Buxorodan ilhomlangan rossiyalik rassomlar koʻrgazmasi tashkil etildi

12:44 06 May 2025 Jamiyat
286 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro tasviriy sanʼat muzeyida “Art-karavan Rossiya–Oʻzbekiston” loyiha doirasida rangtasvirda yaratilgan asarlar koʻrgazmasi tashkil etildi.

— Asli Surxondaryoda tugʻilganman. Shahrisabzda ham yashaganman, — deydi mazkur loyiha tashabbuskori Irina Kovalenko. — Oʻzbekistonning koʻhna shaharlari, betakror tabiati, mehr-oqibatli odamlari har qanday rassom uchun ilhom manbaidir. Shuni inobatga olib, toʻrt yil muqaddam ushbu ishga qoʻl urganmiz. Hamkasblarimizga ikki xalqning sanʼat sohasidagi aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan bu loyiha maʼqul tushdi. Rossiyaning Moskva, Kaluga, Vladivostok singari turli shaharlarida istiqomat qiluvchi 11 nafar rassom unda ishtirok etish istagini bildirdi. Koʻrgazmaga qoʻyilgan rang-barang suratlar plener yaʼni rassomning bevosita ochiq havoda ishlashi natijasida yuzaga kelgan.

Rassomlar besh kun davomida Buxoroda boʻlib, koʻhna shahar tarixi, milliy urf-odatlarni oʻrgandilar, mahalliy musavvirlar, sanʼatshunos va restavratorlar bilan muloqot qildilar. Buxoro tasviriy sanʼat muzeyida saqlanayotgan asarlar bilan tanishdilar. Shu asnoda moʻyqalamni ishga solib, necha ming yildirki hayot nafasi ufurib turgan qadimiy goʻsha manzaralarini qogʻozga tushirdilar.

Irina Kovalenkoning bildirishicha, Rossiya shaharlarida ham shu rassomlarning Buxoroda yaratilgan asarlari koʻrgazmasi tashkil etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?