Buxoroda anʼanaviy “Ipak va ziravorlar” festivaliga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda

Buxoro shahrida shu yilning 16, 17, 18-iyun kunlari “Ipak va ziravorlar” anʼanaviy festivali oʻtkaziladi. Odatdagidek, Ark qalʼasidan soʻlim Labihovuzgacha boʻlgan hudud ipak matolarga burkanadi, chor — atrofdan ziravorlarning xushboʻy hidi anqiydi. Ertaknamo shahar uzoq -yaqindan kelgan sayyoh-u hunarmandlar bilan yanada gavjumlashadi.
Taʼkidlaganimizdek, festivalga yurtimizning turli goʻshalaridan, xorijiy mamlakatlardan koʻplab hunarmandlarning kelishi kutilmoqda. Albatta, ular uchun “Ipak va ziravorlar” festivali oʻziga xos tajriba maktabi vazifasini oʻtayapti. Chunki ana shunday anjumanlarda kasb mahorati koʻzga yaqqol tashlanadi, bozordagi talab oʻrganiladi, zarur saboqlar chiqariladi.
—Ushbu festivalni har gal intiqlik bilan kutamiz,— deydi gʻijduvonlik taniqli hunarmand Abdulla Narzullayev. — Sulolamiz davomchilari nafaqat kulolchilik, balki kashtachilik bilan ham shugʻullanishmoqda. Ajdodlardan meros anʼanalarni qayta tiklash, yurtimizning betakror tabiati, insonning qalb haroratini ipak matolarga tushirish kishidan juda katta sabr-toqat, qunt, izlanish talab qiladi. Qoʻl mehnati mahsuli boʻlgan ipak matolarning qadr-u qimmati ham boʻlakcha. Shu nuqtai nazardan bu tadbir biz uchun har tomonlama foydali. Avvalo, xaridor koʻp. Qolaversa, festival talab va ehtiyojni aniqlab olishimizda, tajriba almashishda qoʻl keladi.
Viloyat va shahar hokimligi bir qator manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻtkazadigan festival dasturidan bir qator koʻngilochar tadbirlar oʻrin oladi. Hunarmandchilikning oʻndan ziyod turi boʻyicha tashkil etiladigan mahorat saboqlari, folklor dastalarining chiqishlari, osh sayli, milliy oʻyinlar, ipak matolardan tayyorlangan liboslar namoyishi shular jumlasidan.
Tadbirda qator davlatlardan madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring