Buxoroda “Uzbekistan Airways”ning sayyor qabuli oʻtkazildi

13:03 18 Dekabr 2024 Jamiyat
149 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Uzbekistan Airways” aksionerlik jamiyati mutasaddilari va xodimlari ishtirokida koʻchma sayyor qabul oʻtkazildi. Tadbirda aviachiptalar sotuvi bilan shugʻullanadigan agentlar, turoperatorlar, tadbirkorlar, oddiy fuqarolar, sayyohlik kompaniyalari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Taʼkidlanishicha, “Uzbekistan Airways” Markaziy Osiyoning yetakchi aviakompaniyalaridan biri sanaladi. U 1992-yilda tashkil etilgan. Yoʻlovchilarga xavfsizlik va qulaylikning eng yuqori standartlariga javob beradigan zamonaviy samolyotlar bilan sifatli xizmat koʻrsatib kelmoqda. Mazkur aviakompaniya tarkibida aviatsiya texnikasini taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatish, vertolyot xizmatlari koʻrsatish, soha xodimlarini, jumladan, uchuvchilar va bort kuzatuvchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish kabi tizimlar mavjud.

“Uzbekistan Airways” ayni paytda dunyo boʻylab 75 dan ziyod yoʻnalishlarda parvozlarni amalga oshirmoqda. Joriy yilda Maxachqalʼa (Rossiya), Phuket (Tailand), Lahor (Pokiston), Xanchjou (Xitoy), Goa (Hindiston) shaharlariga yangi yoʻnalishlar ochildi. “Qoʻqon –Buxoro – Qoʻqon”, “Qoʻqon – Termiz – Qoʻqon” reysi yoʻlga qoʻyildi.

— Fuqarolarning “havo kemalari” xizmatidan foydalanishlari uchun zamonaviy qulayliklar yaratish ustuvor vazifamiz sanaladi, — dedi jumladan “Uzbekistan Airways” aksionerlik jamiyati rahbari Shuhrat Xudoyqulov. — Bu yerda bildirilayotgan fikr-mulohazalar, takliflarni atroflicha oʻrganish jamoamizga xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Biz talab va ehtiyojni qondirish borasida tizimli ishlar olib boryapmiz.

Tadbirda soʻz olganlar keyingi yillarda Buxoroga sayyohlar oqimi oshib borayotganini hisobga olib, aviareyslar sonini koʻpaytirish, yoʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk, Krasnoyarsk kabi yirik shaharlariga “havo kema”lari qatnovini yoʻlga qoʻyish, oʻzaro hamkorlikda ishlash bilan bogʻliq masalalarda takliflar bildirishdi, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?