Buxorodan Qoʻqonga borishga endi bir soatu 20 daqiqa kifoya

12:03 09 Oktyabr 2024 Jamiyat
297 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Endilikda buxoroliklar va koʻhna shaharga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlarning Fargʻona vodiysiga, aniqrogʻi, qadimiy Qoʻqon shahriga borishlari uchun 1 soatu 20 daqiqa kifoya qiladi. “Silk Avia” aviakompaniyasi “Qoʻqon – Buxoro – Qoʻqon” yoʻnalishida dastlabki parvozni amalga oshirdi.

“Buxoro” xalqaro aeroportida zamonaviy havo kemasida uchib kelgan vodiylik mehmonlar tantanali kutib olindi. Ular kun davomida qadimiy shaharning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.

– Davlatimiz rahbari viloyatimizga tashrifi chogʻida nafaqat tashqi, balki ichki turizmni rivojlantirish, sayyohlarga xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish yuzasidan topshiriqlar bergandi, – deydi Buxoro viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi masʼul xodimi Bobur Toʻxsanov. –Mazkur yoʻnalishning ochilishidan ayni shu maqsadlar koʻzda tutilgan. Bu kabi reyslarning yoʻlga qoʻyilishi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga, sayyohlar sonining oshishiga, qimmatli vaqtni tejashga olib keladi, albatta. Qolaversa, biz 1-noyabrdan 30-noyabrgacha davom etadigan “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida sharif shahrimizga Fargʻona vodiysidan koʻplab ziyoratchilar tashrif buyuradi, degan umiddamiz.

Aytish joizki, shu yilning 9 oyida mamlakatimiz hududlaridan 3,1 million nafar mahalliy aholi sayyoh sifatida kelib, Buxoroning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi. Yil oxiriga qadar bu koʻrsatgich 3,5 million nafarni tashkil etishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?