Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi doirasida Global investisiya forumi boshlandi

Foto: Hasan Paydoyev, «Xalq so‘zi»
Samarqandadagi “Silk road Samarqand” xalqaro turizm markazi kompleksining “Ekspomarkaz”ida Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi doirasida Global investisiya forumi va ko‘rgazma ish boshladi.
Investisiya forumida vazirlar, halqaro moliya institutlari rahbarlari darajasida muhokamalar, 5 ta panel sessiyasi, 22 ta taqdimot o‘tkazish rejalashtirilgan.
“Ekspomarkaz”dagi 4200 kv.m maydonda O‘zbekistonning 14 ta hududining turistik-investision salohiyatini aks ettiruvchi stendlar, 3 ta turistik-rekreasion zona - Zomin, Chorvoq, Chimyon hududlarining, Markaziy Osiyo davlatlari - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning, shuningdek, Yaponiya, Chexiya, Fransiya va Braziliyaning 4 ta startap loyihasining hamda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “O‘zbekiston aeroportlari” AJ va “Uzbekistan vertolyotlari” MCHJlarining stendlari tashkil etilgan.
Bugungi kunga qadar 100 dan ortiq davlatdan 634 vakil, shu jumladan, 122 ta yirik xorijiy investor hamda 540 ga yaqin yirik mahalliy kompaniyalar Bosh Assambleyaning rasmiy veb-saytidagi maxsus havola orqali ro‘yxatdan o‘tib ishtirok etishini ma’lum qilgan.
Forum doirasida umumiy qiymati 2 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar manzilli ro‘yxati shakllantirilib, investorlarga taqdim etildi.
“Ekspomarkaz”dagi Global investisiya forumi va ko‘rgazma 18 oktyabrgacha davom etadi.
Investisiya forumi va ko‘rgazma doirasida uning boshlanishidanoq bizni viloyatdan kelgan birgina tur kompaniyaning o‘zi Yevropaning ikkita davlati va Xitoy hamda Rossiya bilan 32 million dollarlik shartnoma imzoladi, - deydi Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Xurshid Axmedov. - Bu davlatimiz rahbarining turizm rivojiga berayotgan e’tibori bois mana shunday nufuzli anjumanning yurtimizda o‘tayotgani hamda unda butun dunyodan soha mutaxasislarining shu yerda jam bo‘lgani natijasi deb o‘ylayman. Albatta biz endi marrani yana ham katta olib, bundan unumli foydalanishni oldimizga maqsad qilib olganmiz. Farg‘ona viloyatida 2024-yilda xorijlik sayyohlar sonini 500 ming nafarga yetkazish, mahalliy sayyohlar sonini 3 millionga yetkazishni o‘z oldimizga maqsad qilib olganmiz. Buning uchun bugungi yaratilgan mana shunday imkoniyatdan yuqori darajada foydalanib, xorijiy tur kompaniyalar va investorlar bilan ko‘plab kelishuvlarga erishamiz deb o‘ylayman. Shu bois bu yerda Farg‘onaning turistik salohiyatini keng namoyish etishga harakat qilyapmiz.
Bosh Assambleyaning 25-sessiyasi doirasidagi Investisiya forumi O‘zbekistonning barcha hududlaridagi investisiyaviy salohiyati yuqori bo‘lgan ob’yektlar, hududlar, loyihalar yirik xorijiy investorlarga taqdim etilishi, yurtimizga faol maqsadli va manzilli investisiyalar jalb etilishi bo‘yicha ko‘plab muhim biznes kelishuvlariga erishilishi ko‘zda tutilmoqda. Forum turizm sektoridagi imkoniyatlarni o‘rganish uchun global manfaatdor tomonlarni, sanoat rahbarlarini va investorlarni birlashtiradi hamda mamlakatimizda yaratilgan qulay investision muhit hamda xorijiy investisiyalarni jalb etishning mustahkam huquqiy asoslarini namoyish etish, shuningdek ishtirokchilar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Investforumdagi asosiy sessiyalar davomida mamlakatimizning sarmoyaviy muhiti haqida jahon jamoatchiligida ijobiy fikrni shakllantirish, yirik xorijiy investorlarda O‘zbekistonga sarmoya kiritishga qiziqishni oshirish maqsadi ko‘zlangan. Tadbir yakuniga ko‘ra, mamlakatimizga kiritiladigan investisiyalar ko‘lamini oshirish orqali barqaror rivojlanishga ko‘maklashish, yurtimizning sarmoyaviy salohiyatini yanada oshirish va global miqyosda sektorlar bo‘ylab hamkorlikni kuchaytirishga erishish kutilmoqda.
Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring