Buxoroda turistik manzillar yana bittaga koʻpaydi

14:42 25 Oktyabr 2023 Jamiyat
768 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Bugungi kunda Buxoro viloyatida xorijiy va mahalliy sayyohlar tashrif buyuradigan 200 tadan ortiq turizm namoyish obyekti mavjud. Ular turistik marshrutlar roʻyxatidan oʻrin olgan. Bunday manzillar soni yana bittaga koʻpaydi. Buxoro tumanida joylashgan “Bukhara-Varnet” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonaning oynavand dalalari agro va ekozona sifatida sayyohlik mashrutiga kiritildi.

— Oʻzbekiston – Turkiya hamkorligidagi korxonamiz “Buxoro agro” erkin iqtisodiy zonasida tashkil etilgan,— deydi endilikda innovatsion klaster deya etirof etilayotgan “Bukhara-Varnet” rahbari Beshim Hamroyev.— Oynavand dalalar barpo etish bilan bogʻliq yirik loyihaga 30 million 500 ming AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritilgan. Nafaqat qizil, balki qora, sariq tusli pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri, baqlajon yetishtirib, tashqi va ichki bozorga chiqaryapmiz. Korxona tarkibida agronomlar tayyorlash akademiyasi faoliyat koʻrsatyapti. 70 ta tajriba uchastkamiz bor. Boʻlajak agronomlarga xorijiy mutaxassislar saboq berishmoqda. Ular ham oʻqib, ham amaliyot oʻtashadi. Ikki gektar yerda koʻchatchilikni yoʻlga qoʻyganmiz. Meva hamda uzumning kasallikka chidamli, serhosil navlari zamonaviy usullarga tayanilgan holda yetishtirilmoqda. Bu yerda bir yilda 30 million tup koʻchat yetishtirish imkoniyati bor. Bundan tashqari, yana bir qator innovatsion loyihalarni amalga oshirdik.

Ana shularning biri — besh gektardan iborat “Botanika bogʻi” korxonaning tashrif qogʻoziga aylanib ulgurdi, desak mubolagʻa qilmaymiz. Oynavand dala ostida parvarish qilinayotgan rang – barang gullar, banan, avakado, papaya singari mevali daraxtlar, favvora — yu hovuzlar, dam oluvchilar uchun yaratilgan qulayliklar tashrif buyuruvchilarga kech kuz tugul, qahraton qishda ham bahoriy kayfiyat ulashadi.

Darvoqe, viloyat turizm boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari, hokimlik va tashkilotlarning matbuot kotiblari hamda tadbirkorlar uchun ushbu innovatsion klasterga info – tur tashkil etildi. Bu yerda klasterning yangi turizm yoʻnalishi sifatida ochilish marosimi oʻtkazildi. Tadbirda soʻz olganlar Buxoro nafaqat qadimiy yodgorliklari, ziyoratgohlari, balki agro va ekotizimi bilan ham sayyohlarning qiziqishiga sabab boʻlishini taʼkidlab, ushbu yangi sayyohlik manzili haqida iliq fikrlarni bildirdilar.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер