Buxoro amirining zindoni odamlarni nimasi bilan vahimaga solgan?

03:34 04 Fevral 2022 Jamiyat
4102 0

Foto: Халқ сўзи

Buxoro shahrida tepalik ustida qad rostlagan ikkita tarixiy yodgorlik bor. Biri Ark qalʼasi. Ikkinchisi esa amirning zindoni. XVIII asrda bunyod etilgan zindondan mangʻitlar sulolasining soʻnggi vakili Amir Olimxon davriga qadar foydalanilgan. Ayni paytda bu yerda Buxoroda huquq va qonunchilik tarixi muzeyi joylashgan.

— Tarixdan maʼlumki, amirlik juda katta hududni egallagan, — deydi mazkur muzey mudiri Ahadjon Gʻaniyev. — Lekin jinoyat sodir etish hollari koʻp uchramagan. Manbalarda yozilishicha,1911-yilda zindonda 84 nafar mahbus saqlangan. Amir Olimxon shu yili taxtga chiqishi munosabati bilan ularning 70 nafarini afv qilgan va bugʻdoy soligʻini bir tangaga tushirish toʻgʻrisida farmoyish bergan.

Muzeydagi eksponatlar orasida Fransiyalik fotosuratchi Pol Nadar tomonidan 1890-yilda suratga olingan zindon tasviri bor. 1896-yilda esa daniyalik sayyoh Orde zindonda xizmat burchini oʻtayotgan mirshablarni suratga olgan. Zindonni 32 nafar mirshab har uch sutkada almashib qoʻriqlagan. Oyoq ostiga qayroq tosh terilgan. Mirshablar poyabzali ostiga esa nagʻal urilgan. Ular yurganida nagʻal toshga tegib, vahimali tovush chiqargan.Bu mahbuslarga “Qochishni xayolingga ham keltirma, biz shu yerdamiz”, degan maʼnoni bergan.

Zindonda qarzdorlarning ikki toifasi uchun alohida xonalar boʻlgan. Birida odamlardan qarz olib vaqtida qaytarmagan firibgaru kazzoblar, ikkinchisida esa soliq boʻyicha qarzdorlar saqlangan.

— Zindonning xalq tilida “Kanaxona” deb atalgan joyi odamlar yuragiga chinakamiga vahima solgan, — deydi A. Gʻaniyev bizni oʻsha tomon boshlarkan. — Chuqurligi 6,5 metr, diametri 5,5 metr boʻlgan, dafʼatan quduqni eslatuvchi bu joyda shirk amallar, yaʼni yomon ishlar qilgan, odamlarga suiqasd uyushtirgan kimsalar hamda siyosiy mahbuslar saqlangan.

“Kanaxona” devorining qalinligi besh metrni tashkil etadi.Bu yerga tashlangan mahbuslarning omon qolishlari dargumon edi.Garchi, tepada quyosh nuri tushishi uchun tuynuk qoʻyilgan boʻlsada, ichkaridagi zaxlik, namlik jinoyatchini adoyi tamom qilgan. Zax joyda esa, bilamizki, kana, burga kabi odam qoniga tashna hasharotlar koʻp urchiydi.

Shubhasiz, zindon oʻziga xos meʼmoriy yechimga ega inshootdir. Oʻtmish nafasi ufurib turgan bu goʻshaga kelgan kishi umrning juda qisqaligini, inson shu fursat ichida faqat ezgu amallar qilishi zarurligini anglab yetadi. Hurlik, ozodlikning naqadar bebaho neʼmat ekanini his etadi. Zero, zindon poraxoʻru firibgar, oʻgʻri muttahamlarning borar manzili qayer ekanidan barchani ogoh etib turibdi!

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер