Buyuk bobokalonimiz nomiga munosib dargoh

Foto: Халқ сўзи
Bundan olti yil muqaddam Oʻzbekistonda yangi universitet, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda “maʼnaviyat universiteti” tashkil etildi. Gap Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti haqida ketmoqda. Zamonaviy taʼlimni rivojlantirish, oʻzbek tilining qadri va qaddini yanada oshirish, yangi texnologiyalarni olib kirgan holda ona tilimizni boyitish uchun ochilgan universitet bugun oʻzining olti yillik sarhisobli tugʻilgan kunini nishonladi.
— Biz orzu qilardik, bizni filologlarimiz faqat oʻzbek tilinimas, shu qatorda boshqa tillarni ham mukammal oʻrganishini, biz orzu qilardik, tasviriy sanʼat, sport, boshqa sohalarning ham mutaxassisi boʻlishini — dedi ToshDOʻTAU rektori Shuhrat Sirojiddinov. — Bizni bolalarimiz chet ellarga borib oʻqisa, chet el universitetlarida dars oʻtsa, borgan davlatida oʻsha yerning tilini oʻz tiliday oʻrganib, oʻzbek millatining shon-shavkatini, obroʻsini yanada koʻtarsa, degan niyatdaman.
Hozirgi kunda oʻzbek tili va adabiyoti universitetida 4 ta fakultet: Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti, Amaliy filologiya fakulteti, Oʻzbek filologiyasi fakulteti hamda Oʻzbek tili va adabiyoti fakulteti faoliyat yuritmoqda. Universitetning hali ochilganiga uncha koʻp boʻlmagan boʻlsada, milliy reytingda 2021-yil koʻrsatkichlariga koʻra TOP-6 oʻrinda, ilmiy salohiyat boʻyicha TOP-4, ijtimoiy-gumanitar sohadagi universitetlar roʻyxatida TOP-4 oʻrinni band qilmoqda. Hozirda 12 ta bakalavr taʼlim yoʻnalishlari mavjud boʻlib, kuchli bilimga ega boʻlgan mutaxassislar va professorlar tomonidan dars beriladi. ToshDOʻTAUning axborot-resurs markazida jami 35302 ta kitob hamda 402742 ta elektron kitob mavjud. Universitetda hozirgi kunda 5128 ta talaba tahsil olmoqda. Shuningdek, 108 dan ortiq xalqaro universitetlar bilan ikki tomonlama hamkorlik oʻrnatilgan boʻlib, talabalar almashinuvi ham yoʻlga qoʻyilgan.
— Bugun jonajon universitetimizning ochilganiga 6 yil toʻlgani sharofati bilan katta bayram boʻlib oʻtyapti. Universitet jamoasi shu yillar ichida katta yutuqlarga erishdi. Albatta, buning zamirida rektorimiz Sh. Sirojiddinov boshchiligida katta jamoaning saʼy-harakatlari beqiyos. Universitetimiz yosh boʻlsada, bugungi kunda dunyo tan olgan universitetlar bilan oʻz sohasida bemalol bellasha oladigan darajaga yetib keldi. Bunday shart-sharoitlarni yaratib berayotgan, tag zamirida Davlat tilini xalqaro miqyosga olib chiqishni koʻzlagan yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning universitetimiz oldida xizmatlari katta. Ochilishidan boshlab, to shu kungacha universitetimizga 10 dan ortiq tashrif buyurdi, har bir jihozni oʻzlari sinchiklab tekshirdi, jahonga oʻzbek tilining oʻz yurtidagi mavqeyini yana bir bor isbotlab berdi. Biz olimlar esa bunday xayrli ishlardan faqat va faqat xursand boʻlamiz. Universitetimizning 30, 50, 100-yilliklarini nishonlash nasib qilsin, — dedi ToshDOʻTAU xotin-qizlar masalalari boʻyicha kengash raisi, filologiya fanlari doktori, dotsent Gulnoza Joʻrayeva.
Eslatib oʻtamiz, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha filolog mutaxassislar, ilmiy-pedagog kadrlar, yuqori malakali tarjimonlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayni shu yoʻnalishlarda ilmiy va oʻquv-metodik materiallarni ishlab chiqish boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.
— Biz yoshlar universitetimizning tayanchimiz. Oliygohimiz shu yoshga kirguncha bizga ham ustozlarimizga ham oson boʻlgani yoʻq. Chunki yangi dargohda baribir turli kamchilik va qiyinchiliklar uchrab turadi. Lekin biz uddalayapmiz, yoshlar hamda kattalar jips boʻlib harakat qilyapmiz. Oʻzbek tilimiz bor ekan, bu universitet asrlar davomida faoliyat yuritib boraveradi. Biz esa bu yoʻlda ozgina boʻlsa ham oʻz hissamizni qoʻshayotganimizdan mamnunmiz, — dedi ToshDOʻTAU Yoshlar Ittifoqi BT yetakchisi Orifjon Olimjonov.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- AQSH Ukraina uchun tinchlik rejasining asosiy elementini maʼlum qildi
- Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqidagi masalani ko‘rib chiqdilar
- Poytaxt ehtiyojini taʼminlash uchun quvvati 2 ming 400 megavattli 4 ta yirik quyosh stansiyalari barpo etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring