Buxoroning fransiyalik buvijonisi

16:14 12 Mart 2025 Jamiyat
306 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Bundan 19 yil muqaddam Fransiyadan Buxoroga sayyoh sifatida kelgan Elen Pelos xonim tor koʻchalari odamlar bilan gavjum, erta-yu kech hayot nafasi ufurib turadigan, qadimiy obidalar ogʻushidagi koʻhna shaharni tomosha qildiyu unga ipsiz bogʻlanib qoldi. Mashhur adib Viktor Gyugo tavallud topgan Bezanson shahrida oʻsib-ulgʻaygan ayol Buxoroda mehmonxona ochishga qaror qildi. Shaxsiy jamgʻarmasining salmoqli qismini shu yerdan uy sotib olishga sarfladi. Turarjoyni obdan taʼmirlab, 40 oʻrinli mehmonxona ochdi.

Shu tariqa u “Helene Oasis” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisiga aylandi. Biznes loyihaga 500 ming yevrodan ziyod sarmoya xarj qildi. Voqealar rivojidan oʻzib aytish mumkinki, sayyohlik mavsumi boshlanadigan shu kunlarda mehmonxonada taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Sayyohlar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratilmoqda. Bu yumushga jalb etilgan taʼmirlovchi ustalar ham xursand. Chunki halol mehnat ortidan ular tuzukkina daromad topmoqda.

Toʻgʻri, oz emas, koʻp emas 75 yoshni qoralab qoʻygan Elen xonim bu yerda muqim yashamaydi. Lekin har yili hayotining uch-toʻrt oyini Buxoroda oʻtkazishni kanda qilmaydi.

— Men Elen xonimning faoliyati misolida ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik, hamkorlik aloqalari mustahkamlanayotganini koʻraman, — deydi Jalol Ikromiy mahalla fuqarolar yigʻini raisi Zamira Sultonova. — Qolaversa, “Helene Oasis” joylashgan Arabon koʻchasidagi qoʻni-qoʻshnilar uchun ham u allaqachon qadrdon insonga aylangan. Ular bilan til topishib ketgan Elen xonim maʼraka-mavridlarda qatnashadi. Turli bayramlar munosabati bilan ehtiyojmandlarga xayru saxovat qiladi. Qolaversa, uning mehmonxonasida ishlayotganlar ham kam boʻlishgani yoʻq. Ularning biri yaqinda uy-joyli boʻldi.

Fransiyani Oʻzbekistondan minglab chaqirim masofa ajratib turibdi. Lekin Elen xonimning faoliyati koʻrsatmoqdaki, doʻstlik rishtalarini bogʻlash uchun bu muammo tugʻdirmaydi. Ayni paytda Prezidentimizning Fransiyada boʻlib, shu davlat rasmiylari bilan muloqotlar oʻtkazayotgani ham hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Uzoq yillar Fransiyadagi konservatoriyada yoshlarga saboq bergan Elen xonimning milliy musiqamizga ixlosi baland. Qadimiy darvoza ostonasidan oʻtgan mehmonni albatta, oʻzbek tilida “Assalomu alaykum” deya qarshi oladi. Qoʻni-qoʻshnilarning bolalari unga buxorocha qilib “Bibijon” deya murojaat qilishganini aytmaysizmi? Aytmoqchi, Elen xonim Buxoroni sogʻingan. Bahor sepini yoyadigan aprelda u oʻzi uchun ikkinchi vatan boʻlib qolgan Oʻzbekistonga, qadrdon mahallasiga keladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер