Buxorodagi “Universal” majmuasi futzal boʻyicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi

19:23 24 Iyun 2024 Jamiyat
238 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Xabaringiz bor, joriy yilning 14-sentyabr – 6-oktyabr kunlari mamlakatimizda ilk bor futzal boʻyicha jahon chempionati boʻlib oʻtadi. Bu nufuzli musobaqaga Toshkent, Andijon shaharlari qatori Buxoro ham mezbonlik qiladi. Chempionatning “V” va “F” guruhlaridan oʻrin olgan terma jamoalar qadimiy shaharda qad rostlagan “Universal” sport majmuasida oʻzaro kuch sinashadilar.

Ayni damda mintaqadagi noyob sport koshonalaridan biriga aylanishi koʻzda tutilgan majmuada bunyodkorlik ishlari poyoniga yetmoqda. Obyektga “Kogon neftgaz energo servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh pudratchi tashkilot etib belgilangan.

— Mazkur obyektning loyiha qiymati 320 milliard soʻmni tashkil etadi, — deydi ushbu korxona muhandisi Abdulla Hasanov. — Qurilish yumushlarini tajribali mutaxassislar, malakali ishchilarni jalb etgan holda olib bordik. Majmuada xalqaro andazalarga mos qurilish materiallari ishlatildi. 74 metrli metall uskunalar ham yongʻinga qarshi vositalar bilan boʻyaldi. Xorijdan eng soʻnggi rusumdagi ovoz uzatish tizimi xarid qilindi. Hozir majmua kirish joylarida kishi yuzini taniydigan aqlli texnologik uskunalar oʻrnatish ishlari olib borilmoqda.

Loyihaga koʻra, majmua tarkibidan 4 ming tomoshabinga moʻljallangan manej, oʻquv-mashgʻulotlar zali, VIP loja, oʻyin zali, yuvinish-kiyinish, sport jihozlarini saqlash xonalari oʻrin olgan. Majmua atrofida yugurish yoʻlaklari, sunʼiy qoplamali futbol maydoni, avtoturargohni koʻrish mumkin.

— Majmuada nafaqat futzal, balki sportning 22 turi boʻyicha mashgʻulotlar olib borish imkoniyati yaratildi, — deydi viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Farruh Hamroyev. — Chempionat paytida butun dunyoning eʼtibori Buxoroga qaratiladi. Biz shundan kelib chiqib, viloyat hokimligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda chempionatni yuqori saviyada oʻtkazish chora-tadbirlarini koʻryapmiz. Yaqinda har ikkala guruhdan joy olgan terma jamoalar vakillari bu yerdagi shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Maʼlum boʻlishicha, jahon chempionati ishtirokchilari uchun sharif shahardagi zamonaviy mehmonxonalardan joy ajratilgan. Ular Tabiiy resurslarni boshqarish milliy tadqiqot universitetining Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti hamda olimpiya sport kolleji zallarida mashgʻulotlar oʻtkazishadi.

“Universal” sport majmuasi shaharning qadimiy qismiga yaqin joylashgan. Davlatimiz rahbarining “2024-yilgi futzal boʻyicha jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, mazkur inshoot Buxoro davlat universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida beriladi. Kelgusida majmuada jismoniy madaniyat va sport faoliyati yoʻnalishida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер