“Bugun butun dunyoda neoliberalizm oʻldi” — Donald Trampning yangi bojlar toʻgʻrisidagi qaroriga xalqaro hamjamiyat qanday munosabatda?

Foto: Reuters
AQSH milliy xavfsizlikka tahdid soladigan savdo muvozanati tufayli favqulodda holat eʼlon qildi.
“Ushbu tahdidning manbai AQSHdan tashqarida, asosiy savdo hamkorlarining ichki iqtisodiy siyosatida va global savdo tizimidagi tarkibiy nomutanosibliklarda yotadi. Shu bilan mamlakatda favqulodda holat eʼlon qilaman”, – dedi prezident Donald Tramp.
Uning soʻzlariga koʻra, AQSHning boshqa davlatlar bilan savdosida “oʻzaro kelishuv yoʻqligi” mavjud. Mamlakatning asosiy savdo hamkorlari bilan iqtisodiy aloqalar “ayniqsa soʻnggi yillarda oʻta muvozanatsiz” boʻlib qolgan.
Shu oʻrinda Tramp 185 ta davlatdan import qilinadigan mahsulotlarga boj joriy qilganini bildirdi. Asosiy stavka 10 foizni tashkil qiladi. Har bir mamlakat uchun qoʻshimcha toʻlovlar qoʻllaniladi. Xususan, Yevropa Ittifoqi tovarlari amerikaliklar uchun 20 foizga qimmatlashadi. Oʻz navbatida, Oq uy rahbari tariflardan tushgan mablagʻni davlat qarzini toʻlash uchun ishlatishga vaʼda bermoqda.
“Endi navbat gullab-yashnash va trillionlab dollarlarni soliqlarimizni kamaytirish va davlat qarzimizni toʻlash uchun ishlatamiz va bularning barchasi juda tez sodir boʻladi”, – deydi u.
Donald Tramp davlatlar tomonidan AQSH tovarlariga yuklangan bojlar va Vashingtonning javob choralari sanab oʻtilgan jadvalni koʻrsatdi. Bundan buyon ushbu mamlakatlar mahsulotlariga yarim boj toʻlanadi. Eng yuqori tariflar Kambodja (49 foiz), Vyetnam (46 foiz), Tailand (36 foiz), Xitoy (34 foiz), Tayvan (32 foiz) va Janubiy Afrika Respublikasi (30 foiz)ga qoʻllanilgan.
“Agar siz tarif stavkangiz nolga teng boʻlishini istasangiz, oʻz mahsulotingizni aynan shu yerda, AQSHda ishlab chiqarasiz”, – deydi Tramp.
Roʻyxatga Rossiya, Belarus, Eron, Kanada va Meksika kiritilmagan. AQSH moliya vaziri Skott Bessent ayrim davlatlar ushbu roʻyxatda yoʻqligini, sanksiyalar tufayli AQSH ular bilan savdo qilmayotgani bilan izohlagan.
AQSH prezidentining roʻyxatida Markaziy Osiyo davlatlari ham joy olgan. Xususan, Oʻzbekiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Tojikiston mahsulotlariga 10, Qozogʻiston mahsulotlariga esa 27 foizlik boj qoʻllaniladi. Sobiq Ittifoq mamlakatlaridan Moldova mahsulotlariga 31, Armaniston, Ozarbayjon va Gruziya mahsulotlariga 10 foizlik boj joriy etilgan.
Eʼtiborlisi, roʻyxatda Tinch okeanidagi hech yashamaydigan Herd va Makdonald orollariga ham majburiyat yuklangan. Avstraliyaga tegishli boʻlgan bu hududda hatto oʻsimliklar ham oʻsmaydi va faqat pingvinlar yashaydi. Amerika rahbari ushbu hududdan qaysi tovarlarga 10 foizlik boj joriy etishga qaror qilgani aniq aytilmagan.
Tariflarni bekor qilishning yoʻli bor…
Tramp, shuningdek, import qilinadigan yengil avtomobillar, yengil yuk mashinalari va avtomobil ehtiyot qismlariga 25 foizlik bojlar joriy etish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi.
AQSH yetakchisi tariflar haqida unga qoʻngʻiroq qilishi mumkin boʻlgan davlat rahbarlariga quyidagicha maslahat berdi: “Barcha xorijiy prezidentlar, bosh vazirlar, qirollar, qirolichalar, elchilar va kelgusida qoʻngʻiroq qilib, ushbu tariflardan ozod qilishni soʻraydigan barchaga aytaman: oʻz tariflaringizni olib tashlang, toʻsiqlaringizni olib tashlang”
Xalqaro hamjamiyat qanday munosabatda?
Xitoy AQSH tomonidan joriy qilingan tariflarga javob berishiga ishontirmoqda. Xitoy Savdo vazirligi Trampning qarori ikki davlat oʻrtasidagi uzoq muddatli savdo muzokaralari davomida erishilgan manfaatlar muvozanatini inkor etishini qayd etdi.
“Xitoy bunga qatʼiyan qarshilik qiladi va biz oʻz huquq va manfaatlarimizni himoya qilish uchun qatʼiy qarshi choralar koʻramiz”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenning aytishicha, Yevropa Ittifoqi AQSH bilan tariflar boʻyicha muzokaralar olib borishga tayyor va kelishuvga erishish uchun hali kech emas.
«Shu bilan birga, biz javob berishga tayyormiz… Agar bizning manfaatlarimiz va biznesimiz muvaffaqiyatli boʻlmasa muzokaralar uchun kech emas”, deydi u.
Maʼlumot oʻrnida ytib oʻtamiz, AQSH Yevropa Ittifoqi davlatlaridan import qilinadigan tovarlar uchun 20 foizlik bojxona joriy qilgan. Yevropa komissari Marosh Shefchovich amerikalik hamkorlar bilan doimiy aloqada boʻlib turibdi.
Lyayenning qoʻshimcha qilishicha, AQSH tomonidan eʼlon qilingan universal tariflar butun dunyo boʻylab biznes va isteʼmolchilar uchun jiddiy zarbadir.
Janubiy Koreya prezidenti vazifasini bajaruvchi va bosh vazir Xan Dak Su payshanba kuni hukumatga AQSHning Janubiy Koreya importiga 25 foizlik bojlar joriy etishini eʼlon qilganiga javoban barcha choralarni koʻrishni buyurdi va vaziyatni “oʻta jiddiy” deb dedi.
“Global tariflar urushi yaqinlashayotgani sababli vaziyat oʻta ogʻirlashmoqda, hukumat ushbu savdo inqirozini bartaraf etish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishi kerak”, – dedi Xan Dak Su Moliya vaziri Chxve San Mok, sanoat vaziri An Dok Kin va boshqa yuqori lavozimli amaldorlar ishtirokida iqtisodiy va xavfsizlik strategiyasi boʻyicha ishchi guruhining favqulodda yigʻilishida.
Prezident yangi tariflarning tafsilotlari va oqibatlarini korxonalar bilan birgalikda sinchkovlik bilan tahlil qilish, mamlakatga yetkaziladigan zararni minimallashtirish maqsadida AQSH bilan muzokaralarda faol ishtirok etish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro AQSHning barcha importlarga tariflar joriy etishini mumkin boʻlgan xato deb atadi. Uning taʼkidlashicha, bu global erkin savdo davrining tugashini koʻrsatadi.
“Bugun butun dunyoda erkin savdo siyosatini eʼlon qilgan neoliberalizm (narxlarni nazorat qilishni olib tashlash, kapital bozorlarini tartibga solish, savdo toʻsiqlarini kamaytirish – tahr.) oʻldi. Bu ekstremal mafkuraga yopishishda davom etayotganlar, tushunib olsinki, ular murdaga yopishib olgan”, – deydi Petro. Uning qoʻshimcha qilishicha, Kolumbiyada koʻproq ish oʻrinlari paydo boʻlishiga olib keladigan tariflar pasaytiriladi va mamlakatda juda koʻp ish oʻrinlarini yoʻqotadigan tariflar oshiriladi.
Gvatemala iqtisodiyot vazirligi AQSH import tariflari Markaziy Amerika Dominikan Respublikasi – Markaziy Amerika erkin savdo shartnomasi (DR-CAFTA)ni buzayotganini bildirib, diplomatik muloqotga chaqirdi.
DR-CAFTA Kosta-Rika, Dominika Respublikasi, El Salvador, Gvatemala, Gonduras, Nikaragua va AQSH oʻrtasida tashkil etilgan. Vashington savdo bitimi tarafi boʻlgan ushbu mamlakatlarga 10 foizlik boj joriy qildi. Nikaragua bundan mustasno boʻlib, ushbu davlatga koʻrsatkich 18 foiz belgilandi.
Gvatemala hukumati AQSH qarorining toʻliq oqibatlarini baholash uchun rasmiy ijro farmoni eʼlon qilinishini kutayotganini va uni amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganayotganini aytdi. 2024-yilda Gvatemalaning AQSHga eksporti 4,61 milliard, AQSHdan import esa 10,54 milliard dollarni tashkil etdi.
“AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan yangi tariflar katta ehtimol bilan boshqa iqtisodlarga zarar yetkazadi, biroq bu milliy manfaatlar globalistik munosabatlardan ustun turadigan proteksionizm davrining boshlanishidan dalolat beradi”, – deydi argentinalik tahlilchi Kristian Lamesa.
Uning qoʻshimcha qilishicha, ushbu tarif siyosati AQSH sanoati va mehnatini himoya qilishga qaratilgan, ammo u Qoʻshma Shtatlarning katta qarzi bilan bogʻliq boshqa maqsadlarni yashirishi mumkin.
Rossiyalik senator Aleksey Pushkov, Tramp Giperamerikani yaratishga harakat qilmoqda, biroq barbod boʻlishi mumkin, deb taxmin qildi.
Uning taʼkidlashicha, Oq uyning tariflar boʻyicha qarorlari, Eronni bombardimon qilish tahdidi, Kanada, Grenlandiya va Panama kanalini anneksiya qilish niyatlari, shuningdek, Ukrainaning deyarli barcha foydali qazilma konlari va atom elektr stansiyalarini qoʻlga kiritish istagi juda katta.
“U bir vaqtning oʻzida kurashishi kerak boʻlgan halqalar juda koʻp. Buni uddalay olmasingiz mumkin”, deydi siyosatchi.
Oʻz navbatida, Trampning soʻnggi bayonotidan soʻng, uning jamoatchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlanish darajasi rekord darajaga – 43 foizga tushib ketdi.
Respondentlar uning AQSH iqtisodiyotini boshqarish va yuqori inflyatsiyaga qarshi kurashdagi faoliyatini salbiy baholadi. Yaʼni Oq uy rahbarining harakatlarini ularning mos ravishda atigi 37 va 30 foizi maʼqullagan. 52 foizi esa Trampning boshqa mamlakatlar tovarlariga boj kiritish siyosatiga qarshi chiqqan.
Fazliddin ABILOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring