Buning uchun zarur mablagʻni topish shuncha qiyinmi? – Prezident ayrim jurnallar obunasi kamligi haqida gapirdi

19:41 19 Yanvar 2021 Siyosat
1394 0

Poytaxtimizda Prezidentimiz raisligida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar taʼsirchanligini yana-da oshirish borasidagi dolzarb vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi davom etmoqda.

OʻzAning yozishicha, milliy gʻoya targʻiboti, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamiyatda adabiyot va kitobxonlikni yana-da rivojlantirish maqsadida, “Ijod” jamoat fondi negizida Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash fondini tashkil etilishi aytilgan.

Jamgʻarmaga 120 milliard soʻm ajratilib, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va targʻibot-tashviqot ishlarini samarali amalga oshirish, milliy adabiyotimizni rivojlantirish uchun sarflanadi.

Bu mablagʻning 90 milliard soʻmi hududlarda maʼnaviy-maʼrifiy sohalarni rivojlantirishga, 20 milliard soʻmi Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga, 10 milliard soʻmi respublika miqyosida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni samarali tashkil qilishga yoʻnaltiriladi.

Yigʻilishda bugun “Tafakkur”, “Maʼnaviy hayot”, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi” kabi jurnallarimiz obunachilar kamligi tufayli juda kam tirajda nashr etilayotgani taassuf bilan qayd etildi.

Agar har bir maktab, kollej, texnikum, oliy oʻquv yurti kutubxonasiga bittadan jurnal bepul yetib borsa ham, ularning tiraji kamida 10 mingdan ortiq boʻladi.

– Buning uchun zarur mablagʻni topish shuncha qiyinmi? Bu jurnallarni oʻqimagan yoshlarimizni qanday qilib maʼnaviy yetuk inson sifatida tarbiyalaymiz, dedi davlatimiz rahbari.

Yigʻilishda tegishli vazirlik masʼullariga yuqorida qayd etilgan nashrlar har bir oʻquv dargohiga yetib borishini taʼminlash choralarini koʻrish vazifalari topshirildi.

Targʻibotning ilmiy asoslangan zamonaviy texnologiyalari, yangi shakllarini, tahdidlarga qarshi samarali kurash usullarini ishlab chiqish vaqti kelgani alohida taʼkidlandi.

– Takror aytaman – ilmga asoslanmagan sohaning kelajagi boʻlmaydi. Biroq shu paytgacha maʼnaviyat va maʼrifat yoʻnalishi ilmiy ixtisoslik sifatida fanlar klassifikatoriga kiritilmagan. Sohadagi kamchiliklarning asosiy sabablaridan biri ham shunda, – dedi Prezident.

2021-yildan boshlab, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi ixtisosliklarini fanlar klassifikatoriga kiritish vazifasi belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?