Buxoroda 50 ga yaqin “zapravka” oʻzaro til biriktirib, narxlarni sunʼiy ravishda oshirgani aniqlandi

10:31 19 Fevral 2025 Jamiyat
154 0

Foto: Avenir Deberdeyev

Buxoro viloyatidagi 47 ta avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchalarida narxlarni sunʼiy ravishda oshirish hisobiga asossiz daromad olingani aniqlandi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, qoʻmitaning Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan monitoringlar davomida avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida 2024-yilning 6-dekabriga qadar 1 m³ siqilgan gaz uchun chakana narx 3 850 soʻmdan 3 950 soʻmgachani tashkil etgan boʻlsada, 2024-yilning 7-9-dekabr kunlari 1 m³ gaz uchun chakana narx 4 150 soʻmgacha yaʼni 8 foizgacha oshgani aniqlangan.

Hududiy boshqarma tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 256-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida raqobatlashayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan bir vaqtda yoki ketma-ketlikda siqilgan gaz narxini chakana savdoda sunʼiy tarzda oshirish orqali raqobatga qarshi kelishuvlar yoki muvofiqlashtirilgan harakatlarga ishtirok etganlik alomatlari boʻyicha 85 ta avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida tegishli tartibda oʻrganish ishlari oʻtkazilgan.

Olib borilgan oʻrganishlar davomida Buxoro viloyatidagi 47 ta avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchalarida faoliyat yuritayotgan 44 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan narxni sunʼiy tarzda oshirish uchun individual iqtisodiy sabablar, umumiy tashqi omillar mavjud boʻlmagan holatda, xarajatlarga zarurat boʻlmasada, narxlarni bir vaqtda yoki ketma-ketlikda oshirib (narxlarni oshirish davri: 2024-yil 5-dekabrdan — 13-dekabrga qadar) isteʼmolchilarga sotish orqali asossiz daromad olish holatlari aniqlangan.

Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan 44 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasi va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlarining talablari buzilish alomatlari bilan ishlar qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarimalar qoʻllash haqida qarorlar qabul qilingan.

Taʼkidlanishicha, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер