Buxoroda “Alabuga” maxsus iqtisodiy zonasining filiali tashkil etiladi
Tatariston poytaxti Qozon shahrida “Oʻzbekiston — Rossiya” hududlararo hamkorlik forumi oʻtkazildi.
— Bu nufuzli forumda viloyatimiz hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasining ishtiroki samarali kechyapti, — deya xabar berdi Buxoro viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Olimjon Joʻrayev. — Tarkibida investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo boshqarmasi hamda “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasi vakillari va bir guruh tadbirkorlar boʻlgan delegatsiya aʼzolari ikki tomonlama hamkorlik yuzasidan muzokaralar olib bordilar. Rossiyalik hamkorlar bilan umumiy qiymati 252 million AQSH dollari miqdoridagi sarmoyaviy kelishuv va savdo shartnomalari tuzdilar.
Bu oʻrinda gap Buxoroda metall quvurlar ishlab chiqarish, gipsni qayta ishlash, IT park tashkil etish kabi loyihalarni roʻyobga chiqarish, toʻqimachilik sanoati sohasida oʻzaro manfaatli aloqalarni oʻrnatish kabi yoʻnalishlar haqida ketmoqda.
Forum doirasida buxoroliklar “Alabuga” maxsus iqtisodiy zonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. “Alabuga” tatarcha soʻz boʻlib, olabugʻa (baliq) maʼnosini anglatadi. Qozon shahridan 210 kilometr uzoqlikda joylashgan bu qishloq 1750-yilda paydo boʻlgan. Shu goʻsha nomi bilan ataluvchi maxsus iqtisodiy zona 2005-yilda tashkil etilgan. Unda 15 dan ziyod korxona va firma faoliyat koʻrsatmoqda. Ular energiya tejovchi innovatsion texnologiyalardan oqilona foydalanish borasida katta tajriba toʻplashgan.
Diqqatga molik yana bir jihati, bu yerda eksportga yoʻnaltirilgan, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Pirovardida Buxoroda 100 gektar maydonda ushbu zonaning filialini tashkil etish yuzasidan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring