Buxoro shahrining sobiq hokimi viloyat Ekologiya boshqarmasiga boshliq boʻldi

11:53 10 Iyul 2024 Siyosat
226 0

Jamol Nosirov Buxoro viloyati Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi boshligʻi etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlumot oʻrnida, Jamol Nosirov 1985-yil 12-iyunda Buxoro shahrida tavallud topgan. 2005-yili Buxoro davlat universitetining jismoniy madaniyat va jismoniy tarbiya oʻqituvchisi, psixolog mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. 2008-yili esa universitetning magistraturasini tugatgan.

Bir muddat “Kamolot” YOIH Buxoro viloyat Kengashi raisi lavozimida ham mehnat qilgan.

Shundan soʻng 27-Jilvon saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputat etib saylangan edi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-Demokratik partiyasining fraksiyasi aʼzosi boʻlgan.

2017-yildan 2020-yilga qadar Buxoro viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Jamol Nosirov 2020-yildan 2021-yilga qadar Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat olib borgan hamda oʻsha yilning 5-may kuni Buxoro shahar hokimligida boʻlib oʻtgan navbatdan tashqari sessiya yigʻilishida shahar hokimi lavozimiga tayinlangan.

U shaharga uch yil hokimlik qilganidan soʻng joriy yilning may oyida sogʻligʻi yomonlashgani sabab oʻz arizasi bilan lavozimidan ozod qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?