Buxoro xattotlik maktabining davomchisi haqida eshitganmisiz?
Foto: «Xalq so‘zi»
- Qo‘limizda bobomdan qolgan bir qadimiy qo‘lyozma kitob bor,- deb qoldi Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi Fozil ota Idiyev. -Firdavsiyning “Shohnoma”si. Esimda, o‘shanda ancha yosh edim. Sho‘ro tuzumi hukm surgan yillar emasmi, odamlar qadimiy kitoblarni ming bir hadik bilan asrashardi. Yot kaslar nazari tushib, “Falonchi uyida eski kitobni yashirib qo‘yibdi”, desa hulu quruq yonadigan damlar edi-da.
Bobomdan meros shu kitob ta’mirtalab holga kelib qoldi. So‘rab – surishtirib, Qori Narzullo haqida eshitib qoldim. Unga ham xattot, ham sahhof deb ta’rif berishdi. Qori akaning huzuriga bordim. Juda xushmuomala, suhbati shirin inson ekan. Qadimiy kitoblarni asl holiga keltirish hadisini olganini aytmaysizmi? Shu inson mehnati ortidan qadimiy kitob asl qiyofasiga qaytdi. Bobomeros bu kitob hozir sulolamiz uchun eng tabarruk, bebaho xazina sanaladi.
Sirasini aytganda, xattotlik va sahhoflikning tarixi olis o‘tmishga borib taqaladi. Bu o‘rinda biz Buxoro xattotlik maktabi asoschilaridan biri, «Kotibi Sultoniy» nomi bilan mashhur bo‘lgan Mirali Hiraviy nomini esga olmoqchimiz.
Mohir xattot Buxoroda Ubaydulloxonning o‘g‘li Abdulazizga turli fanlar, jumladan xattotlikdan saboq bergan. U Ubaydulloxon hukmronligi zamonida (1533–1540) shayboniylar saroyi kotibi bo‘lgan. Keyin esa Abdulazizxonning kutubxonasida ishlagan. Buxorolik taniqli xattot, diniy bilimlar sohibi Gʻafurjon domla Razzoqovning bildirishicha, Mirali Hiraviy Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Husayn Voiz Koshifiy, Ansoriy kabi ko‘plab mashhur shoirlar va yozuvchilarning asarlarini yuqori sifatda ko‘chirib, qaytadan kitobat qilgan. shu orqali ularni kelajak avlodga yetkazish ishiga katta hissa qo‘shgan.
U nasta’liq xati keng muomalaga kiritilmagan Movarounnahrda ushbu xat turining tarqalishiga fidoyilik ko‘rsatadi. Bu ulug‘ zot tayyorlagan ko‘plab shogirdlar orasida Mirhusayn Ko‘lankiy Buxoriy, Mirhaydar Husayniy Buxoriy, Mirchalma Buxoriy kabi xattotlarning nomlari uchraydi.
Bu haqda bejiz to‘xtalganimiz yo‘q. Yurtimizda sho‘ro tuzumi o‘rnatilgach, milliy qadriyatlarimizning bir qismiga putur yetdi. Xattotlik, sahhoflik kabi nodir hunarlar unutilayozdi. Xuddi shunday pallada Qori Narzullojon Nuriddinov bu kamyob hunar sirlarini tishining kavagida asrab, o‘nlab qo‘lyozma kitoblarni ta’mirladi, ulardagi yo‘qolayozgan muqaddas bitiklarni o‘z husnixati bilan qayta tikladi.

- Qori Narzullojon suhbati shirin inson edi,- deya eslaydi 75 yoshli Salohiddin Latipov. - Juda oddiy, kamtarona yashardi. Ammo qadimiy qo‘lyozma kitoblarni ko‘rganida ko‘zlari chaqnab ketardi. Huzuriga “Shu kitobni asl holiga keltirib bering”, deb kelishsa boshqa yumushni chetga yig‘ishtirib qo‘yardi. Qadimiy kitoblarni ta’mirlashdan rohatlanardi. Yaratganga shukrlar bo‘lsinki, mustaqillik sharofati bilan milliy va diniy qadriyatlarimizga munosabat o‘zgardi.
Darhaqiqat, Qori Narzullojon kabi jonkuyar xattotu sahhoflar ko‘z qorachig‘idek asrab – avaylagan qadimiy hunarlar bugun yoshlarning suyumli mashg‘ulotiga aylanmoqda. Masalan, Buxoroning mashhur Poyi Kalon majmui yaqinida sharqona uslubda qad rostlagan binoda “Al-Manar” arab tili va xattotlik markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Taniqli miniatyurachi musavvir, sahhof Davlat Toshev esa “Ustoz- shogird” bolalar amaliy san’at markazida o‘g‘il – qizlarga shu hunar sirlarini o‘rgatmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Qori Narzullajon Nuriddinov singari insonlar ko‘z nuri, qalb qo‘rini berib asrab qolgan hunarlar o‘z davomchilarini topyapti.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- Oʻzbekistonda ilmiy laboratoriyalarning sunʼiy intellektga asoslangan yagona ilmiy platformasi ishga tushiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring