Buxoroda “Global tuproq doktorlari” dasturi ishga tushirildi

16:06 15 Mart 2024 Iqtisodiyot
786 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Tuproq eroziyasi va shoʻrlanishi Markaziy Osiyoda barqaror qishloq xoʻjaligi uchun jiddiy xavf tugʻdirmoqda. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston ushbu muammolarga qarshi kurashish boʻyicha bir qancha tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Global tuproq hamkorligi (GSP) bilan birgalikda “Global tuproq doktorlari” dasturining ishga tushirilishi mana shu tadbirlar sirasiga kiradi. “Fermerdan — fermerga” amaliyoti tashabbusi doirasida olib boriladigan ushbu dastur fermerlarning tuproqni barqaror boshqarishi boʻyicha salohiyatini oshirishga, shuningdek, hukumat va manfaatdor tashkilotlarni qishloq joylardagi hamjamiyatlarni rivojlantirishda qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

Oʻzbekistonda “Global tuproq doktorlari” dasturi yirik mintaqaviy loyiha hisoblangan “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Dastur Oʻzbekistondagi “Tuproq doktorlari” loyihasining milliy promouteri boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti va “Tuproq tarkibi va repozitoriysi, sifati tahlil markazi” davlat unitar korxonasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Shu bilan bir qatorda, Toshkent davlat agrar universiteti va Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti ham bu loyihaga hamkorlik qilmoqda. Dasturning asosiy maqsadi qishloq xoʻjaligi ekinlarining hosildorligi va mehnat unumdorligini oshirish, turmush darajasini yaxshilash va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan irodani namoyish qilish hisoblanadi.

Dasturni amalga oshirish Buxoro viloyatida oʻtkazilgan “Tuproq doktorlari” trenerlarini tayyorlash boʻyicha 4 kunlik oʻquv kursi bilan boshlandi. Bunda asosiy eʼtibor shoʻrlanish va tuproq unumdorligini oshirish muammolarini hal qilishga qaratilgan.

CACILM-2 loyihasining milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimovning taʼkidlashicha, tuproqshunoslik sohasidagi mutaxassislarning bilim darajasini oshirish, shuningdek, fermerlarning tuproqni boshqarishdagi muhofaza qiluvchi rolini tan olishmiz lozim. Fermerlar oʻzlarining kichik yerlarida qabul qilgan qarorlari atrof-muhitga sezilarli taʼsir koʻrsatishi mumkinligini tushunishlari kerak. Tuproqqa asrashimiz zarur boʻlgan qimmatli resurs sifatida qarash lozim.

FAO Global tuproq hamkorligining mutaxassisi Mariya Ferro Vaskes qishloq xoʻjaligi barqarorligiga erishishda fermerlarning roli muhim ekanligiga eʼtibor qaratdi.

— Dasturning maqsadi Oʻzbekistonning oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim oʻzgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish, shuningdek, yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishdagi ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq, qishloq xoʻjaligida tuproq salomatligi va barqaror boshqaruv haqida xabardorlikni oshirish orqali fermerlarni yanada barqaror boʻlishiga yordam berishdir — deydi u.

“Tuproq doktorlari” Global dasturining faoliyati bu bilan yakunlanmaydi, bu faqat boshlanishidir. Dastur FAO va GSP yordamida mamlakatning boshqa hududlariga ham tatbiq etiladi. Maqsad Buxoro, Qashqadaryo, Xorazm va boshqa viloyatlarda ham yuzlab yetakchi fermerlarni (tuproq doktorlarini) tayyorlash va oʻz navbatida ular ham oʻz olgan bilimlarini butun Oʻzbekiston boʻylab boshqa fermerlarga yetkazishini taʼminlashdan iboratdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер