Burun yuvish muolajasi kimlarga tavsiya etilmaydi?

11:30 14 Yanvar 2024 Jamiyat
1010 0

Shamollash tufayli burun oqishi yoki allergik rinitdan aziyat chekayotgan aksariyat bemorlarga shifokor burun yuvish muolajasini tavsiya etadi.

Xoʻsh, mazkur davolash usulining samarasi qanday? U kimlarga mumkin emas?

Shu kabi savollarga tibbiyot fanlari nomzodi Durdona Alimova javob berdi.

Burun yuvish — terapevtik yoki gigiyenik muolaja boʻlib, kuz-qish mavsumida tananing yuqumli kasalliklarga chidamliligini oshirish, infeksiyalarning oldini olish, davolash, burunni tozalash va namlash maqsadida oʻtkaziladi, — deydi mutaxassis. — Buning uchun maxsus eritmalardan foydalaniladi. Ushbu muolajaning bir necha ijobiy samarasi bor.

Jumladan:

— shilliq qavatdagi yalligʻlanish jarayonlarini bartaraf etadi;

— tomoq va halqumda patogen mikrofloraning koʻpayishi va unga kirib borishini (shu jumladan tomoq ogʻrigʻi va laringit rivojlanishining oldini olish) toʻxtatadi ;

— burun yoʻllarini yiringli sekretsiyalar va shilimshiqlardan tozalaydi;

— burun shilliq qavatiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qilishi kerak boʻlgan dorilarning samaradorligini oshiradi;

— burun yondosh boʻshliqlarining bakterial infeksiyasi tufayli yalligʻlanishi va shilliq qavati shishini bartaraf etadi;

— operatsiyadan keyin reabilitatsiya davrini qisqartiradi;

— gripp, koronavirus infeksiyasi va boshqalar bilan kasallanish xavfi yuqori boʻlgan davrda mahalliy immunitetni oshiradi va hokazo.

Bundan tashqari, mazkur davolash usuli oʻsimliklarning gullash davri yoki allergenlar bilan aloqa qilish muqarrar boʻlgan bemorlarga mutaxassis tomonidan tavsiya etilishi mumkin.

Ushbu muolajani burnidan muntazam qon ketadigan, shilliq qavatlarning kuchli shishi, epileptik tutqanoqlar, ruhiy kasalliklar, burun yoʻllarining obstruksiyasi, burun toʻsigʻining shikastlanishi yoki egriligi, allergik reaksiya va eritmaning tarkibiy qismlariga nisbatan kuchli sezgirligi bor bemorlarga ehtiyotkorlik bilan bajarish tavsiya qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?