Buxoroda xotin-qizlar forumi oʻtkazildi
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Bobohaydar qishlogʻi Shofirkon tumanidagi eng chekka goʻshalardan sanaladi. Bundan toʻrt yil muqaddam shu yerda yashovchi Lobar Hayitova hududda maktabgacha taʼlim tashkilotiga ehtiyoj borligini inobatga olib shu yoʻnalishda tadbirkorlikka qoʻl urdi. Oilaviy bogʻcha ochdi.
— Oʻshanda atigi yetti nafar tarbiyalanuvchi bilan ish boshlaganmiz, — deya eslaydi u. — Oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishimizda mahalliy hokimlikning qoʻllab-quvvatlashi, shuningdek, bank muassasasining 33 million soʻm miqdoridagi krediti asqatgan. Ayni paytda muassasamizda 85 nafar oʻgʻil-qiz tarbiyalanmoqda. Qoʻshimcha bino ham qurdik, albatta. Oʻn nafar ishchi-xodimimiz bor. Oʻzim bolajonlarni juda yaxshi koʻraman. Oilaviy tadbirkorlik bilan shugʻullanish orzuyim edi. Niyatimga yetdim. Jajji bolajonlarni xuddi oʻz farzandimizday koʻrib, davlatimiz, ota-onalarning ishonchini qozonish harakatidamiz.

Lobar Hayitova bilan qisqa suhbatimiz Buxoro shahridagi qadimiy Nodir Devonbegi madrasasida kechdi. Bu yerda viloyat hokimligi va bir qator tashkilotlar hamkorligida “Orzudan muvaffaqiyatgacha” deb nomlangan xotin-qizlar forumi boʻlib oʻtdi. Tadbirda soʻz olganlar davlatimiz tomonidan ayollarning tadbirkorlik, hunarmandchilik bilan shugʻullanishi uchun yaratilgan imkoniyatlar, moliyaviy muassasalar berayotgan imtiyozli kreditlar xususida atroflicha maʼlumot berdilar. Taʼkidlanishicha, Prezidentimizning tegishli topshirigʻiga koʻra, viloyat boʻyicha 60 ming nafardan ziyod xotin-qizlar roʻyxati shakllantirilyapti. Ular orasida oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish istagida yurgan yurtdoshlarimiz koʻp. Xonadonma xonadon kirib, ularning orzu-niyatlari ushalishi uchun amaliy ishlarga qoʻl urilmoqda. Zero, ish, hunar bilan band ayolning oilasi tinch, roʻzgʻorida qut-baraka, halovat boʻladi.
Forumda tadbirkor ayollarni ishlab chiqarayotgan mahsulotlari bozordan oʻz oʻrnini topishi uchun qoʻllab-quvvatlash, ularni kredit mablagʻlari bilan taʼminlash, muammolariga yechim topish kabi qator masalalar yuzasidan fikrlashib olindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring