Buxoro togʻ qoʻyi noqonuniy oʻldirildi

14:57 18 Fevral 2026 Jamiyat
302 0

Surxondaryo viloyati Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor reyd tadbirlari davomida joriy yilning 14-fevral kuni Uzun tumani hududidagi Bobotogʻ davlat oʻrmon xoʻjaligi, “Archa buloq” massivida fuqaro T.I. tomonidan bir bosh erkak Buxoro togʻ qoʻyi noqonuniy ovlangani maʼlum boʻldi. U ovni oʻziga tegishli “REMINTON-700 RR 33340 M” rusumli qurol bilan amalga oshirgan.

Holat oqibatida “Ov qilish va ov xoʻjaliklari toʻgʻrisida” hamda “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunlar talablari buzilgan. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-dekabrdagi 649-son qaroriga muvofiq, tabiatga yetkazilgan zarar 412 million soʻm miqdorida baholandi. Yetkazilgan zararni qoplash aybdor shaxsni javobgarlikdan ozod etmaydi. Ayni paytda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Buxoro togʻ qoʻyi yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan, tarqalish hududi cheklangan kamyob tur hisoblanadi. U Gʻarbiy Pomir–Oloy togʻ tizmalari, jumladan, Koʻhitang, Boysuntogʻ, Hisor va Bobotogʻ hududlarida uchraydi. Dengiz sathidan 800–2500 metr balandlikdagi togʻ dashtlari va siyrak archazorlarda yashaydi. Qish oylarida ozuqa izlab koʻchib yuradi.

Mazkur tur Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga 1-toifa (CR) bilan kiritilgan. Shuningdek, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi — International Union for Conservation of Nature roʻyxatida VU maqomiga ega hamda CITES II-ilovasida qayd etilgan.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, 2000-yillarga kelib ushbu tur soni keskin kamaygan. Poda boʻlib yashaydi, doimiy yashash areali aniq emas. Juftlashish davri noyabr–dekabr oylariga toʻgʻri keladi, aprel–mayda 1–2 bosh bolalaydi.

Noyob turlarni asrash masalasi jamiyatning umumiy masʼuliyati hisoblanadi. Tabiatga yetkazilgan har bir zarar kelajak avlod imkoniyatlariga taʼsir koʻrsatadi.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер