Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.

Muzokaralarda xalqaro savdodagi zamonaviy tendensiyalar ham muhokama qilindi. Xususan, Buyuk Britaniya JSTga aʼzo boʻlish jarayonida Oʻzbekistonga texnik yordam koʻrsatishni kengaytirish, Jahon banki koʻmagida amalga oshirilayotgan iqtisodiy oʻsish va rivojlanish dasturi orqali mutaxassislarining institutsional salohiyatini mustahkamlash va xalqaro savdo sohasidagi bilim va koʻnikmalarini oshirishga kelishib olindi. Bu esa Oʻzbekistonning JST talablariga mos ravishda oʻz iqtisodiy siyosatini yanada takomillashtirishiga xizmat qiladi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha ishchi guruhi 1998-yilda tashkil etilgan. Shunga qaramasdan, keyingi yillarda bu jarayon sekinlashib, 2005-yillarning oʻrtalarida xalqaro ekspertlar bilan uchrashuvlar toʻxtab qolgan edi.

2020-yil iyul oyida oʻtkazilgan ishchi guruhning toʻrtinchi yigʻilishi bilan jarayon rasman qayta tiklandi. Shundan soʻng 2022-yil iyun, 2023-yil mart va 2023-yil noyabr oylarida yana uchta uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu uchrashuvlar davomida Oʻzbekiston JST talablariga mos ravishda oʻz qonunchiligini uygʻunlashtirish boʻyicha muhim qadamlar tashladi.

2023-yil sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasi doirasida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv oʻtkazgan va unda JST rahbari Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish yoʻlidagi harakatlarini yuqori baholagan va tashkilot kotibiyati tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер