“Bu zarbalar tarixni oʻzgartiradi” — Tramp nima uchun urushga qoʻshildi va bu aralashuv nimaga olib keladi?
Foto: AP
22-iyun, yakshanbaga oʻtar kechasi AQSH prezidenti Donald Tramp Eron yadroviy inshootlarini bombardimon qilish boshlanganini maʼlum qildi. Shunday qilib, Isroil mudofaa kuchlarining “Uygʻongan sher” harbiy operatsiyasi boshlanganidan toʻqqiz kun oʻtib, AQSH rasman harbiy mojaroga aralashdi.
Oq uy rahbari xalqqa murojaat qilar ekan, Eronni “Yaqin Sharqning bezori” deb atadi va unga qarshi zarbalar yanada kuchayishi mumkinligini aytdi. Shu bilan birga, AQSH Kongressida Donald Trampning qarori qattiq tanqid qilindi: u “halokatli” deb ataldi va baʼzi doiralarda allaqachon impichment ehtimoli haqida gapira boshlashdi. AQSHning Eronga raketa zarbalari haqida nima maʼlum? Dunyo bunga qanday munosabatda boʻldi? Bu oxir-oqibat nimaga olib kelishi mumkin? Quyida shular xususida.
AQSHning Eronga zarbalari haqida nima maʼlum?
21-iyundan 22-iyunga oʻtar kechasi AQSH qurolli kuchlari Eron hududiga zarbalar berdi. Hujum nishonlari Eronning Fordo, Natanz va Isfahonda joylashgan uchta yadroviy obyekti boʻldi.
Operatsiyada yer ostidagi nishonlarni urish uchun moʻljallangan oʻq-dorilarni yetkazib bera oladigan “B-2A Spirit” strategik yashirin bombardimonchi samolyotlari ishtirok etdi.
OAV maʼlumotlariga koʻra, Fordodagi zavodga oltita bunkerga qarshi havo bombasi — “GBU-57” tashlangan. Natanz va Isfaxondagi komplekslarga suv osti kemalaridan uchirilgan 30 ta “Tomagavk” qanotli raketalari hujum qilgan.
Tramp Eronga berilgan zarbalarni qanday izohladi?
Operatsiya boshlanganidan keyin Donald Tramp xalqqa murojaat qildi. U Eronga qilingan hujumni “taʼsirli harbiy muvaffaqiyat” deb atadi va zarbalar ommaviy, ammo aniq boʻlganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, uranni boyitish boʻyicha asosiy inshootlar butunlay vayron qilingan.
“Dunyoda buni qila oladigan boshqa hech qanday harbiy yoʻq. Endi tinchlik vaqti!” — deya izohladi ushbu operatsiyani Donald Tramp.
Shu bilan birga, agar mojaro davom etsa, zarbalar yanada kengayishi mumkinligini istisno etmadi. Uning soʻzlariga koʻra, AQSH bir necha daqiqada qoʻshimcha nishonlarni yoʻq qilishga qodir, ulardan Eronda “koʻpi qolgan”.
U yana Eronni global terrorizmning bosh homiysi va “Yaqin Sharqning bezori” deb atadi va bu mamlakat tinchlik yoʻlini tanlamasa, fojiaga duch kelishini taʼkidladi.
“Bu endi davom eta olmaydi. Yo tinchlik keladi, yoki Eron oxirgi sakkiz kun ichida biz guvohi boʻlganidan ham jiddiyroq fojiaga duchor boʻladi”, — dedi Tramp.
Yakunida u amerikalik harbiylarga minnatdorchilik bildirdi va Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahuni “operatsiyadagi yangi muvaffaqiyatlar” bilan tabrikladi.
“Va men barchaga, xususan, Xudoga... rahmat aytmoqchiman. Xudo Yaqin Sharqni, Xudo Isroilni va AQSHni asrasin”, — dedi Oq uy rahbari.
Shu bilan birga, OAV xabarlariga koʻra, Tramp maʼmuriyati Erondan ehtimoliy javob zarbasiga tayyorgarlik koʻra boshlagan. “NBC” maʼlumotlariga koʻra, AQSHning Yaqin Sharqdagi bazalari va aktivlariga yaqin 48 soat ichida hujum qilinishi mumkin, ammo bu rejalar tez orada amalga oshishi haqida aniq belgilar yoʻq.
AQSHda Trampning qaroriga qanday munosabatda boʻlindi?
Muxolifatdagi Demokratik partiya Trampning qarorini “falokat” deb atadi. Bu haqda, xususan, kongressmen Aleksandriya Okasio-Kortez bayonot berib, operatsiya AQSH Kongressi roziligisiz boshlanganini taʼkidladi.
“U impulsiv ravishda bizni avlodlar uchun tuzoqqa tushirishi mumkin boʻlgan urush boshlash xavfini tugʻdirdi” — Aleksandriya Okasio-Kortez.
Uning soʻzlariga koʻra, prezidentning xatti-harakatlari AQSH Konstitutsiyasining buzilishi va shuning uchun impichment uchun asos boʻlishi mumkin.
Eron AQSH zarbalari haqida nima deyapti?
Eron AQSHning harakatlarini BMT Nizomi va Yadro qurolini tarqatmaslik toʻgʻrisidagi shartnomani qoʻpol ravishda buzish sifatida baholadi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi uzoq muddatli oqibatlar haqida ogohlantirdi va mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun har qanday javobga tayyor ekanini aytdi.
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi va uning oʻzini himoya qilishda qonuniy javob berishga imkon beruvchi qoidalariga muvofiq, Eron oʻz suvereniteti, manfaatlari va xalqini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni oʻzida saqlab qoladi” — dedi Abbos Araqchi.
Eron rasmiylariga koʻra, AQSH faqat tinch yadroviy inshootlarga hujum qilgan. Ularning maʼlumotlariga koʻra, radiatsiya oqishi qayd etilmagan boʻlsa-da, Tramp taʼkidlaganidek, ushbu obyektlarning vayron qilingani tasdiqlanmagan.
Eron, shuningdek, Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikni (AEXA) harakatsizlikda va AQSH bilan haqiqiy sheriklikda aybladi. Shu bilan birga, mamlakat rasmiylari yadro dasturini ishlab chiqishni toʻxtatib qoʻyish niyatida emasligini taʼkidladi.
AQSHning aralashuviga Isroil qanday munosabatda?
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eron yadroviy inshootlariga zarba berish qarori uchun Donald Trampga minnatdorchilik bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, Qoʻshma Shtatlar “dunyodagi hech bir davlat qilishga jurʼat etmagan” ishni qildi.
“AQSHning qoʻrqinchli va adolatli kuchi bilan Eronning yadroviy inshootlariga zarba berish haqidagi dadil qaroringiz tarixni oʻzgartiradi”, — degan Netanyahu.
Isroil rasmiylari hujumlar haqida oldindan xabardor qilinganini tasdiqladi. Anonimlik sharti bilan gapirgan yuqori martabali amaldorlardan biri AQSH operatsiyasini “Eron yadro dasturiga halokatli zarba” deb atadi.
“[Operatsiya maqsadi] yadro qurolini ishlab chiqarish uchun moʻljallangan barcha yadroviy inshootlarni toʻliq yoʻq qilishdir”, — degan anonimlik sharti bilan yuqori martabali Isroil rasmiysi.
CNN maʼlumotlariga koʻra, Netanyahu va Tramp operatsiya boshlanganidan soʻng darhol telefon orqali suhbatlashgan. Uning mazmuni oshkor etilmagan.
Javob hujumlari tahdidi fonida Isroil mudofaa kuchlari xavfsizlik choralarini kuchaytirdi: ommaviy yigʻilishlar taqiqlangan, aksariyat korxonalar ishi toʻxtatilgan.
Trampning “bu ishi”ni xalqaro hamjamiyat qanday izohladi?
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham keskin tanqid qilib, bundan keyin zoʻravonliklardan tiyilishni taʼkidlab, vazminlikka chaqirdi. “Harbiy yechim yoʻq. Oldinga yagona yoʻl — diplomatiya. Yagona umid — tinchlik”, — BMT Bosh kotibi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer AQSHning Eronga qarshi harakatlarini qoʻllab-quvvatlab, hujumlar Tehron yadroviy dasturidan kelib chiqadigan “tahdidni kamaytirishini” aytdi.
AQSH Kongressidagi respublikachilar Trampning qarorini asosan qoʻllab-quvvatladi, biroq Kentukki shtatidan senator Rend Pol va kongressmen Tomas Massi kabi bir qancha taniqli respublikachilar havo hujumlarini qoraladi.
Husiylar AQSHning Eron yadroviy inshootlariga zarba berishini qoralab, operatsiyani “xavfli avj olish hamda mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik va tinchlikka toʻgʻridan-toʻgʻri tahdid” deb atadi. Keyinchalik Yaman armiyasining rasmiy “X” ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasi mamlakat mojaroga kirishayotganini eʼlon qildi.
Iroq hukumati matbuot kotibi Bassem al-Avadiy Erondagi yadroviy inshootlarga qilingan hujumlarni qoraladi. Uning taʼkidlashicha, bu harbiy kuchayish Yaqin Sharqdagi xavfsizlik va tinchlikka jiddiy tahdid soladi va mintaqaviy barqarorlikni jiddiy xavf ostiga qoʻyadi.
Pokiston Senati Mudofaa qoʻmitasi raisi Mushahid Husayn Sayid ham AQSH harakatlarini qoralab, ularni “harbiy jinoyat” deb atadi. Uning fikricha, Eron BMT Nizomiga koʻra oʻzini himoya qilish huquqiga ega.
Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel AQSH harakatlarini qoralab, ularni Yaqin Sharqdagi mojaroning xavfli avj olishi deb atadi. Uning soʻzlariga koʻra, sodir boʻlayotgan voqealar BMT Nizomi va xalqaro huquqni qoʻpol ravishda buzadi, insoniyatni qaytarib boʻlmaydigan oqibatlarga olib keladigan inqiroz xavfiga duchor qiladi.
Chili prezidenti Gabriyel Borich ham hujumlarni qoralab, “Biz tinchlikni talab qilamiz va unga muhtojmiz” dedi.
Venesuela Tashqi ishlar vazirligi buni “Eronga qarshi harbiy tajovuz” deb atadi.
AQSH Kongressidagi demokratlar hujumlarni 1973-yildagi “Urush vakolatlari toʻgʻrisida»gi qonunga muvofiq noqonuniy deb atashadi. Ayrim hollarda ular prezidentga impichment eʼlon qilishni ham talab qilishgan.
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat boʻyicha kotibi Kaya Kallas barcha tomonlarni oʻz fikridan qaytishga, muzokaralar stoliga qaytishga va vaziyat yanada avj olishiga yoʻl qoʻymaslikka chaqirdi. Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari bugun, 23-iyun kuni vaziyatni muhokama qiladi.
Yaponiya Bosh vaziri Shigeru Ishiba uning mamlakati vaziyatni jiddiy xavotir bilan kuzatib borayotganini aytdi. U mojaroni tezroq yumshatishga chaqirdi.
Kolumbiya barcha tomonlarni “hozirgi inqirozdan chiqishning yagona masʼuliyatli va uzoq muddatli yoʻli” sifatida muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi.
Meksika Tashqi ishlar vazirligi esa “Mintaqa davlatlari oʻrtasida tinch-totuv yashashni tiklash eng muhim vazifa boʻlib qolmoqda” dedi.
Avstraliya hukumati Eronning yadroviy va raketa dasturlari xalqaro xavfsizlikka tahdid solayotganini aytdi.
Yangi Zelandiya tashqi ishlar vaziri Uinston Peters AQSHning harakatlaridan xavotir bildirdi, biroq hujumni qoralashdan tiyildi.
Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tajani hujumni yadroviy qurol ishlab chiqarishga katta zarar yetkazgani aytib, butun mintaqaga tahdid solgan hujumdan soʻng deeskalatsiya boshlanishi mumkinligiga va Eron muzokara stoliga oʻtirishiga umid bildirdi.
Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi “Yaqin Sharqdagi vaziyatning shiddat bilan keskinlashayotgani chuqur xavotir uygʻotayotganini, Oʻzbekiston doimo mintaqadagi barcha tomonlarni oʻzaro muzokaralar orqali tinchlik yoʻlida harakat qilishga chaqirib kelganini” taʼkidladi.
Saudiya Arabistoni hujumlarni qoralab, xalqaro hamjamiyatni diplomatik yechimga chaqirdi.
Qozogʻiston kelishmovchiliklarni BMT Nizomi doirasida muzokaralar yoʻli bilan hal etish tarafdori ekanini bildirdi.
Oʻmon hujumlarni noqonuniy tajovuz deb atadi va zudlik bilan vaziyatni yumshatishni talab qildi.
Rossiya ham AQSHning Erondagi bir qator yadroviy inshootlarga uyushtirgan hujumlarini keskin qoraladi.
“Suveren davlat hududini raketa va bomba zarbalariga duchor qilish toʻgʻrisidagi masʼuliyatsiz qaror, qanday dalillar keltirilishidan qatʼi nazar, ilgari bunday harakatlarni soʻzsiz, nomaqbul deb tasniflagan xalqaro huquq normalarini, BMT Nizomi va BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini qoʻpol ravishda buzadi. Ayniqsa, zarbalar BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzosi boʻlgan davlat tomonidan amalga oshirilgani xavotirli”, deyiladi ushbu mamlakat tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring