Buxoroda haftaning har seshanbasi Yoshlarni ish bilan taʼminlash kuni deb eʼlon qilindi

13:36 22 Iyun 2020 Jamiyat
1137 0

Buxoro viloyatida har haftaning seshanbasi Yoshlarni ish bilan taʼminlash kuni sifatida yana-da mazmunli kechadigan boʻldi. Bu haqda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov voha yoshlariga yoʻllagan murojaatida alohida toʻxtalib oʻtdi.

Maʼlum boʻlishicha, joriy oʻquv yilida viloyatdagi 533 ta umumtaʼlim maktabini bitirgan salkam 26 ming nafar oʻquvchining 58 foizi, kasb – hunar taʼlimi muassasalarini tugatgan 15 ming 790 nafar oʻgʻil- qizning 46 foizi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun hujjat topshirmoqda. Qolganlar – chi, degan savol tugʻiladi. Tabiiyki, ularni ish bilan taʼminlash darkor. Masalan, hozirning oʻzida viloyatda 11 ming nafardan ziyod ishsiz yoshlar bor.Bu ogʻriqli masalani hal etish yoʻllari yoʻq emas. Chunonchi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi qoshida navqiron avlod vakillarining bandligi masalalari bilan shugʻullanuvchi markaz ish boshlamoqda. Markaz uch yoʻnalishda faoliyat olib boradi. Bu bitiruvchilarning, ayni damdagi ishsiz yoshlar hamda pandemiya tufayli xorijdan uyiga qaytgan va bekor qolgan yoshlarning bandligini taʼminlash yoʻnalishlaridir.

Buxoroning ayni paytda ulkan qurilish maydoniga aylangani, savdo va maishiy xizmat obyektlari foydalanishga topshirilayotgani, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, ”Oʻzini oʻzi band qilish” loyihalari doirasida bajarilayotgan ishlar bu boradagi imkoniyatlar kattaligini koʻrsatmoqda. Masalan, yaqinda 80 dan ortiq qurilish tashkilotlari rahbarlarining ishsiz yoshlar bilan kechgan muloqoti natijasida 100 nafar yigit ishli boʻldi.

Viloyatda boshlangan bu xayrli ishga davlatimiz rahbari raisligida shu yilning 16-iyun kuni xizmat koʻrsatish va ichki turizm sohalarini rivojlantirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi turtki vazifasini oʻtadi.

Istam IBROHIMOV,
"Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?