“Bunday goʻzallikni Yaponiyada koʻrganman”

14:02 30 Oktyabr 2024 Jamiyat
218 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon markazidagi koʻchalarning ikki chetiga pavloniya daraxti koʻchatlari oʻtqazilgan. Bundan besh-olti yil avval ekilgan koʻchatlar azim daraxtlarga aylandi. Bahor faslida qiygʻos gullaydi. Bunday manzaradan zavqlangan qirgʻizistonlik sayyoh Sayqal Mamatova shunday degandi: «Bunday goʻzallikni Yaponiyada koʻrganman. U yerda sakura daraxtlari gullagan paytda shunday manzara hosil boʻladi. Bu jonli tasvirni koʻrish uchun dunyoning oʻnlab mamlakatlaridan sayyohlar tashrif buyuradi. Undan qolishmaydigan jannatmonand manzara shundoqqina yonimda ekan...».

Darhaqiqat, pavloniya daraxti oʻzining karnaysimon guliyu, ifori bilan butun shaharni qamrab oladi. Uning afzalligi sanoatda ham alohida oʻrni bor. Atigi uch yilda daraxtdan ishlab chiqarish sanoatida foydalansa boʻladi. Oʻzbekiston sharoitida mebelsozlikda qoʻl keladi. Qisqa muddatda rivojlansa-da, yogʻochi chidamli. Yevropa davlatlarida kemasozlik va mashinasozlikda ishlatiladi.

– Hozir koʻchat ekishning kuzgi mavsumiga kirishganmiz, – deydi Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi boshligʻi Azizbek Akbarov. – Shu kunlarda 5 million 780 ming tup mevali, manzarali daraxt va buta koʻchatlari ekishni reja qilganmiz. Erta bahorda 10 million 700 ming tup koʻchat ekib, koʻzlangan rejani 112 foizga bajargan edik. Jarayonda viloyatning iqlim va tuproq sharoitiga mos boʻlgan pavloniya, kashtan, qayragʻoch, qaragʻay, chinor, yapon soforasi, terak, uzum, shumtol va boshqa mevali hamda manzarali koʻchat navlari tanlab olingan. Bugungi kunda koʻchat ekish ishlari asosan “Yangi Andijon” massivida davom etmoqda. Bu yerda 80 dan ziyod tashkilotlarga 10 sotixdan 1 gektargacha yer maydonlari ajratib berildi. Ushbu maydonlarga asosan, pavloniya va boshqa manzarali daraxt koʻchatlari ekilmoqda. Savol tugʻiladi: Nima uchun aynan, pavloniya? Birinchidan, u uch yilda daraxtga aylanadi. Agar pavloniya koʻchati 4x4 sxemada ekilsa, bir gektarga 600-650 tup koʻchat oʻtqaziladi. Ajratilgan 35 gektar yer maydoniga 20 ming tupdan ziyod pavloniya koʻchati ekish imkoni boʻladi.

Bugungi kunda Andijon, Xonobod shaharlari, Andijon, Asaka, Baliqchi, Jalaquduq, Izboskan, Marhamat, Oltinkoʻl, Paxtaobod, Ulugʻnor va Qoʻrgʻontepa tumanlarida umumiy maydoni 34,5 gektar boʻlgan “Eko park”lar tashkil etildi. Barcha tuman va shahar markazlarida 5,7 gektar hududda “Hokimlik bogʻ”lari barpo etilib, ularga 7 ming 500 tupdan ziyod manzarali va mevali daraxt koʻchatlari ekildi. Bundan tashqari, viloyatning tuman va shaharlaridagi mavjud chiqindi poligonlari atrofida 12 ming 200 tup koʻchatlardan iborat ihota daraxtzorlari barpo etildi.

Yashirib nima qildik, yaqingacha rejani bajarish uchun koʻchat ekilardi. Qancha nihollar qarovsizlikdan qurib ketar, kelgusi bahor oʻrniga yangi koʻchatlar oʻtqazilardi. Bugun har bir koʻchatning oʻz egasi bor. Buning uchun mahallalardan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz fuqarolar koʻchatlarni parvarishlashga jalb etildi. Ular nihollarning agrotexnik tadbirlarini amalga oshirish bilan bir qatorda, beshikast unishiga ham javobgar. Tuman, shahar ekologiya davlat inspektorlari tomonidan tegishli dalolatnomalar asosida tashkilot va korxonalarning oʻzlari ekkan koʻchatlarni muhofaza qilish, parvarishlash va sugʻorish tizimini joriy etish boʻyicha korxona hamda tashkilotlar tomonidan masʼullar biriktirilgan.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: asosan adirliklarda koʻchat ekilayotgan boʻlsa, ularni sugʻorish masalasi nima boʻladi?

– Buni bartaraf etish maqsadida sugʻorish tizimini tashkil etish yuzasidan dastur ishlab chiqildi, – deydi Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi xodimi Lochinbek Isomuddinov. – Unga binoan 24 km. irrigatsiya sugʻorish tizimi hamda 16 dona suv chiqarish qudugʻini tashkil etish belgilangan. Bugungi kunda 40 kilometr sugʻorish tizimi tortilib, 9 dona suv chiqarish qudugʻi ishga tushirildi. Ular yordamida koʻchatlarni tomchilatib sugʻorish ishlari amalga oshirilmoqda.

Viloyatda ekilayotgan har bir koʻchatu gullar aynan, shu hududning oʻzida tayyorlanadi. Buning orqasidan fermer va oʻrmonchilik xoʻjaliklari, yuzlab xonadon egalari daromadli boʻlmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?