Buxoroga tengdosh hunar hanuz eʼzozda
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Koʻhna Buxoroning yoshi haqidagi bahs-munozaralarga haligacha nuqta qoʻyilganicha yoʻq. Kimdir unga 2,5 ming yil boʻlgan, deydi. Yana kimdir toʻrt ming yildan kam emas, degan fikrda.
Mayli, bu masala yechimini arxeolog-u moziyshunoslarga qoʻyib beraylik-da Buxoroga tengdosh, balki undan ham qadimiyroq hunar haqida toʻxtalaylik. Zero, shu hunar ortidan toʻrt tomonini sahro-yu changalzorlar oʻrab olgan, togʻ-toshlardan yiroq boʻlgan manzilda Buxoro deb atalmish shahar qad rostlagan. U loyni pishirish evaziga tayyorlangan gʻishtdan barpo etilgan. Gap kulolchilik haqida ketayotganini payqadingiz, albatta.
Buxoro tasviriy sanʼat muzeyida tashkil etilgan koʻrgazmaning ochilish marosimida ana shular haqida soʻz bordi. Kulolchilikni xalq amaliy sanʼati darajasiga koʻtargan ajdodlarimiz yod olindi. Yaqin oʻtmishning Ibodulla Narzullayev, Hamrobuvi, Kubaro Boboyeva singari qoʻligul ustalari shular jumlasidan.

— Rahmatli buvim Kubaro Boboyevaning hunarlarini davom ettirayotganimizdan mamnunman, — deydi Gʻijduvon tumanida yashovchi Rohila Rahimova. — Onam bilan birgalikda loyni obdan pishirib, bolalarbop, sovgʻabop oʻyinchoqlar, buyumlar tayyorlayapmiz. Koʻrgazmada bir turkum mahsulotlarimiz namoyish etilmoqda.
Xalqaro tasviriy va amaliy sanʼat festivali doirasida tashkil etilgan tadbirda Rohilaga oʻxshab kulolchilik anʼanalarini davom ettirayotgan qator hunarmandlarni koʻrish mumkin edi.

— Taniqli kulollar Alisher va Abdulla Narzullayevlardan shu hunar sir-asrorlarini oʻrganib, ayni damda mustaqil tarzda faoliyat koʻrsatyapman, — deydi ularning biri Azamat Nashvanov. — Mahsulotlarimizga, ayniqsa, xorijiy sayyohlar katta qiziqish bildirishmoqda.
Buxoroda festival doirasida shunga oʻxshash yana bir qator koʻrgazmalar tashkil etilishi koʻzda tutilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring